"G‘am insonni xasta qiladi", deymiz. Ammo bu noto‘g‘ri tushunchadir. G‘ami, tashvishi bor odam xasta bo‘laversa, holimizga voy bo‘lardi! Oramizda beg‘am, betashvish odam bormi? “Dunyoda ikkita beg‘am odam bor, biri hali tug‘ilmagan, ikkinchisi esa o‘lgan” degan hazilomuz iborani hammaning o‘ziga xosligini tushuntirish va dunyoda betashvish odam yo‘qligini eslatish uchun shogirdlarimga qo‘llayman.
Tashvish insonni xasta qilmaydi. Tashvishni qayg‘uga aylantirish insonni xasta qiladi. Bu ikkisi orasidagi farqni anglaganimizda bizni kasal qilgan muammoimiz emas o‘zimiz ekanimizni yaxshi tushunib yetamiz.
Payg‘ambarlarning hayoti bilan bog‘liq hikoyalarni bilmaganlar yo‘qdir. Bilish boshqa, uqib, mushohada qilish boshqa. Biz bilamiz-u lekin mushohada qilmaymiz. Payg‘ambarlar tarixi butun mohiyati bilan dardu iztiroblar tarixidir. Har bir payg‘ambar ayricha tashvishlar bilan imtihon qilinganini mulohaza qilishimiz kerak. Qaysidir payg‘ambar o‘g‘li bilan sinalgan, qaysi biri esa otasi bilan, boshqa bir payg‘ambar xotini bilan imtihon qilingan. Ba’zilarining hayotidan og‘ir xastaliklar bilan kurashishi e’tiborimizni tortadi, ba’zilari xiyonat bilan sinalganini ko‘ramiz. Azob, uqubat, balo, yo‘qotish, xo‘rlanish, chetga surilish, masxara qilinish kabi qayg‘u nomi bilan nima bo‘lsa hammasini Payg‘ambarlar hayotida ko‘rish mumkin.
Butun olamlarga rahmat o‘laroq yaratilganiga iymon keltirganimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamning hayot hikoyalarini hammamiz bilamiz ammo mulohaza qilmaymiz. Dunyoga kelishdan oldin otalaridan, bolaliklarida onalaridan ayrilganlar. Ham o‘ksik, ham yetim o‘sganlar. Ham ota, ham ona bo‘lib ularni tarbiyalayotgan bobolaridan ham bola yoshlarida ayriladilar.
O‘zlari yashagan jamiyat tomonidan chetga surilgan, xo‘rlangan, ezilganlar. Jufti halolidan ayrilish dardini ham totib ko‘rganlar. Bu dunyoda ota-ona uchun eng katta dard deya izohlanadigan farzand dog‘ini ham ko‘rgan. Yana besh bor bu taxir sharbatni tatishga majbur bo‘lgan. Besh farzandini tuproqqa qo‘ygan. Ana endi, hayotidan bahs etayotgan kishimizning Yaratganning eng sevgan bandasi bo‘lganini eslaylik!..
Bularni hammamiz yaxshi bilamiz. Lekin yuqorida ta’kidlaganimdek mulohaza qilmaymiz!..
Do‘ppini boshdan olib mushohada qilmaymizki, Alloh azza va jalla eng sevgan bandalari — Payg‘ambarlarni hatto iztirob va qayg‘ular bilan imtihon qilsa-yu, meni (bizni) nega sinamasin?
Bir necha yil oldin bularni, otasi hayot bo‘lishiga qaramay yetim kabi o‘sgan talaba qiz shogirdimga gapirib bergandim. O‘shanda shogirdim saraton xastaligiga uchragan onasining o‘lim to‘shagida yotganini gapirib bergan edi. Bu suhbatdan bir necha oy o‘tib shogirdim menga sms xabari yo‘lladi. “Ustoz! Endi mening onam ham yo‘q!” deya yozilgandi xabarda. Uzoq vaqt javob yo‘llay olmadim. Nima ham derdim axir?..
Keyinroq ko‘rishganimizda menga bir narsani e’tirof etdi. “Ustoz, hov birda, men sizga ko‘zimda yoshlar bilan boshimdan o‘tayotgan kunlarni gapirib bergandim va siz menga Payg‘ambarlar hayotidan misollar aytgandingiz. Agar o‘shanda siz menga Payg‘ambarlar hayotidan, ularning iztirob va muammolarga to‘la umr yo‘lidan hikoyalar gapirib bermaganingizda men jonimga qasd qilishni o‘ylab yurgandim...”
Keyingi paytlarda yurtimizda yoshlar va ayollar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payib bormoqda. Kimdir qaynonasi, eri bilan bog‘liq ziddiyatlardan qochib, yana kimdir ishq-muhabbatni ro‘kach qilib joniga qasd qilishga botinmoqda. Arzimagan dilxiraliklar sababli depressiyaga tushish, hayotdan xafa bo‘lish, ruhiy tushkunlikka yengilish... Mo‘minning qalbiga g‘am-qayg‘u yarashmaydi. Mo‘min kishi barcha muammolarini Allohga havola qilib, hayot oqimida suzishda davom etadi. Zotan, iymon — eng katta imkon.
Rahmatli onkolog professor Holuq Nurboqiy hojaning “Namoz sirlari” nomli kitobida “Bir kun kelib shifokorlar shifo yo‘riqnomasiga tahorat va namozni tavsiya qilishadi”, degan jumlani o‘qiganimda ko‘zlarimdan yosh chiqib ketgandi. Tahorat va namoz faqat ibodat emas, jismoniy va ruhiy jihatdan insonni muvozanatda tutgan muhim muolaja uslubi hamdir.
Rahmat va mag‘firat oyi Ramazon kelmoqdi. Ayni shu paytlarda shaytonlar kishanlanar ekan, Allohga sig‘ining! Allohga sig‘inmasak, depressiya va stress deb aqlsizlik qiladiganlar ko‘payadi. Aqlsizlik qilmaslik uchun Robbingizga sig‘ining!
Tashrif buyurayotgan Ramazon barchamizga muborak bo‘lsin!
Umida ADIZOVA
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)