G‘azab bilan xotinini chaqirdi. Otasining baqir-chaqiridan cho‘chib uyg‘ongan ikki bola uyquli ko‘zlarini ishqalagancha yotoqdan birin-ketin chiqib keldi. Jahldan gezarib ketgan otasini ko‘rib qo‘rquvdan ovoz chiqarmay bir kursiga ikkovlashib o‘tirib oldilar.
Bolalaridan tashvishlanayotgan xotinining xavotiriga parvo qilmay baqirdi:
- Senga bugun yig‘ilish bo‘lishini, moviy ko‘ylagimni dazmollab qo‘yishingni aytmadimmi, aytdim! Senga gapiryapman, tag‘in menga “Qahvarang ko‘ylagingizni kiyib ketavering” deb aql o‘rgatasan. Axir bugun loyihamning taqdimot marosimi-ku! Qahvarang kiyim kishiga tushkun kayfiyat beradi. Nutqimni tinglaganlar “o‘ziga ishonmayapti, loyihasi hali puxta ishlanmagan ekan, chog‘i” deb o‘ylasinmi? Ayt, sen shuni istayapsanmi?!
Shosha-pisha erining moviy ko‘ylagiga dazmol bosgan ayol:
- Bo‘ldi, xojam, mana, tayyor bo‘ldi ko‘ylagingiz, - dedi.
Erkak ko‘ylagini qahr bilan ola turib:
- Ha, tayyor bo‘ldi, lekin men kechikkanimdan so‘ng tayyor bo‘ldi. Senga shu kerak edi, ko‘ngling joyiga tushgandir, hoynahoy? - dedi. Hamon g‘azabda edi.
Xotini qo‘rquvdan titrab turgan bolalarining yuziga bir qur ko‘z tashlab:
- Kecha hozirgidan ham kech chiqqandingiz. Qayg‘urmang, vaqt bor, yetib olasiz, - dedi.
- Uuff, qanday tushunmagan odamsan-a?! - Erkakning g‘azabi toshdi yana. – Taqdimot marosimini men boshqaraman, deyapman. Hammadan avval borib, xos mehmonlarni qarshi olishim, “Xush kelding, xush ko‘rdik” qilishim kerak. E, senga gap tushuntirgunimcha...
Erkak yana nimalarnidir g‘udrana-g‘udrana tashqariga chiqdi. Jahl bilan mashinasiga o‘trib, uydan uzoqlashdi. Rulga jahl bilan o‘tirgan erining avzoidan xavotirlangan ayolning ko‘nglidan “Ishqilib, biror kor-hol bo‘lmasin-da. Sog‘-salomat eshikdan kirib kelsin” degan o‘y kechdi. Eri ko‘zdan uzoqlashguncha uning ortidan termulib turdi-da, so‘ng uyga kirib bolalarini bag‘riga bosib, erkaladi:
- Modomiki erta uyg‘onibsiz, hozir sizlar uchun shohona nonushta tayyorlayman. Ayvonga o‘tib, xayolidagi behalovatlikni quvish uchun radiopriyomnikni yoqib, murvatni quvnoq musiqa taralayotgan kanalga burdi. Gaz plitasini yoqib qaynatishga tuxum qo‘ydi, sut qaynatdi. Dasturxonga zaytun mevasi, pishloq va murabbo qo‘yishni ham unutmadi.
Nonushta hozirlab bolalarini chaqirdi:
- Bolalar, qani dasturxonga!
Bolalar nonushtaga o‘tirarkan, birdan radiodagi musiqa tindi. Suxandon so‘nggi xabarlarni o‘qib e’lon qilishini eshittirgandi ayol radio ovozini balandlatdi. Suxandon bir nechta avtomobillar to‘qnashuvi sababli yuz bergan avtohalokat xabarini berdi. “Hozircha halokat tafsilotlari noma’lum. Yangiliklarning keyingi dasturlarida halokat xususida batafsil xabardor qilamiz” deya suxandon navbatni yana musiqaga berdi. Halokat yuz bergan joyni eshitib ayol yerga o‘tirib qoldi. Xabarda ko‘rsatilgan joy- har kuni eri qatnaydigan chorraha kesishmasi edi. Erining chorrahadagi tirbandlikdan shikoyat qilishi, har ertalab mashinalar tirbandligi asabbuzarliklarga sabab bo‘lishini aytib noligani esiga tushib vahimaga tushdi:
- Kech qoldim, deb jahl qilgandi... Nahotki, erim...
Xayoliga kelgan o‘y badtar ichini yoqdi. Darhol o‘rnidan turib, bolalariga tayinladi:
- Bolalar, gazga yaqin bormanglar. Nonushtangizni qilib, ayvonga o‘ting. O‘ynab o‘tiring, eshikni hech kimga ocha ko‘rmang, xo‘pmi?
Bolalari es-hushli, gapga kiradigan bo‘lsa-da hatto bir ozga ularni yolg‘iz qoldirishga to‘g‘ri kelganida ham qayta-qayta tinch o‘tirishlarini tayinlardi. Eshikka yo‘nalarkan, erining avtohalokatga uchrab vafot etganini taxmin qilib, qo‘rqib ketdi va yuragi besaranjom bo‘lib, yig‘lab yubordi. Bolalari ko‘z yoshlarini ko‘rib qolishidan cho‘chib, oshxona eshigini sekin bekitdi. Erining vafot etganini taxmin qilgani sari, otasi bolalar oldida baqirganini o‘ylab ezildi. Balki bugun so‘ngi kuni bo‘lgani uchun ham shunchalik o‘zini bilmas darajada qahr-g‘azab qildimikan? Bo‘lmasa hech qachon bunchalik jahl chiqmagan, bolalarning oldida xotiniga tanbeh bermagan odam aynan bugun hech qilmagan dag‘dag‘alarini bir necha barobariga chiqaradimi? “Agar erim vafot etsa, bolalarim otalarini so‘nggi bor ko‘rganlaridek xotirlaydilarmi? Otalari o‘g‘illarimning tasavvurida dilozor, jahldor odam sifatida qoladimi?” deya o‘yladi. Eshikdan chiqayotib yana bir bor bolalariga ovoz berdi, biroq bu gal yuzlarini yuvayotgan ko‘z yoshlarini yashiradigan ahvolda emasdi. Eshikni ochib, tashqariga chiqar ekan, qarshisida turgan erini ko‘rib joyida turib qoldi.
Eri xotinining nam yonoqlariga qarab:
- Yangiliklarni eshitdingmi? - deya so‘radi. Ayolning gapirishga holi yo‘q edi. Erkak xotinini bag‘riga bosib, yonoqlaridagi ko‘z yoshlarni artdi.
Ayol qayg‘urli ohangda so‘radi:
- Muhim tadbirga kech qolayotgandingiz, nega ortga qaytdingiz?
- Avtohalokat ko‘z oldimda, shundoq yonginamda sodir bo‘ldi. O‘sha paytda tadbirdan-da muhim bir narsani unutganimni xotirladim. Agar o‘sha halokatda vafot etsaydim...
Shu payt bolalar ham ota-onalarining yoniga kelishdi va otasini yana jahli chiqqan degan o‘ydami, onalarining ortiga panalab turishardi. Erkak astoydil jilmayib bolalarini yoniga chaqirdi. Har ikkalasini-da ko‘tarib, yuz-ko‘zlaridan o‘pdi, erkalab, suydi.
- Men bugun juda katta xatoga yo‘l qo‘ydim; uydan chiqib ketayotganimda sizlarni qanchalik yaxshi ko‘rishimni aytishni unutdim. Shunday muhim ish ham unutiladimi? Ortga qaytishimga sabab bo‘lmaydimi bu xatoyim?..
Ahmad Unal ChAM
Turkchadan Umida ADIZOVA tarjimasi
Turkchadan Umida ADIZOVA tarjimasi
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?