date

OpenAI yangi davrni boshladi: ChatGPT Atlas — sun’iy intellektli brauzer taqdim etildi

OpenAI yangi davrni boshladi: ChatGPT Atlas — sun’iy intellektli brauzer taqdim etildi

21-oktyabr kuni amerikalik OpenAI kompaniyasi navbatdagi innovatsiyasini jamoatchilikka namoyish qildi — ChatGPT Atlas deb nomlangan sun’iy intellektli brauzer taqdim etildi. Bu mahsulot internetdagi ish uslubini tubdan o‘zgartirishi mumkin, deb yozdi chatgpt.com.

OpenAI ma’lumotlariga ko‘ra, yangi brauzerning asosiy vazifasi — foydalanuvchiga vaqtni tejash va axborotni tezroq tahlil qilish imkonini berish. Atlas yordamida istalgan veb-saytda chat-botni yoniq panel orqali chaqirish mumkin bo‘ladi. U turli vazifalarni bajaradi: maqolalarni qisqacha bayon qiladi, mahsulotlarni solishtiradi yoki ma’lumotlarni tahlil qiladi.

Shuningdek, brauzer faqat sahifalarni ko‘rish bilan cheklanmaydi. Agar foydalanuvchi hujjat, elektron xat yoki taqvimdagi taklifnomada ma’lum bir so‘zni belgilasa, ChatGPT darhol yordamchi sifatida paydo bo‘ladi.

Kompaniya ta’kidlashicha, brauzerning “agent rejimi” xaridlarni amalga oshirish imkonini ham taqdim etadi. Bu degani, ChatGPT foydalanuvchi nomidan onlayn do‘konlarda buyurtma berishi yoki zarur ma’lumotlarni avtomatik to‘ldirishi mumkin.

Reuters xabariga ko‘ra, Atlas brauzeri hatto restoranlarda joy band qilish yoki veb-saytlardagi shakllarni to‘ldirish vazifalarini ham mustaqil bajara oladi.

ChatGPT Atlas hozircha macOS tizimida yuklab olish uchun ochiq. Yaqin vaqt ichida Windows, iOS va Android uchun mos versiyalar ham taqdim etilishi kutilmoqda.

OpenAI vakillari bu brauzerni “axborotni faqat izlash emas, uni tushunish va undan foydalanish” imkonini beruvchi yangi bosqich sifatida ta’riflashmoqda.

Aytish joizki, sun’iy intellekt asosidagi brauzerlar bozorida raqobat kuchaymoqda. Google o‘zining Gemini chat-botini Chrome brauzeriga qo‘shgan bo‘lsa, Perplexity kompaniyasi Comet AI nomli brauzerini ishga tushirgan. Microsoft esa Edge brauzerida Copilot sun’iy intellekt rejimi bilan ishlaydi.

OpenAIning Atlas brauzeri esa bu raqobatda yangi bosqichni belgilashi mumkin — u nafaqat ma’lumot izlashni, balki to‘liq raqamli yordamchi bo‘lishni maqsad qilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » OpenAI yangi davrni boshladi: ChatGPT Atlas — sun’iy intellektli brauzer taqdim etildi