5 119
Turkiyadagi o‘zbek muhojiri: «2 mln so‘m oylik bersin, O‘zbekistondan chiqmayman!»
Bugungi kunda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari dunyoning turli mamlakatlarida qonuniy yoki noqonuniy holatda bo‘lsin, oilasiga 4-5 so‘m yuborish ilinjida mehnat qilib kelishmoqda. Bu muammo davlat rahbariyati tomonidan ham e’tirof etilib, ularga qulayliklar va munosib sharoitlar barpo qilish, qiynalib qolgan hamda vafot etgan vatandoshlarni O‘zbekistonga olib kelish borasida farmon va qarorlar qabul qilinmoqda.
O‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining eng yirik «kontingenti», shubhasiz, Rossiyada. Shuningdek, Turkiya, Janubiy Koreya, BAA, Yevropa, AQSh va boshqa mamlakatlarda ham mehnat qilayotgan o‘zbeklar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Turkiyada ishlayotgan o‘zbeklarning ayrimlari bilan uchrashib, ularning mehnat sharoitlari, ularni qiynayotgan muammolarga qiziqdik. O‘zbekistonda hamshira bo‘lib ishlagan, so‘nggi 2 yil davomida turkiyalik keksa kishilarga qaragan vatandoshimiz nima uchun Turkiyaga kelishga qaror qilgani va bu mamlakatda ish topish jarayonlari, shuningdek, qanday shart evaziga vatanga qaytishi mumkinligi haqida hikoya qildi.
— Shu yerdagi maoshni O‘zbekistonda berishsa, qaytib borgan bo‘larmidingiz?
— Hayotda kelmasdim. Nafaqat Turkiya, O‘zbekistonning ostonasidan qadam xatlab chiqmasdim. Bu yerda 500 dollar oylikka ishlaymiz. [O‘zbekistonda] bizga 300 dollar bersin. 2 mln [so‘m] bersin, 200 dollar bo‘ladi. 2 mln oylik bersa, hozir qizlarimni jo‘natib yuboraman. Menga bersin shu oylikni, men ketaman. Erimga berganida ham ko‘chaga chiqib ishlamas edim.
Qizim hamshira, o‘zim hamshira. Hamshiralarning oyligini bir surishtirib ko‘ring-chi?! Kategoriya olishi uchun 300 dollar sarfladim, qizimga. Yana korrupsiyaga qarshi kurash, deyishyapti. Hecham korrupsiya yo‘qolgani yo‘q. Shu yerdan 500 dollar jo‘natdim. 300 dollar pora berdi, 200 dollarga malaka oshirdi. 0,25 stavkaga ishga qabul qildi tez yordamga. Undayam haydovchi erkak, shifokor erkak, deb kuyovim chiqarib oldi. 0,25 stavkaning oyligi hech qancha emas, 400 ming so‘mga ham yetmas ekan. Endi u nima bo‘ladi? O‘rtacha oylikni 2 mln so‘m qilib qo‘ysin, hech kim kelmaydi. Osonmas bu yerda. Sog‘inch ezib tashlaydi odamni. Bir kunda 10 marta qo‘ng‘iroq qilaman uyimga.
Kelishimga yo‘qchilik sabab bo‘lgan. Erim qorovul bo‘lib ishlaydi. Pensiya uchun ishlayapti, to‘g‘risi. 3 farzandim bor. Katta qizimni chiqarganimda o‘zimizga to‘q yashardik. Savdogarlik qilardim. Keyin bankrot bo‘ldim. Men Turkiyaga kelmasdan avval, erim 360 ming so‘m oylik olardi. O‘shandayam yog‘ 5 ming so‘m [1 litr yog‘] edi. Endi hisob-kitob qiling o‘zingiz. Savdogarlik qilgan vaqtimda olgan narsalarimni sotib yedik. Qirg‘izistondan yuk chiqarardik. Keyin Qirg‘iziston [chegara] ham yopilib ketdi...
Qo‘shnilarimning «Turkiyaga borganlar undoq bo‘lib ketarkan, bundoq bo‘lib ketarkan» degan gap-so‘zlarini eshitib, quda-andali bo‘lganda Turkiyaga borishim ham bormidi, deb kelmay yurdim. Keyinroq, bir o‘zim kelishga yuragim betlamay, qarzga kirib qolgan qarindosh opam bilan birga keldim. Opam Bursaga ketib 1 yil kampir boqdi, men Denizlida 80ga kirgan harbiy cholga qaradim. Ular 6 oy ko‘chaga chiqarmay, saqladi. «Sen menga omonatsan, bolalaringning oldiga sog‘-salomat yuborishim kerak, bu yerda har xil odam bor», deb ko‘chaga chiqarmadi.
«Turkiyadagi muhojir ayollar haqida O‘zbekistonda yuradigan uzun-quloq gaplar»
— Ko‘p emas. 1-2 mingdan bitta chiqib qolar. Men ham eshitdim, ammo ko‘zim bilan ko‘rganim yo‘q. 4 kishi, 1 chol, 3 kampirga qarabman. Turkiyada yaxshi odamlar juda ko‘p. Men yomonlariga ro‘para kelmadim, Allohga behisob shukr qilaman. Turklar birinchi kuni oylikni olishingiz kerakmi, shu kuni ertalab yetkazib keladi. Misol, chol boqsak, uning o‘g‘li patron (ish beruvchi) birinchida kelolmasa, 2 kun oldin ota-onasiga pulni tashlab ketadi. Har hafta «izn»ga chiqsak (ruxsat so‘rab, shahar aylanishga), yo‘lkira va yeb-ichishimiz uchun pul beradi. Qayerda topiladi bunaqa ish?
Lekin qanaqa oilada ishlashga ham bog‘liq. Nomusli oilaga tushsangiz, sizni ham o‘zining nomusi qatorida himoya qiladi. Telefonda begonalar bilan gaplashgan, orqasidan odam keladiganlarga shunga yarasha munosabat bo‘ladi.
Surishtiradi. Sinaydi, pul qo‘yib, tillalarini qo‘yib. Siz to‘g‘ri bo‘lsangiz, sizga nisbatan hech qanday yomonlik yo‘q. faqat Turkiyada emas, qayerda bo‘lmang shunday. Halollikning orqasidan hamma narsani qozonsa bo‘ladi.
«Turkiyada O‘zbekistonda oilasi bo‘la turib, ular bilan rasman va shar’an ajralmasdan nikoh o‘qitib olgan o‘zbeklar ham bor»
— Bloger chiqib olib, nima emish, nega o‘zbek ayollari turklarga erga tegib ketyapti emish? Hammasi ham emas. Men o‘zim yashagan kvartirada, o‘zbekistonlik erkak va ayol shu yerga kelib nikoh o‘qitibdi. Ayolning eri O‘zbekistonda, unisining esa xotini. O‘zbekistondagi bola-chaqaga pul yo‘qmish. Men buni bilib qoldim, tilim o‘lgur yomon, vijdonim yo‘l qo‘ymaydi. O‘tirg‘izvolib, senlarning nikohing nikohmas, menga nikohingni gapirma, dedim. «Yutub»da bir domlaning eri bilan 10 yil ajrashgan bo‘lsa ham, eri qo‘yvormagan bo‘lsa, uning nikohi nikoh bo‘lmasligi haqidagi gaplari chiqdi. Shuni qo‘yib berdim. Senlarga hayotning nima keragi bor endi, bu bilan kimni aldayapsanlar, dedim.
Aytmoqchi bo‘lganim, ekranga chiqib olib birovni yomonlashdan avval insonning hayotining mohiyatini bilib ol. Nega bu yerga keldi?
Turkiyada ham firibgarlar bormi?
— Kargoda bittasi pullaringni chiqarib beraman, deb bermay qo‘ydi. O‘zbek. Keyin yana bir o‘zbek 3000 dollar evaziga Angliyaga ishchi viza qilib chiqarib yuboraman dedi, qarindoshlarimiz ham kelgandi. Biri inglizchani bilgani uchun, shu yerda qoldi, mehmonxonada ishlayapti. Ikkinchisi qaytib ketdi. 1600 dollar pulini oldi. Boshqalardan, men konsullikda ishlayman, «o‘tirim viza» (Turkiyada qonuniy yashash ruxsatnomasi) qilib beraman, deb yolg‘on gapirib 300 dollardan pul olgan. Uyini topib bordik, uyimga bosqinchilik qilib kelding deb, muttahamchilik qildi. O‘zimizning farg‘onalik bola ekan.
— Bizda ko‘pchilik e’tibor bermaydi, hujjatsiz yursa huquqi bo‘lmaydi, politsiyaga borib, murojaat qilay desa, o‘zi hujjatsiz. Hamma tomoni muammo. Nega hujjat qilib qo‘yishga e’tibor berishmaydi?
— Turkiyaga hech kim o‘ynagani kelmaydi-da! O‘ynagani keladiganlar, kelib-ketyapti. Pulimiz yo‘qligidan birovdan qarz olib kelganman. Kelib, ishga joylashib oy»likni olguncha, pul bergan odam qarzini qistalang qiladi. Qarzimizni uzamizmi, hujjatimizni qilamizmi? Yangi kelganlar Istanbulning ichida oz maosh oladi, shu bois 10 soat-11 soat uzoqlikda 6 oy–1 yillab ishlab keldik. U yoqda hujjat qilishmadi. Qochoq (noqonuniy muhojir ma’nosida) bo‘lib qoldik. O‘sha yoqda ham idorasiga olib borishdi, «chalishma izni» (ishlash uchun ruxsat) qilasan deyishdi. Xuddi Rossiyadagiga o‘xshab. «Chalishma izni» uchun patent to‘laysiz. Kim to‘laydi, patron ham to‘lamaydi, biz ham to‘lamaymiz. Unday qiladigan bo‘lsak, ozgina pulga ishlashimiz kerak bo‘ladi. Bu yoqda qarz kutadi, bola-chaqa pul kutadi, shu bilan hujjatsiz qolib ketishadi.
Suhbatdoshning bildirishicha, aeroportdan Turkiyani tark etish chog‘ida jarimasi to‘lanadi va O‘zbekistonga borgach, yana qaytib kelish mumkin bo‘ladi. Ko‘pchilik ikkinchi karra kelishida hujjat qilib, qonuniy ishlash, tibbiy sug‘urta qilib olishga harakat qiladi. Bundan tashqari, Turkiyada muhojirlarni ishga joylashtirish shirkatlari bo‘lib, ular orqali ishga joylashilsa, birinchi maoshning yarmi ularning xizmat haqi uchun to‘lovga sarflanadi.
O‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, bandlik shirkatlarining qonuniy va noqonuniylari bor. Qonuniylari orqali ish qidirilganda, topib berilgan ish ishchiga yoqmasa yoxud rahbari bilan kelisholmay qolsa, bandlik shirkati olti oy mobaynida unga birinchi to‘lov evaziga 3 marta ish topib berishi qonun talabidir. Bandlik shirkati noqonuniy bo‘lmasa, uning rahbari har doim mehnat muhojirini o‘z xodimidek himoya qiladi.
Istanbuldagi ilk suhbatimiz shunday mazmunda kechdi. Navbatdagi muloqotimiz o‘zaro munosabatlar, mehnat muhojirlarining hayoti va aviachiptalar narxi haqida bo‘ladi.
Tolib Rahmatov
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”