13:53 / 19.02.2019
5 070

“Siz qanday ovqatlanasiz?”

“Siz qanday ovqatlanasiz?”
XXI asrga kelib ortiqcha vazn jiddiy muammoga aylandi. Rossiyada 60 foiz, Amerikada biroz ko‘proq, O‘zbekistonda 50 foiz aholi ortiqcha vazndan aziyat chekmoqda. Bunday salbiy holatlar ko‘payishining oldini olish uchun to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini shakllantirishimiz kerak.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kamharakatlilik va noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida O‘zbekiston aholisining yarmi ortiqcha vaznga ega, aholining 46 foizida qon tarkibida me’yoridan ortiq xolesterin mavjud, 31 foizida esa qon bosimi yuqori, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Ushbu xabarlarni o‘qib o‘ylanib qolasan kishi. Nima ko‘p o‘zbekning to‘yi ko‘p. Nima ko‘p gap-gashtagi ko‘p. Oldin sho‘rva, keyin salatlardan, shirinlik, osh, sosa norin. Bu ro‘yxat shu bilan tugarmikan? Hali kabob turibdi. Oshqozon ham cho‘zilib sharga aylanib qolishiga biroz qoldi. “Tekin bo‘lsa temir yut”, — deb, qornimiz to‘ygan bo‘sayam yeb olamiz. Ustidan bir choynak ko‘k choyni ichamiz. Endi tasavvur qiling , oshqozonda nimalar ro‘y berdi ekan?

Parhezshunoslarning ta’kidlashicha, ovqatlanish jarayonida ichimliklar ichish qat’iy ta’qiqlanadi. Chunki ovqat bilan ichimlik oshqozon kislotasini pasaytiradi, natijada ovqat hazmi og‘irlashib, bijg‘ish jarayoni boshlanadi. Bu esa o‘z-o‘zidan ortiqcha vazn, tomirlarda tiqilmalar, ichki a’zolarning zaharlanishi kabilarni keltirib chiqaradi. Aslida kam-kamdan tez-tez yeyish maqsadga muvofiq va eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Taomnomamizda sarxil meva va sabzavotlar, ziravorlar, yong‘oqlar, ko‘katlar, dukkaklilar, sut va sut mahsulotlarining bo‘lishi sog‘ligimiz uchun koni foyda. Ular yordamida vaznni bir me’yorda ushlash mumkin bo‘ladi. Ortiqcha kimyoviy ishlov berilgan va tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlar butun organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shunday ekan, to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatiga rioya qilish vaqti allaqachon yetib kelgan.

Bizning ko‘zimizni yashnatayotgan anvoyi taomlar me’yorida yeyilmasa, tanamizga me’yoridan oshiq taom kirsa zaharga aylanishini unutmaylik!

Rivoyat
Masruq roziyallohu anhu aytdilar:
«Men hazrati Oisha roziyallohu anhoning huzurlariga hozir bo‘ldim. Hazrat onamiz xodimlariga buyurib, men uchun taom chiqartirdilar. Va dedilarki: «Men qachon bir taomni to‘yib yesam yig‘lagim keladi va yig‘layman».

Men so‘radim: «Nima uchun yig‘laysiz?».
Dedilarki: «Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning dunyodan rihlat qilganlaridagi holatlari yodimga keladi, ko‘nglim buziladi. Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallam umrlarida bir kun ikki marta nondan ham, go‘shtdan ham muborak qorinlari to‘ygan emas edi».
Imom Termiziy
«Shamoili Muhammadiyya»da rivoyat qilgan
Saida IBODINOVA

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Siz qanday ovqatlanasiz?”