12:10 / 01.01.2019
5 901

Qiyomatga qolgan qarz... (Voqea real hayotdan olingan)

Qiyomatga qolgan qarz... (Voqea real hayotdan olingan)
Mozorqishloq chetidagi qabristonda sukunat hukm surardi. Atrofda zog‘ uchmas, faqat do‘mpaygan qabrlardan biriga ters burilgancha ellikdan oshgan, sochlari paxtadek oqarib, yoshlikda ko‘p ichkilik ichganidanmi, ikki ko‘zi ichiga tortgan, ko‘zlari ostidagi yong‘oqchalari yanada kattalashgan Rahmon o‘tirardi. Qabr atrofi-yu ustini begona o‘t bosgan, yillab tozalanmagani sababli tevaragi turli axlatga to‘lgan…

Bu qabrga Rahmonning ota-onasi qo‘yilgan. Ularning biri yuz, boshqasi sakson yil yashagan. Afsuslar bo‘lsinki, ro‘shnolik ko‘rishmadi. Yolg‘iz o‘g‘il deb Rahmonni bolaligidanoq tataytirib yuborishgan ekan. Ulg‘aygach, qari chol-kampirni go‘yo do‘zax o‘tida kuydirdi. Ichib kelaverdi. To‘polon ko‘taraverdi. Og‘zidan bodi kirib, shodi chiqaverdi. Hatto qariligi ko‘ziga ko‘rinmay, ichkilik tufayli ikki ko‘zini parda bosib ularni bir-ikki marta kaltakladi ham. Ota-ona ekan-da, dardlarini ichga yutishdi. Xudodan insof so‘rashdi. Lekin birovga churq etishmadi.

Maston momo, Mo‘ydin otalar ana shu taxlit armonda o‘lib ketishdi…
* * *
— Nima qilay? — deya ikki yuzini changallagancha yer chizib unsiz oh chekardi Rahmon. — Sizlarning qarshingizda yuzim shuvut, qaro! Ota, ena, yuzim qaroligidan qabringiz tarafga tik qaray olmayapman. Bilmayman, qandaydir kuch meni ters o‘girilishga majbur qilyapti. Qancha urinmay, foydasi bo‘lmayapti. O‘shanda… Sizlarning bergan tuzingizga tupurdim. Halol ishlab topgan pullaringizni o‘g‘irlab harom-harishga sarfladim. Yig‘ladingiz, oh urdingiz, parvoimga keltirmadim. Poyingizga o‘zimni tashlab uzr so‘rash, tavba qilish o‘rniga ikkalangizni ikki yoqqa itqitib tashladim. Shundayam miq etmadingiz. Ustimdan birovga arz qilmadingiz. Biroq dilingiz qattiq og‘rigan ekan. Sizlardan keyin odam bo‘la olmadim. Kosam oqarmadi. Topganim o‘zimga yuqmadi…

Tirik ekaningizda uyimizdagi o‘n kiloli kostryulkalar sariyog‘ga to‘la turardi. Qishning qahratonli kunlarida qo‘limga faqat qaynoq, bo‘rsildoq non tutqazardingiz. Sovigan chiqsa, pechkaning ustida isitib berardingiz. Ishonasizlarmi, siz boringizda mol-qo‘yga to‘la turgan og‘ilxona haliyam turibdi. Ammo huvillab qolgan. Erkak bo‘lib bitta tuyoq qila olmadim, otajon, enajon!..

Men sob bo‘lganman! Men rasvo bo‘lganman!..

Shunday iztiroblar iskanjasida o‘tirib Rahmonning ko‘z o‘ngida o‘sha mash’um kun qayta gavdalandi. O‘sha kunni o‘ziga qolsa zinhor eslamasdi. U kundan nafratlanardi. U kunni ko‘rishga ko‘zi qolmagandi. Lekin hozir qandaydir begona, noma’lum kuch o‘sha kunni eslashga majbur etardi. Shuning uchun Rahmon azbaroyi qo‘rqqanidan, battar yuzi qarolana boshlaganidanmi, ko‘zlarini chirt yumib oldi…
* * *
O‘shanda Rahmon o‘ninchini tugatish arafasida edi. Maktabdoshlarining qo‘lida har safar o‘ntalik qog‘oz pullarni ko‘rganda, ichidan zil ketardi. O‘sha o‘ntalik qog‘oz puli borlar kazo-kazolarning arzandasi ekanini bilardi, ammo tan olmasdi.

«Mening shulardan qayerim kam? — o‘ylardi har gal alami kelib. — Otam ham, enam ham qo‘limga bir so‘mdan ortiq pul tutqazmaydi. Soliyam, To‘ychiyam, anavi tuturuqsiz Fayzullayam kissasida beshtalik, o‘ntalik pullarni olib yuradi. Nega menikilar ko‘p pul bermaydi menga? Nima yomonlik qildim ularga? Qachongacha o‘rtoqlarimning oldida izza qilishadi?..»

Ana shunday kunlarning birida shayton yo‘ldan urdi.

Mo‘ydin ota ilmli kishi edi. Yozu qish mana shu qabristondagi maqbaralar yonida o‘tirib ziyoratga kelguvchilarning o‘tib ketgan yaqinlari haqiga tilovat, duo qilardi. Odamlar ko‘ngillaridan chiqarib Mo‘ydin otaning qo‘liga ataganlarini tutqazib ketishardi.

«Otam shuncha pulni qayerga berkitadi o‘zi? — bir kuni o‘ylanib o‘tirib ko‘ngliga kelgan shu savoldan sergak tortdi Rahmon. — Har kuni katmonini to‘ldirib pul olib keladi-ku! Qani o‘sha pullar?..»

Shu xayol Rahmonni oyoqqa turg‘azdi. Uyda hech kim yo‘q edi. Mo‘ydin ota odatdagidek qabristonga ketgandi. Maston momoni qaysidir qo‘shni mavlutga chaqirgandi. Rahmon bir qarorga kelgandek chol-kampir yotadigan xonaga kirib bordi va duch kelgan yerni timirskilab pul qidira boshladi. Ko‘rpalar qati, choynak, kosalar ichi ham qolmadi. Sholcha ostilarigacha titkilab chiqdi. Puldan darak bo‘la qolmadi. Navbat qutiga yetdi. Quti qulflangan edi. Rahmon ko‘nglining allaqayerida umid uchqunlagan kabi shosha-pisha hovlidan mix topib keldi va bir amallab qulfni ochdi…

Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, quti ichi qog‘oz pul va tangaga liq to‘la edi.

Umri bino bo‘lib buncha pulni ko‘rmagan Rahmon bir muddat tosh qotib qoldi. Nima qilishni, qanday yo‘l tutishni bilmay anqovlandi.

— Yo‘q, bularning barini olmayman, — dedi nihoyat ovoz chiqarib. — Bir siqimini ola turaman. Bilvoldim-ku qayerdaligini! Har kuni bir siqimdanini olib tursam, sezishmaydi… Eh, ota, ena, shunchalar past ketishingizni bilmas ekanman. Qarang, bir quti pulingiz bo‘la turib menga har kuni atigi bir so‘mgina pul tutqazarkansiz-a! Yo‘q, endi bunday bo‘lmaydi. Mendan yashirib yurgan pullaringiz qayerda turishini bilvoldim. Endi men ham boyib ketaman. Boy o‘rtoqlarimga o‘xshab oshxona o‘rniga kafeda kabob yeyman har kuni. Mendan pul yashirdingizmi, endi o‘zingizdan ko‘ring, boboy, momoy!..
* * *
O‘sha kundan e’tiboran Rahmonning qadam bosishi o‘zgardi. Bosar-tutarini bilmas bo‘ldi. Ammo juda sergak edi. Har safar qutidan pul o‘g‘irlagach, qulfni ilgarigidek berkitar, shubhasiz, chol-kampir hammasidan bexabar edi.

Baxtga qarshi oradan ikki hafta o‘tgach, baribir payqab qolishdi. Qutidagi pullar sezilarli darajada kamayib ketgandi. Chol-kampir darrov undan gumonsirashdi. Mo‘ydin ota azbaroyi dili og‘riganidan o‘sha kuni bir necha soat o‘ziga kela olmay azoblandi. Xayolning turli ko‘chalariga kirib chiqdi. Achindi. Afsuslar chekdi. Biroq ko‘nglidagini tiliga ko‘chirmadi. Rahmonni asta qoshiga chorlab yotig‘i bilan so‘radi:

— Bolam, — dedi Mo‘ydin ota. — Bilasan, yosh bola emassan. Enang ikkovimiz seni xudodan tilab-tilab olganmiz. Seni pa-palab o‘stirdik, o‘zimiz yemay yedirdik, ichmay ichirdik. Hech kimdan kam qilmadik. Seni o‘zimizdan ham aziz qildik. Sen bo‘lsang… Uyga opkelish o‘rniga uydagi pullarni ko‘chaga tashiy boshlabsan. Biz seni o‘g‘irlikka o‘rgatmagandik-ku! Harom luqma yedirmagandik-ku! Kimdan ola qolding bunaqa ta’limni?..

Otaning bu gaplari o‘shanda Rahmonning sochini tik turg‘azgan, alamiga alam qo‘shgandi.

— O‘g‘irlaganim yo‘q, o‘zimning haqimni oldim, — deya baqirdi u Mo‘ydin otaga pishqirib. — Shuncha pulingiz bor-u, nega menga bir so‘mdan ortiq pul bermaysiz? Qizg‘onasizmi? Nega? Yo go‘ringizga opketmoqchimisiz shuncha pulni?..

Mana shu gapi chol-kampirning ko‘ngliga og‘ir botgandi. Ular baravar Rahmonning ko‘zlariga javdirab boqishdi va norozi bosh chayqagancha qaytadan so‘riga cho‘kib bosh egishdi.

Rahmon esa mushtlarini tuggancha titrar, yana bir og‘iz qarshi so‘z aytsa, chol-kampirni urib tashlagudek chamasi bor edi. Xayriyat, Mo‘ydin ota ham, Maston momo ham tillarini tiyishdi. Xudoning o‘zi asradi shekilli. Ammo oradan yillar o‘tib, Rahmonning zug‘umlari chegara bilmay, ming azobda topilgan pullar g‘oyib bo‘lavergach, ichkilik tufayli ularning sha’ni haqoratga to‘lgach, pushti kamaridan dunyoga kelgan yolg‘iz farzandining mushtlaridan mo‘rt tanalari simillab og‘rigach, ko‘zlari alam yoshiga to‘lgach, Mo‘ydin ota bir gapni aytdi.

— Iloyim, uzoq yashagin, — degandi o‘shanda Mo‘ydin ota qon qaqshab. — Pul topgin, ammo qo‘ling tutmasin! Serfarzand bo‘lgin, biroq etagingda bola turmasin!..

Bularni qariya qarg‘ish deb emas, shunchaki noshudlikka javob, po‘pisa deb bilsa-da, xudo qarg‘ishga yo‘yibdi. Rahmonning qo‘lida pul turmas bo‘ldi. Etagida bola turmadi. Farzandlari yoshiga yetmay o‘laverdi.

Shundan keyingina ko‘zi ochilganini his etdi. Peshonasiga bir mushtladi-yu, nadomatlar dengiziga sho‘ng‘idi. Xuddi o‘sha nadomatlar bugun yana noshud o‘g‘ilni qabristonga yetaklab kelgandi…

Baribir ko‘nglining chigali yozilmadi. Bu gal ham qabr tarafga tik boqa olmadi. Yuzi qaroligi nigohlariga soya solib qo‘yaverdi…

Rahmon shu ko‘yi uzoq vaqt ho‘ng-ho‘ng yig‘lab ota-onasi ruhidan uzr so‘radi. Ko‘kka boqib Yaratgan egamga yolvordi, tavbalar qildi…

Yengil tortmadi.
Na iloj?
Qarz qiyomatga qolgan shekilli…

Endi Rahmon to qiyomatga qadar azobda umr ko‘rishga mahkum bo‘lgan chog‘i…

U qosh qoraya boshlagandagina asta o‘rnidan turdi-da, go‘yo ilkis orqa o‘girib ketsa, ota-onasining ruhi battar ranjiydigandek boshini quyi solgancha orqaga tisarila-tisarila qabristondan chiqdi…

Katta yo‘lga chiqib, uyi tomon ketib borayotgan mahal ota-onasining qabri ustida haligina ko‘m-ko‘k libosda qad rostlab turgan begona o‘tlar birdan sarg‘ayib, qovjiray boshlagandi.

Bu bekorga emasdi…

Umrini yolg‘iz o‘g‘ilning alamiga ko‘milib, zor qaqshab, ming azobda o‘tkazgan ota-onaning unsiz faryodi xudoning qudrati bilan qovjiragan o‘t-o‘lanlarga singgandi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qiyomatga qolgan qarz... (Voqea real hayotdan olingan)