19:07 / 23.12.2018
7 612

Go‘r azobi… (1-qism) (mistika)

Go‘r azobi… (1-qism) (mistika)
Men Do‘ltayev Damin yorug‘ dunyoda bearmon yashadim. Yeganim oldimda, yemaganim ortimda bo‘ldi. Qop-qop pul topdim. Qo‘sha-qo‘sha saroylardek uylar qurdim. Men tanigan har bir odam qarshimda qulluq qilardi. Hech kim mening so‘zimni kesishga jur’at etolmasdi. Ammo odamning olasi ichida bo‘larkan. Gohi-gohida uyimdan hov ancha naridagi machit yonidan o‘tib qolsam, Saminboy degan mullavachcha meni to‘xtatib nuqul bo‘lar-bo‘lmas gaplar bilan boshimni qotirardi. Bir ko‘nglim bitta gap bilan qayirib tashlay derdim-u, qilib yurgan ishimni, qay yo‘l bilan pul topishimni bilishi shashtimdan qaytarardi. Chunki bu mullavachcha ustimdan yozib yuborishini bilardim…

— Odam o‘lgach, — derdi Saminboy. — Ruhi arshi a’loga parvoz qiladi. Oldin qabrdagi munkannakrlarga so‘roq-savol beradi. Xudoning qudrati bilan farishtalar o‘lgan odam jasadini qabrning ichidayoq tik ko‘tarib, ruhini vaqtincha vujudiga kiritishadi. Har bir qilgan gunohlariga so‘roq bermaguncha tinch qo‘yishmaydi…

— Vey, — dedim kunlarning birida. — Sen mullavachcha kimning qulog‘iga lag‘mon osyapsan o‘zi-a? Qanaqa ruh? Qanaqa munkannakr? Qanaqa so‘roq-savol? Vey, eshakmiya, odam o‘ldimi, tamom, o‘chdi, toshga aylandi degani. Ruh arshi a’loga chiqarmish… Nima, o‘sha ruhning qanoti bormidiki parvoz qilsa? Bo‘ladigan gapdan gapirgin, mullavachcha!

Saminboy bu tahdidli gaplarimdan so‘ng, shubhasiz, tilini tiydi-yu, imi-jimida jo‘nab qoldi…

Afsus, buzoqning yugurgani somonxonagachaykan. Kuni kecha ulfatlar bilan maishat qilib, normani oshirvoribman. Boshimga balo bo‘ldi. Avariyaga uchradim…

Men bekor Samin mullavachchani koyigan ekanman. Gaplari haqiqatga yo‘g‘rilganini mana, o‘lganimga ikki kun bo‘lgach, tan olib turibman. To‘g‘ri, qabrda so‘roq-savol berganimcha yo‘q. Balki umuman bermasman ham. Biroq qiynoqlar… Ha, ruhiy qiynoqlar meni adoyi tamom qilmoqda. Ana, saroylardek qilib qurgan uyim qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilishga liq to‘lgan. Tez-tez hovlining oppoq parda ilingan chetidan ayollarning uvvos solib yig‘layotganlarini eshitib qolyapman. Ular orasida qizim Marjona, xotinim Saltanatlarning yig‘isi juda yuragimni ezib tashlayapti. Ba’zida ularga berida turib Mannopboy degan yolg‘iz o‘g‘lim ham jo‘r bo‘lib qo‘yyapti…

Yo‘q, chiday olmayman. G‘alchaga o‘xshab yig‘lashlari asabimni buzyapti. Darvoza ortidan ularning yig‘isini eshitgandan ko‘ra, ichkariga kiraman…

Qiziq, bunisi g‘alati bo‘ldi-ku! Darvoza yopiq edi. Ammo men ochmasdan uni go‘yo yorib o‘tib ketdim. Nahotki, murdalar shunday qudratga ega bo‘lsa?..

Ichkariga qadam qo‘ydim-u, shoshilmasdan har bir tanish, qavm-qarindosh, xotinim, o‘g‘lim, qizimning qarshisiga yaqin borib yuzlaridan silashga tutindim. Yo alhazar! Hech kimning yuzini silay olmadim. Qo‘lim havoda muallaq qolaverdi. Battar xunobim ortib xotinimni quchishga ahd qildim. Qucha olmadim, birodar, qucholmadim uni!..

G‘azabdan bazo‘r o‘zimni tiyib ovozim boricha hayqirdim.

— Hoy, g‘alchalar! Men shu yerdama-an! Xoti-in, nega qoqqan qoziqday turvolib yig‘lashdan bo‘shamaysan? Mana, men qarshingdaman! Kirmaysanmi bag‘rimga?..

Ne qilayki, hech kim hayqirig‘imga javob qilmasdi. Hatto, qilt etib qo‘ymasdi…

Shu mahal og‘ilxonadan boqib qo‘ygan ho‘kizimni ikki tansoqchim yetaklab chiqayotganiga ko‘zim tushdi. Tutab ketdim, ishonasizmi!?. Axir, bu ho‘kizni ne niyatda manaman degan fermerlarni yollab boqtirganman! Nega tegishadi unga?

Jonholatda borib ho‘kizga yopishdim. Xoh ishoning, xoh ishonmang, qo‘lim tegishi bilan ho‘kizim pishqirib tansoqchilarning qo‘lidan chiqish uchun harakat qila boshladi. Siltanardi, lekin kuchi yetmasdi. Tansoqchilarim ikki arqonni mahkam ushlab olishgandi…

Bunisi ham g‘azabimni battar junbushga keltirdi. Axir… Xotinim qayoqqa qarayapti? Nega ularga ho‘kizni berib qo‘ydi?..

Afsuski, qo‘limdan hech vaqo kelmadi. Qolaversa, allakimlarning gapi qulog‘imga chalinib picha shashtimdan tushgandek bo‘ldim. Xudoyiga shu ho‘kizni so‘yishmoqchi ekan.

Alamim keldi-yu, xuddi o‘zboshimcha xotinim, yig‘ilganlarning barchasiga, tansoqchilarga zarda qilgan kabi tomorqamga o‘tib ketdim. U yerda sevimli ovcharkam «Reks»ning uychasi zohir edi. Ovcharkam uychasi yonida yotgancha pinakka ketgan ekan. Men yaqin bormasdan daf’atan boshini ko‘tardi-yu, o‘rnidan turdi va vovillay boshladi.

Men unga yaqin borib boshini silamoqchi bo‘ldim. Baxtga qarshi tirikligimda nuqul oyog‘imga suykalib erkalanadigan it o‘zini nari oldi-yu, qattiqroq vovillay boshladi…

Bu manzara ham qalbimni tilkalab tashlagandi go‘yo. Qarang, yaqinlarim meni ko‘rishmasa, yo ko‘rib ko‘rmaganga olishsa. It ko‘rdi-ku! Nima o‘zi bu? Qaysi aybim uchun «Reks» meni yomon ko‘rib qoldiykin? Hech qachon uni ranjitmagandim-ku!..

Xullas, savollar ko‘p, ammo birontasiga javob yo‘q edi.

Mahzun tortib osmonga boqdim.

Qosh qoraya boshlabdi.

Ha, menga, allaqachon toshga aylanib ulgurgan bandaga o‘z uyimda ham joy qolmabdi. Endi jasadimning yoniga boraman. Unga hasratlarimni to‘kib solaman.

Agar rozi bo‘lsa, yarim tunda qabristonni birgalikda sayr qilamiz.

Shu bahonada ko‘ngilni tinchlantiramiz.

Taqdirga tan beramiz!..
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Go‘r azobi… (1-qism) (mistika)