date

Har bir sohada sun’iy intellekt bo‘limi tashkil etiladi

Har bir sohada sun’iy intellekt bo‘limi tashkil etiladi

Sun’iy intellekt endi faqat IT mutaxassislarining mavzusi emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, endilikda barcha vazirlik va tarmoq rahbarlarining raqamlashtirish uchun javobgar o‘rinbosarlari shu bilan birga sun’iy intellekt rivojiga ham mas’ul bo‘ladi, deb xabar berdi Prezident.uz.

Shuningdek, shahar va tumanlarda hokimlarning raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi. Bu degani — har bir hududda zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish uchun alohida mas’ul shaxs bo‘ladi.

Barcha vazirlik va hokimliklar o‘z tarkibida sun’iy intellektni rivojlantirishga ixtisoslashgan bo‘linmalar tashkil qilishi kerak bo‘ladi. Ularning vazifalari aniq belgilab berilgan: xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, ish samaradorligini ko‘tarish, ortiqcha byurokratiya va xarajatlarni qisqartirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va, eng muhimi, sun’iy intellekt yordamida yangi yechimlar yaratish.

Bunday yo‘nalish nafaqat davlat boshqaruvida, balki fuqarolar hayotida ham qulaylik yaratadi. Masalan, hujjat aylanmasi yoki ariza berish jarayonlari avtomatlashsa, vaqt tejaladi, inson omili kamayadi va tizim shaffof bo‘ladi.

Yana bir muhim qadam — xorij tajribasini o‘rganish. Prezident tashabbusi bilan texnologik bilim va xorijiy tilni mukammal bilgan 100 nafar mutaxassis AQSH, Yevropa, Singapur va Yaponiyaga olti oylik maxsus o‘quv dasturlariga yuboriladi. Ular qaytib kelgach, mahalliy tizimlarda sun’iy intellektni amalga joriy etishda yetakchi rol o‘ynaydi.

Shu bilan birga, kelgusi yildan boshlab barcha vazirlik va hududlarda sun’iy intellektni qo‘llash darajasini baholaydigan reyting tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu reyting orqali qaysi tashkilot innovatsiyaga ochiq, qaysi biri esa hali an’anaviy usullarga suyanayotganini ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Texnologiyalar tez rivojlanayotgan zamonda bunday tashabbus mamlakatni yangi bosqichga olib chiqishi, boshqaruv tizimini aqlli, tezkor va zamonaviy qilishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Har bir sohada sun’iy intellekt bo‘limi tashkil etiladi