Tintuvda olib ketilgan gumondorning buyumi sudda bahslarga sabab boʻldi

Sanjar Karimovga oid sud jarayonida yangi va diqqatga sazovor holatlar ochiqlandi. Uning uyida oʻtkazilgan tintuv jarayonida qonunbuzilish alomatlari kuzatilgani haqida sudda koʻrsatmalar berildi. Bu haqda Kun.uz nashri xabar qildi.
Ichki ishlar boshqarmasi tezkor xodimlari ishtirok etgan mazkur tintuv davomida, ulardan biri gumondorga tegishli, tergovga daxldor boʻlmagan shaxsiy buyumni yashirincha olib chiqib ketgani maʼlum boʻldi. Bu holat sud majlisida rasman tan olindi.
Maʼlumotlarga koʻra, xodim ushbu buyumni hech kimga bildirmasdan oʻzi bilan olib ketgan. Keyinchalik, Sanjar Karimovni narkologiya boʻlimiga olib borish jarayonida u oʻz shaxsiy buyumini tanib qolgan.
Sud jarayonida jinoyat qidiruv boʻlimi xodimi bu holatni izohlab, buyumni “qoʻlida oʻynab turgan holda, beixtiyor olib chiqib ketgani”ni taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, keyinchalik ushbu buyumni oʻzida qoldirish masalasini ham Karimov bilan kelishgan holda hal qilganini aytdi.
“Narkologiyaga borayotganimizda mashinangizda oʻzimning firmamga tegishli boʻlgan brendli narsani koʻrib qolganimga qanday izoh berasiz?” – deb soʻradi Sanjar Karimov sudda soʻroq qilingan jinoyat qidiruv boʻlimi xodimidan.
“Ha, esimdan chiqibdi, toʻgʻri. Breloksimon narsa bor ekan. Haqiqatan, qoʻlim bilan oʻynab, olib chiqib ketibman. Narkologiya boʻlimiga birga bordim. Agar rozi boʻlsangiz, menda qoladi, desam “men roziman”, deb aytdilar”, – deya izoh berdi tezkor xodim.
Biroq Sanjar Karimov bu holatga shubha bilan qarab, tintuv vaqtida uyida qimmatbaho buyumlar, jumladan soatlar boʻlganini va ularning toʻliq saqlanganiga ishonchi komil emasligini bildirdi. U sudda xodimdan bu borada kafolat soʻradi.
“Siz kafolat bera olasizmi hamma qimmatbaho narsalar oʻsha yerda borligiga, hech kim tegmaganiga?” deb soʻradi u tezkor xodimdan.
IIB xodimi esa faqat oʻziga tegishli holat boʻyicha javob bera olishini, boshqa buyumlar taqdiri uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga ololmasligini bildirdi.
Qisqacha aytganda, mazkur sud jarayoni nafaqat asosiy ishni, balki tintuv jarayonidagi qonunbuzilish ehtimollarini ham ochiq muhokamaga olib chiqdi. Bu esa tergov jarayonlarida shaffoflik va javobgarlik masalalarini yanada dolzarb qilib qoʻymoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!