11:13 / 31.03.2019
4 818

Kundoshimning yori, yorimning zori... (boʻlgan voqea)

Kundoshimning yori, yorimning zori... (boʻlgan voqea)
Ular chiroqlari oʻchirilgan, zulmatdan-da dahshatliroq, qoʻrqinchliroq, sovuqroq xonada ikki kishilik yumshoq divan chetida oʻtirgancha sukut saqlashardi. Har biri oʻz xayollari bilan band. Hech kim birinchi boʻlib gap boshlashga shoshilmasdi…
Saltanat yonida qunishibgina oʻtirgan eri Shavkatning ichga botgan yuzlarini oʻzgacha mehr bilan silardi. Shu asnoda muhabbat dengizining hukmroni boʻlmish umidvor nigohlari yona-yona Shavkatga qadalgandi.
“Mayli, indamasa ham roziman, — derdi xayolan Saltanat. — Yonimda oʻtiribdilar-ku begim! Mana, hasmi halolimning yuzlarini silash baxtidan ham mosuvo emasman. Shoʻrligim, bu shafqatsiz, zolim hayotning ogʻir yuklarini orqalayverib ozib ketdilar. Hatto, yuzlarigacha ichga botdi. Koʻzlari kirtaydi. U maraz Halima yoqasi toza koʻylak ham kiydirib qoʻymabdi. Shuyam xotinmi? Shunday Shavkatim, arslonimni ham kir koʻylakda koʻchaga chiqaradimi? Eh, kundosh, kundosh! Ishqilib senga xudoyimning oʻzi insof bersin! Agar kelasi safar ham Shavkatimni shu ahvolda koʻrsam, bilib qoʻy, ikki qoʻlim yoqangda boʻladi…”
— Nega jimsiz, begim? — nihoyat ortiq sukut saqlashga bardoshi yetmay, Saltanat Shavkatning ikki yelkasidan tutdi. — Qanday tashvishki, sizni shunchalar indamasga aylantirdi, begim? Arslonim! Kundoshim dilingizni siyoh qilyaptimi yo? Ayting, kundosh ekan-u, vallomati koʻnglingizni ogʻritsayam ayab oʻtirmayman!.
— Jinnimisan? — Shavkat ijirgʻanibroq Saltanatning qoʻlini yuzidan olib nari surdi-da, aftini bujmaytirdi. — Hech kim meni ranjitgani yoʻq. Halima juda mehribon, didli ayol.
— Nega unda yoqasi kir koʻylakda uydan chiqardi? — soʻradi Saltanat qovoq uyib. — Didli xotin shunaqa boʻladimi? Erining ustidagi kiyimlarga qaramaydimi? Yeching, hozir oʻzim yuvib quritib, dazmollab beraman.
— Esing joyidami? — uni jerkib berdi Shavkat. — Menga yana ortiqcha tashvish tugʻdirmoqchimisan? Hozir borib almashtirvolaman koʻylagimni. Ishing boʻlmasin!..
— Boʻpti, begim, — Saltanat qaytadan Shavkatning yuzlarini silash uchun qoʻl choʻzdi-yu, ammo ikkilanib, istamaygina qoʻlini tortib oldi…
Oradan yarim soatcha vaqt oʻtgach, Shavkat asta oʻrnidan qoʻzgʻaldi.
Saltanatning ikki koʻzi javdirardi.
Shavkatning yana biroz oʻtirishini juda-juda xohlardi-yu, istagini tiliga koʻchirishdan arang tiyilib turardi.
Mahramini ranjitib qoʻyishdan choʻchirdi.
U ranjisa, yuragi gʻash tortib, yuzlari tundlashini oʻylagani sayin ich-etini yerdi.
— Qizim Shalola bogʻchadan kelsa, oʻpib qoʻyarsan, — dedi Shavkat bosh qashib. — Men… Ketdim endi…
— Boʻpti, — dedi Saltanat yigʻlagudek boʻlib. — Albatta oʻpib qoʻyaman. Dadang seni soʻradi deb aytaman. Oʻzingizni ehtiyot qiling! Vaqtida nonushta qiling har kuni. Bilasiz-ku, nonushta qilmasangiz, boshingiz ogʻrib qoladi. Sizning boshingiz ogʻrisa, men chidolmay ketaman.
— Boʻpti, hadeb gʻalchalik qilaverma, — doʻqlagan ohangda soʻz qotib eshik tomon yoʻnaldi Shavkat. — Yaxshi oʻtiringlar!
— Yaxshi boring, begim! Iloyim sizni xudoning oʻzi asrasin!..
* * *
Shavkat ketdi. Ammo Saltanatning yuragini uzib olib ketgandek boʻldi. Ayol entika-entika, oʻpkasi toʻla-toʻla, koʻzlaridan achchiq yoshlar oqa-oqa ancha paytgacha yoʻl chetida eri ketgan tarafga javdirab boqqancha qarab qoldi. Shunchaki qarab qolmadi. Boʻgʻziga tiqilgancha turib qolgan faryod vujud-vujudiga singib, Saltanatni titrashga, chayqalishga, telbalarcha soʻzlanishga undayverdi.
— Yoʻq, men bunday qilmasligim kerak, — deya nihoyat oʻzini sal qoʻlga olgan boʻlib oʻziga oʻzi soʻz qotdi Saltanat. — Shavkat akamning chehrasi ochiq. Koʻzlarida hayotdan minnatdorlik alomatlarini koʻrdim. Mana shu koʻzlarim bilan oʻzim koʻrdim. Xursand boʻlishim kerak-ku! Xoʻsh, oʻsha xotinga uylanib olgan boʻlsa nima qipti? Erkak kishi- it kishi deb bekorga aytishmagan. Lekin Shavkat akamni hech qachon it kishi demayman. U shunchaki… Hayotda adashdi xolos. Ertami-kechmi, baribir bir kun xatosini anglab yetadi va mening bagʻrimga qaytadi. Hoy, shayton, meni yoʻldan uraman deb oʻylama. Sendaqalarni Shavkat akamning bosib ketgan izlarigayam olmayman. He basharang qursin shayton boʻlmay! Iloyim traktorlarning tagida qolgin!..
Shu payt uzoqdan oʻziga tanish ayol yurib kelayotganini koʻrdi-yu, Saltanat shosha-pisha koʻz yoshlarini yengiga artib, maʼyus jilmaydi.
“Vay, singlim Sabina-ku, — oʻyladi jonlanib. — Xayriyat-ey! Kelarkan-ku!.. Oʻrgilib ketay oʻzimning sariqsoch singlimdan!..”
Oradan hech qancha oʻtmay, singlisi unga yaqinlashib keldi-da, Saltanatni mahkam bagʻriga bosdi.
— Oʻzimning “lox” opamdan aylanay, — dedi Sabina kinoya aralash. — Tagʻin anavi “shestyorka” erchangiz kep ketganga oʻxshaydi-a? Shunga koʻchaga chiqvolib telbaday turibsizmi? Nega indamaysiz, opa?
— Hadeb oʻzingning oʻrischa gaplaringni gapiraverma-da, — dedi singlisining ikki yuziga kaftlarini bosib Saltanat. — Bilasan-ku, men unaqa gaplarni tushunmayman! Yur, uyga kiraylik! Oʻzim ham zerikib oʻtirgandim. Yaxshi boʻldi kelganing!..
* * *
Ichkariga kirishgach, Sabina opasining kirtaygan koʻzlariga, yigʻlayverib shishgan qovoqlariga achinish aralash tikilib turdi-da, yana oʻzi birinchi boʻlib soʻz boshladi.
— Opa, qachongacha oʻsha hezalakni kutib yashaysiz? — dedi kuyinchaklik bilan. — Ustingizga xotin olvoldi. “Naglo” oldingizga poxol sop ketdi. Baribir oʻshani deyaverasizmi? Sizda gʻurur bormi oʻzi? Xafa boʻlmang-u, sizning oʻrningizda boʻlsam, Shavkatni allaqachon sudga berib adabini berdirtirardim. Qarang, qizi Shalolaniyam tashlab ketdi. Bir tiyin bermayotganini koʻrmasam ham bilaman. Faqat tonmang!
— Bu nima deganing? — Saltanat singlisining qoʻllarini yuzlaridan olib tashladi-da, nari surildi. — Pochchang-a, pochchang!
— Pochchamas u, qaro yer! — deya qoʻl siltadi Sabina. — Nega tushunmaysiz. Qaysi dunyoda tugʻilgansiz oʻzi, opa? Nahotki, koʻrmayapsiz? Nahotki, qalbingiz azoblanmayotgan boʻlsa? Koʻzingizni kattaroq oching munday, opa!..
Bu gaplardan soʻng Saltanat dafʼatan oʻrnidan turib ketdi. Birpas gezargancha Sabinaga tikilib turdi-da, nariga tashlangan sumkachani qoʻliga olib singlisiga tutqazdi.
— Jon singlim, ketaqol endi, — dedi boshini sarak-sarak qilib. — Agar meni yaxshi koʻrsang, ketaqol! Uyingdagilar, ering qidirib qolishadi. Moʻydinjonni bunaqa kutdirma! Xafa boʻladi-ya! Qaynonang qarib qolgan. Turtinib-surtinib oʻzi ovqat pishiradimi sen boʻlmasang? Yoʻq, ketmasang boʻlmaydi. Meni… Meni qoʻyaver!.. Men-chi, yaxshiman! Ana, boyagina Shavkat akam kep ketdi. Shalolamni soʻradi. Mendan hol soʻradi. Yonimda yarim soatdanam koʻproq oʻtirdi. Gaplashib oʻtirdik… Sen… Pochchangni haqorat qilmagin, singiljon! U seni juda yaxshi koʻradi. Nuqul Sabinaxon yaxshimi deb soʻragani soʻragan.
— Yaxshi koʻrmay har balo boʻlsin oʻsha buzuqi, — deya asta oʻrnidan turdi Sabina. — Sizga achinaman xolos. Shuning uchun gapirib tashladim-da, opa! Mendan ranjimang! Jigaringizman, axir! Jiyanim Shalolaga achinaman!
— Xavotirlanma, — dedi Saltanat uning ikki yelkasiga qoʻllarini qoʻyib. — Biz juda yaxshimiz. Biror kun qoladigan boʻlib kelsang, rosa gaplashib oʻtiramiz!
— Mayli, yaxshi qoling! — deya ketishga chogʻlandi Sabina. — Oʻzingizni ehtiyot qiling!.. Eh, oʻzimning “lox” opam-ey! Doʻst-dushmanning farqiga bormaydigan opam-ey!..
Sabina soʻzlana-soʻzlana tashqariga chiqib ketdi. Saltanat esa joyidan jilmadi.
Tizzalarigacha dagʻ-dagʻ titrab koʻzlari qaytadan jiqqa yoshga toʻlgancha xona devoriga suyanib qoldi.
U yigʻlardi. Oʻkirib-oʻkirib faryod chekishni xohlardi. Ammo toʻsatdan Shavkat kelib qolsa, sannab yigʻlayotganini eshitib qolishidan, ranjishidan, koʻngli ozor chekishidan qoʻrqardi.
* * *
Oradan uch kun oʻtdi. Dam olish kuni boʻlgani bois Shalola qizi bogʻchaga bormagandi.
Saltanat qizalogʻini choʻmiltirib, sochlarini havas bilan turmakladi. Xuddi sezgan kabi oʻzi olib bergan xarir koʻylagini kiydirdi. Shundan keyin nari borsa bir soatcha vaqt oʻtdi-da!
Kutilmaganda tashqari eshik taqillay boshladi. Saltanat yuragi hovliqqancha yoʻlakka chopqilladi va eshikni ochdi.
Ochdi-yu, koʻngli yorishib ketgandek boʻldi.
Roʻparasida Shavkat kulimsirab turganiga koʻzi tushdi-yu, oʻzining ham yuz-koʻzlariga tabassum yugurgiladi.
Lekin Shavkat yolgʻiz emasdi.
Uylanib olgan ayoli bilan birga kelgandi.
Saltanat lab buribgina turgan bu ayolga koʻzi tushgani hamono oʻzi sezmagan holda chehrasi tundalshdi. Biroq bu holat uzoqqa choʻzilmadi. Majburan boʻlsa-da, Shavkatga qarab jilmaydi.
— Tanish, Saltanat, — dedi Shavkat orqaroqda turgan ayolga ishora qilib. — Bu Halima. Halima, bu Saltanat!
Ikki ayol bir-biri bilan yovqarash orqali soʻzsiz salom-alik qilgan boʻldi. Garchi Halima hamon lab burishdan tiyila olmayotgan boʻlsa-da, Saltanat eʼtibor bermaslikka intilardi. Ayolning oʻziga qur-qur masxaraomuz nazar tashlab qoʻyayotganini ham koʻrgandi. Koʻr emas-ku!..
Biroq koʻrmaslikka olardi xolos. Shavkat akasining xijolatda qolishiga, mulzam tortishiga sira yoʻl qoʻya olmasdi. Shu sababli ham oʻzini bosardi. Yasama jilmayishlardan tiyilmasdi.
Shu ahvolda bir zumda stol ustiga topgan-tutganini keltirib qoʻyib, Shavkat yoqtirgan achchiq koʻk choyni ham damlab keldi.
— Saltanat, senga bir iltimosim bor, — dedi Shavkat Halima tarafga oʻgʻrincha qarab olib. — Agar… Yoʻq demasang…
— Vay, bu nima deganingiz, dadasi? — Saltanat birdan maʼyuslanib, goh Shavkat, goh Halimaga javdirab boqdi. — Iltimos qilmang! Buyuring! Axir…
Uyogʻini ayta olmadi. Aslida “xotiningizman-ku” demoqchi edi. Xudo koʻrsatmasin, shu soʻzni tiliga koʻchirsa, Halima keyinchalik taʼna qiladigandek, Shavkat akasi mulzam tortadigandek, ikki oʻt orasida kuyadigandek tuyulib, tilini tishladi…
Buning oʻrniga nimadir esiga tushgan kabi darrov gapni boshqa yoqqa burdi.
— Vay, Shalolangiz haliyam chiqmaganini qarang! Hozir opchiqay! Judayam uyatchan-da qizingiz!..
Saltanat yugurgancha zalga oʻtib bir zumda Shalolani yetaklagancha Shavkatning yoniga olib chiqdi.
— Oʻ, asal qizim katta boʻp qopti-ku! — deya Shalolani koʻtarib olishga tutindi Shavkat. Ammo qizaloq darhol oʻzini orqaga oldi. Qora koʻzlaridan bir nechta tomchi yosh dumalab yuzlariga tushdi.
— Shalola, dadang-ku bu odam! — deya tanbeh bergan boʻldi Saltanat. — Nega yotsiraysan? Koʻrish dadang bilan!..
— Yoʻq, — deya yanada orqaroqqa tisarilib oldi Shalola. — Bu odam mening dadammas! Mening dadammas! U hov anavi… Hov anavi xotinning dadasi!..
Shunday deb qizaloq qaysarlarcha zalga kirib ketdi va eshikni ichkaridan tambalab oldi.
Bu holat Saltanatni ado qilayozgandi. Ayniqsa, Shavkatning tusi oʻzgarganini koʻrgach, sarosimalanib qoldi.
— X-xafa boʻlmang, dadasi, — deya Shavkatning atrofida girdikapalak boʻlib aylana boshladi Saltanat. — Bilib-bilmay gapiraveradi-da! Bola-da hali!..
— Mayli, xijolat chekma, — dedi Shavkat asta Halimaning yonidagi kursiga choʻkib. — Sendan bir iltimosimiz bor. Maylimi?
— Vay, iltimos deganingiz nimasi? Buyuring dedim-ku!
— Biz… Bugun senikida… Qolsak devdim… Shunga… Nima deysan?..
Ayol-ku! Saltanatning bu gapdan keyingi ahvolini tushunsa boʻlardi. Ichida qaysidir tomirchasi uzilib ketgandek, dili ogʻrigandi. Faqat… Yana oʻsha yovqur va qaysar muhabbati tinchlanishga, chidashga, majburan boʻlsa-da, jilmayishga undayverdi. Mabodo qovogʻi uyilsa, Shavkat akasi ranjishidan, koʻngli xira tortishidan choʻchidi.
— M-mayli, oʻz uyingiz-ku, — deya oldi zoʻrgʻa. — Shalolayam xursand boʻladi qolsangizlar. Ana, zalga joy toʻshab beraman! Osh damlayman!
Bu gaplarni aytmasa, Shavkatdan shunday taklifni eshitmasa boʻlarkan.
Qalbi battar azobda qoldi. Rashkmi, alammi, ishqilib nimadir koʻksini xuddi yovvoyi mushukdek tirmalab azob bera boshladi. Koʻksining tub-tubidan otilib chiqayotgan alamni bazoʻr jilovlay oldi. Mana-mana hozir faryod cheka boshlaydigandek, bilinar-bilinmas titrab-qaqshab asta oshxonaga oʻtib ketdi. Halima esa bu holatiga masxarali boqar, hadeganda Shavkatni turtar, kulib yuborishdan arang oʻzini tiyib turardi.
* * *
Ertasi kuni tushga yaqin Shavkat negadir koʻngli gʻash torta boshlaganini his etdi. Koʻz oʻngida Saltanatning maʼyuslangancha kuzatib qolgani gavdalanib, asabiy lab tishladi. Qilib qoʻygan ishidan nadomatlar chekib, oʻzini qoʻyarga joy topa olmay qoldi. Endi-endi bu ishi gunohi azim ekani, bir begunoh ayolning koʻnglini ogʻritganidan, shafqatsizlikka erk berib qoʻyganidan kuydi…
Bora-bora bu kuyiklar Shavkatni oyoqqa turgʻazdi. Halimaga aytib ham oʻtirmay, kiyindi-yu, mashinasiga oʻtirib gazni bosdi…
Oʻz uyi, Saltanat va qizi Shalolani tashlab ketgan kulbasi Halimanikidan nari borsa oʻn besh daqiqalik yoʻl.
Koʻz ochib yumguncha uyiga yetib keldi.
Koʻp qavatli uy atrofida sukunat hukmron edi.
Yuragi battar gʻashlanib ichkariga oʻzini urdi.
Kvartira eshigi negadir ochiq ekan.
Hovliqqancha zalga oʻtdi.
Hech kim yoʻq. Jimjitlik.
Jonholatda yotoqqa oʻtdi.
Ne koʻz bilan koʻrsinki, Saltanat karavotda chalqancha yotar, ogʻiz burni, yostiq, choyshablargacha qonga botgandi.

— Saltanat, koʻzingni och, — deya uni turtkilab uygʻota boshladi Shavkat. — Saltan, koʻzingni ochsang-chi! Odam ham shunchalik qattiq uxlaydimi? Uygʻona qolsang-chi!.. Senga nima boʻldi?..
Shavkat Saltanatni koʻtarib oʻtqazishga tutindi.
Afsuski, uning boshi pastga osilib tushdi.
Shundagina Saltanat olamdan oʻtganini idrok etdi. Hovliqqan koʻyi Saltanatni qaytadan karavotga yotqizib, atrofga alangladi.
Naridagi xontaxta ustida oppoq qogʻoz yotardi. Shosha-pisha qogʻozni qoʻliga oldi.

Qogʻozga shunday soʻzlar bitilgandi:
“Shavkat aka, meni kechiring! Oʻzboshimchalik qip qoʻydim. Sizning ikki oʻt orasida azoblanishlaringizga bardosh qila olmadim. Ishoning, yuzlaringiz maʼyus tortsa, koʻzlaringizda dard koʻrsam, koʻtara olmayman. Bu yukni ortmoqlab yura olmayman. Sizni maza qilib, yayrab-yashnab yashashingizni xohlayman! Iltimos, meni qargʻamang! Shalolani ham tashlab qoʻymang! Hech qachon siqilmang. Dard chekmang! Maʼyuslanmang. Vijdon azobida qiynalmang! Shunda men tinch boʻlaman! Sizni u dunyo-yu bu dunyo sevib qoluvchi Saltanatingiz!..”
Shavkat bu jumlalarni oʻqib boʻlgach, birpas titrab Saltanatning jasadiga javdirab turdi.
Keyin…
Bor ovozda qichqirib yubordi:
— Nima qip qoʻydim, Saltanat? Nima qip qoʻydi-i-im???

(hikoya koʻplab muxlislarning talab va istaklariga koʻra qayta chop etildi)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Kundoshimning yori, yorimning zori... (boʻlgan voqea)