Dardi boshqa…
Daraxtning bo‘yi yiqilganda ko‘rinadi, deganlari rost ekan. O‘zining ayol ekanini eslatish uchun tanasini ochib, go‘zalligini bozorga solib yurishga majbur bo‘layotgan chet ellik baxtiqaro xonimlarning go‘yoki “erkinlik”, “zamonaviylik” bo‘lib ko‘ringan sharmandaliklariga taqlid qila-qila sharqona axloqning ildizlariga bolta urib bo‘lgan ekanmiz. Ajdodlarimiz yuzlab yillar davomida avaylab kelgan bu “daraxt” qulaganday bo‘ldi-yu, bizning qanday ne’matdan ayrilib qolganimiz bor bo‘yi bilan ko‘rindi…
Erining falokatga uchrab, ikki oygina kasalxonaga tushib qolishi tufayli “qiynalib” qolib, “yaxshi yashashning “yo‘llarini” o‘ylab topgan” xotinning qorni to‘ymay qolganidan shu rasvogarchilikni qilganiga ishonmayman. U ikki oyning ichidagina “buzuq” bo‘lib qolgan emas. Buzuq xayollar bu xotinni oldinroq mahv etgan bo‘lishi kerak: ehtimol, u erining topish-tutishidan qoniqmay, “boyvachcha” erkaklarga zimdan havaslanib yurgandir, ehtimol, erining bag‘rida yoshligidagi “sevgilisi”ning xayoli bilan yashagandir…
Har nima bo‘lganda ham, erini qadrlamay, o‘zgalarga ishtiyoqmand bo‘lib yoki betayin orzu-armonlar, afsonaviy xayolotlar bilan ongini bulg‘ab kun kechirgani aniq. Erining falokati tufayli kelib chiqqan qiyinchiliklar esa uning uchun ayni muddao bo‘lganday…Lekin dunyoning hisob-kitobi naqadar to‘g‘ri ekanini hisobga olsak, albatta, ayoli zinoga jazm qilgan erkaklarda ham kattagina ayb borligini anglaymiz. Zinokor ayol beor, betayin erkaklarga jazo tariqasida yuborilganday tuyuladi. Ammo baribir, zinodan qo‘rqmaydigan, haromdan hazar qilmaydigan ayolni hech qanday sharoit-u sabablar bilan oqlamoq mumkin emas. Bundaylarni oqlashning o‘zi nodonlik. Negaki, har qanday (ayniqsa, shahvoniy) nafsni tiysa bo‘ladi. Odam bolasi ochlikdan, suvsizlikdan o‘lib qolishi mumkindir, lekin hirsini qondirmagani uchun o‘lib qolgan odamni dunyo hali ko‘rmagan.
Dunyoda o‘zini tiyolmagan, AYoLlik g‘ururini nomahram erkakning oyog‘i ostiga tashlagan, o‘zini bulg‘agan erli ayoldan ham ko‘ra sharmandaliroq, xorroq, ayanchliroq kimsa yo‘qdir. Ayol xiyonati haqida eshitganimda, o‘ylayveraman: urush davri ayollarining zuvalasi boshqa yerdan olinganmidikan… Qora xatni ko‘ksiga bosib, erining tirik ekanidan umid uzmay, uning eshikdan kirib kelishini o‘ttiz, hatto qirq yillab kutgan, erining arvohiga hurmat saqlab, boshqa turmush qurmay o‘tgan ayollarda nafs yo‘qmidi! To‘yining ertasiga kuyovini urushga kuzatgan kelinchaklarda, hali o‘ttizga ham kirmay beva qolgan juvonlarda nafs yo‘qmidi! Bolalari ochlikdan chirqirayotgan xotinlar ham non tilab begona erkaklarning eshigiga bormagan edi-ku. Ularning qo‘llari qadoq, ko‘ylaklari yamoq, lekin ko‘ngillari toza, o‘y-xayollari tiniq, niyatlari yaxshi edi. Ayollik qaysidir bir erkakning nafsini qondirib yurish emasligini yaxshi anglardilar ular. Buzuqlik naslni bulg‘ashini, qonni aynitishini bilardilar. Asosiysi, Xudodan qo‘rqardilar!
Rahmatli buvimning tug‘ishgan opalari bo‘lardi. U kishini “katta buvi” derdik. Eri urushda vafot etib, yigirma besh yoshida uch bola bilan beva qolgan. “Tishida tishlab boqqan” uch bolasining biri ochlikdan, biri kasallikdan, biri otasiga ichikib vafot etgan. Shu-shu boshqa ro‘zg‘or qurmagan. Uzoq yillar yolg‘iz yashaganiga qaramay, nomi yomonga chiqmagan. U kishini qishloqning katta-yu kichigi “aya” deb chaqirar, birdek hurmat qilardi. Katta buvimning mung‘ayib, xayolga botib o‘tirganlarini ko‘p ko‘rganman. Bir kuni u kishini juda g‘alati alfozda uchratdim. Katta buvim uy ichidagi o‘choqning chetiga ko‘ksilarini berib, mo‘rikonga qaragancha: “Karoma-at, Saloma-at…” deya rahmatli farzandlarining otini aytib chaqirar, ingrab yig‘lardilar… O‘shanda buvimning ahvoli meni larzaga solgan, ovozidagi mung yuragimni teshib yuborganday bo‘lgan, bola qalbim bilan u kishining qanchalik katta dardni, ketmas azobni ko‘tarib, birovga hasrat qilmay, unsiz yurganlarini anglagan, qo‘shilishib yum-yum yig‘lagan edim…
Ana o‘sha ayollarga taskin, suyanch, yupanch kerakmasmidi?! Kerak edi. Juda ham kerak edi. Lekin ular o‘zlarining halovati uchun erining arvohini chirqiratadigan darajada pastkash, nafs ko‘yida oxiratini kuydiradigan darajada nodon emas edilar. Hozirgi zamonda ahvoli o‘sha ayollarning ahvolidan ko‘ra nochorroq, yomonroq ayol bormi? Oramizda kiyimiga yamoq tushgan, qorni nonga to‘ymayotgan, bolalari ochlikdan o‘layotgan ayol bormi? Yo‘q! Demak, eri bo‘laturib “buzilib” ketayotgan, yaxshi topib-tutmayotgani bahona erining “ko‘ziga tuproq sochayotgan” xotinlarning dardi boshqa.
Dunyo kechikib bilgan haqiqat
Har qanday jamiyatda ayolning bo‘ynidagi mas’uliyat erkaklarnikidan kattaroq. Chunki ayol farzand tug‘adi, uni tarbiyalaydi, ya’ni kelajak avlodning tamal toshini qo‘yadi. “Jannat onalar oyog‘i ostidadir”, deyilgan. Lekin afsuski, bu ulug‘likka bola tug‘gan hamma ayol ham munosib bo‘lolmaydi. Agar ayolning o‘zi tarbiyasiz, yengil-yelpi hayotga ishtiyoqmand, nodon bo‘lsa, bolalariga qanday tarbiya beradi? U keltirgan oqibat ayanchli oqibatdir, ya’ni bir erkakning naslini buzadi, bir avlodning qonini bulg‘aydi. Ayni shu haqiqatni yaqinginada yapon olimlari ilmiy isbotlab berdilar. Yaponiyada ko‘p sonli ko‘ngilli ishtirokchilar ustida olib borilgan uzoq yillik ilmiy tekshirish yakunida juda ko‘pchilikni lol qilgan xulosalar jahon ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilindi.
Bu haqda Britaniyaning The Daily Mail gazetasi shunday yozadi: “…Tekshirishlar yakunida ma’lum bo‘lishicha, bir ayol nechta farzand ko‘rsa, (bittami, o‘ntami) ularning har biriga shu ayolning (onaning) tabiatidan, fe’l-atvoridan o‘n yetti foiz turli o‘xshashliklar, xususiyatlar o‘tadi. Otadan esa bolaga o‘n foiz xususiyat, fe’l-atvordagi o‘xshashliklar o‘tishi mumkin, xolos. Lekin shunda ham bu o‘xshashlik bolalarning hammasiga birdek o‘tmaydi, ya’ni uch-to‘rt farzanddan bittasigagina o‘tishi mumkin. Hatto o‘z otasining fe’l-atvoridan bir foiz ham “ulush” olmagan farzandlar uchrar ekan…” Ko‘rinadiki, oilada onaning kim ekanligi bolalarning qanday odam bo‘lib shakllanishini belgilaydi. Dunyo endi bilgan bu haqiqatni bizning donishmand xalqimiz bir necha yuz yillar oldinroq anglagan va o‘z xulosasini chiqarib qo‘ygan edi: “Otasi yomon – bittasi yomon, onasi yomon – hammasi yomon!”
Uquvsizlar “falsafasi”
Dunyodagi eng xunuk holat – ayolning dilozorligi. Dunyodagi eng xunuk ayol – eriga baqirayotgan ayol. Dunyodagi eng sharmanda kimsa – o‘zini bozorga solayotgan xotin. Dunyodagi eng ahmoq kimsa – eri bilan oiladagi boshqaruvni talashayotgan xotin. Dunyodagi eng adashgan kimsa – o‘zini tarbiyalamay turib, axloqini isloh qilmay turib bola ko‘paytiradigan, bola tug‘ib qo‘yishnigina onalik deb tushunadigan xotin. Dunyodagi eng bechora kimsa esa – xotindan yolchimay o‘tgan er…
Xalqimizda “Yaxshi ot keyin chopadi”, degan naql bor. Nega yaxshi ot keyin chopadi? Chunki u o‘zidan oldin yugurayotgan otlarni kuzatadi: qayerda toyilyapti, qayerni aylanib o‘tish kerak, qayerda yiqilish xavfi bor… Shunga qarab, tadorigini ko‘rib chopadi. E’tibor bersangiz, ayollarimizning ko‘pchiligi G‘arb ayollariga oshkora havaslanadi. Ulardan o‘rganishimiz kerak bo‘lgan jihatlar ham bordir, balki. Behad qulayliklar ichida yashayotgani bilan ayrimlarimizning havasimizni keltirayotgan g‘arblik ayollar (o‘xshatish joiz bo‘lsa) – bizdan oldin chopayotgan “uyur”. Biz ularning xatosini, qayerda toyilib, qayerda yiqilib qolayotganini ko‘rib turibmiz, lekin juda ko‘pchiligimiz bundan xulosa chiqarmay, oldindagi “ot”larning belini sindirayotgan “chuqur”larga qarab chopishdan cho‘chimayapmiz.
Masalan, o‘tgan asrning boshlarida Amerika va G‘arb ayollari o‘rtasida feministik mafkura shakllangan va bu oqim hozirga qadar o‘sha davlatlarning ayollari o‘rtasida o‘z kuchiga ega. Ya’ni ular barcha jabhalarda, ayniqsa, oilada erkaklar bilan tenglashishga intilib, bu yo‘lda ular bilan tinmay bellashdilar. Erkaklarga itoat qilmaslik uchun ularga qarshi kurashishgacha borib yetdilar. Afsuski, ayni shu holat har xil tarzda bizning ayollar o‘rtasida ham kuzatilmoqda. Anglamayapmizki, erkaklardan o‘taman degan o‘sha shaddod G‘arb ayollari o‘z qilg‘iliklari tufayli bugun beqadr. Ularning erkaklari nikoh mas’uliyatidan qochadigan bo‘lib qolgan. Endi u xonimlarning bor-yo‘q tashvishi erkaklarini “Nikoh uyi”ga yetaklash uchun ming bir hiylalar o‘ylab topishdan iborat bo‘lib bormoqda. Negaki, inson bolasining hammasiga oila kerak.
G‘arb ayollarining erkaklarga itoat qilmaslik uchun kurashishlari borib turgan ahmoqlikdan o‘zga narsa emas edi. Chunki dunyodagi hech bir erkak qo‘lida tayoq bilan xotiniga zug‘um o‘tkazib, uni isyonga sabab bo‘lar darajada azoblab yoki kishanga solib bo‘ysundirishga harakat qilmayotgandi. G‘arblik feminist ayollarning bor fojiasi – ularning asl AYoL bo‘lishni uddalay olmaganliklarida, ro‘zg‘orbop bo‘lishni eplay olmaganliklarida, oilaviy masalalarda uquvsiz ekanliklarida, o‘yin-kulgiga o‘chliklaridadir.
Bizning ba’zilarimiz o‘shalarga taqlidan erkaklarga nisbatan zulmkor, murosasiz bo‘lishni o‘rgandik. Bilmayapmizki, erkaklarga bema’ni talabchanlik, yarashiqsiz qaysarlik qilish bilan dunyodagi hech qaysi ayol baraka topmaydi, istaganiga erishmaydi.
Tarixda dunyoni boshqargan hukmdorlarning asosiy maslahatchilari ham ularning oqila ayollari edi. Bu mastura ayollar o‘z sultonlariga shaddodlik qilish, manaman deyish bilan emas, mutelik, itoatgo‘ylik bilan, halimlik bilan, huzurida quldek muntazir turish bilan egalik qilganlar. Ana shuning nomini ayollik “san’ati” deydilar. Bu san’atni bilmaydiganlarga AYoLman deyishga yo‘l bo‘lsin!
O‘zini suydira olish “ilmi”
Bir dugonamning yetmishga kirgan buvisi bo‘lardi. Uning cholini bir ko‘rsangiz edi: qo‘pol, to‘g‘ri gapni ham urishayotganday qilib aytadi. Kampir esa halimgina, hamisha kulib turadi. Shu chol-kampir ellik yildan ortiq birga yashashgan. Dugonam aytardi:— Buvam bilan shuncha yil qanday murosa qilgansiz-a, buvi, desak, buvim: “Ayol kishi fe’li yomon erkakni tadbir bilan tuzatishi, uni risolaga solishi kerak. Buvang menga suyanib qolgan, uning mashmashalari – menga erkalik qilgani-da”, deydilar…
Shu onaxon vafot etdi. Chol chindan ham kampiriga erkalik qilib kun ko‘rib yurgan ekan, unga chindan ham suyanib qolgan ekan. Onaxonning vafotidan keyin uzoq yashamadi. Dugonamning aytishicha, buvasi kampirini ko‘mib kelgach, odamovi bo‘lib qolgan, hech kim bilan gaplashmay, bir nuqtaga tikilib o‘tiradigan odat chiqargan ekan. Onaxonning ma’rakasi o‘tgan kunning ertasiga cholni uning qabri yonidan o‘lik holda topishgan…
To‘g‘ri, u birga yashagan davrlarida xotiniga hind kinolari yoki turk seriallaridagi oshiq kabi mulozamat, e’tibor ko‘rsatmagandir, xotinini ortiqcha erkalatmagandir. Lekin ayolini yurakdan, unsizgina, astoydil suygani aniq. To‘g‘rirog‘i, tabiatan juda qo‘pol erga ham xotin (muloyim fe’li tufayli) o‘zini suydira olgan. “Erkagi ko‘ziga cho‘chqaday ko‘rinishini qo‘shni ayolga ensasi qotib so‘zlayotgan ayol”da esa ayni shu xislat yo‘q. Negaki, AYoLlik “ilmi”ning o‘zagi ham shu – o‘zini suydira olish!
Faqat kaltabin ayolgina “Erim meni, albatta, suyishi kerak, men unga bola tug‘ib berdim, uyiga bekalik qilyapman, shu tufayli ham u meni suyishga majbur”, deb o‘ylaydi. Oilaga, ro‘zg‘or tutishga tayyor bo‘lmagan qiz esa turmushga chiqqach, “Mana endi mening “zakonniy” erim bo‘ldi”, deya xotirjam tortib, nazokatning o‘rniga talabni oshiradi. O‘zining xotin ekanini shirin muomala, shirin izhorlar bilan emas, noo‘rin talab va tergashlar, kesatiqlar bilan “eslata boshlaydi”: “Menam xotinman, unga haqqim bor, bunga haqqim bor, unday qilishingiz kerak, bunday qilishingiz kerak – vazifangiz!” Hayotda erkakni uydan bezdirishning bundan oson yo‘li bo‘lmasa kerak…
“Sohibjamol va maxluq” multfilmini ko‘rgansiz. Shu multfilm bolalar uchun emas, balki kattalarga saboq bo‘lsin uchun ishlangandek tuyuladi menga. Multfilm qahramoni oyim qiz shirin muomala, oqilalik bilan alamzada, qo‘pol maxluqni odam qiladi, uning barcha kamchiliklaridan ko‘z yumadi, har qancha beso‘naqay va xunuk, murosasiz ekaniga qaramay, unga nazokat bilan, mehr bilan yondashib, hayotga qaytaradi.
Nazarimda, hamisha eridan nolib yuradigan ayol erini emas, o‘zini sharmanda qilayotgandek. AYoL bo‘lmoqni eplolmayotganini ko‘rsatib qo‘yayotgandek. “Qornini to‘q, ustini but qilib qo‘ygan” erkakning ko‘nglini ololmagani, o‘ziga mehribon qilolmagani ayolning noshudligidan darak emasmi?
“Hayotingda shunday yashaki, sen ketgach, hech kim sening o‘rningni to‘ldirolmasin!” degan edi faylasuflardan biri. Ayol kishi erining shunday jufti bo‘lib yashamog‘i kerakki, erkakka usiz dunyo qorong‘i bo‘lsin, erkak uyiga kelganda yayrasin, erkakning bor parvonaligi shu ayoli, oilasi uchun bo‘lsin. Agar buning aksi bo‘lsa, xotini vafot etib, boshqasiga uylangan erkaklar “yangi xotin”ining mehridan iyib, “Mana endi xotin ko‘rdim, ilgari qanday yashagan ekanman-a…” deb yursa, bunaqa no‘noq ayollikning boridan yo‘g‘i!
Ayol kishining dilozorligi – ayollikka ochilgan aza bo‘lsa kerak…
Dilfuza KOMILOVA
Manba: muslimaat.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?