Xorijda ishlangan filmlardan birini ko‘rib o‘tiribman. Ikki yosh nikohdan o‘tayapti: «…Hayotning baxtli va baxtsiz, yaxshi va yomon damlarida ham, sog‘ va bemor paytlarida ham hamisha birga bo‘lishga qasamyod qilamiz…».
Ular jamoat oldida bir-birlariga ana shunday so‘z berishdi, ammo bunga qay darajada amal qilishadi, buni hayot ko‘rsatadi…
Aslini olganda bizdagi qonun talablari bundan mustahkamroq, shariat talablarining mohiyati o‘sha qasamlardan chuqurroq. Biroq buni tushungan tushunadi.
Yaqinda tanish huquqshunos opa menga g‘alati savol berib qoldi: «Baxtingizni hech izlaganmisiz?».
To‘g‘risi, javob berishga andak qiynaldim. Sababi, savol qay ma’noda berilgani va mohiyatini anglayolmayotgandim. «Baxtingizni topganmisiz?», «Baxtlimisiz?» demoqchimi?!
Jim qolganimni ko‘rib opaning o‘zi javob bera qoldi:
– Ha, hamma baxtli bo‘lishga haqli, biroq chinakam baxt uni izlaganniki, unga intilganniki! Mabodo kimdir baxtsiz ekan, unga o‘zi aybdor.
Bu fikrga qo‘shildim, chunki opa haq edi. Keyin u kishi bir oila misolida o‘zining haqligini yana asoslab berdi.
…Anvar Sharifaga ko‘ngil berib uylangan. Avvaliga turmushlari binoyidek edi – Sharifa eriga mehribon, Anvarning ham xotinidan ko‘ngli to‘q, muomalasi joyida, mehnatkash, orasta…
Ammo nimadir bo‘ldi-yu, oralaridan ola mushuk o‘tgandek, farzandlari bo‘y yetib qolayozganda murosalari buzildi. Uch farzand ko‘rguncha yaxshi bo‘lib kelgan Sharifa endi erining ko‘ziga baloday ko‘rina boshladi. O‘tirsa o‘poq deydi, tursa – so‘poq… Bahona – allergiya sabab tez-tez nafasi qisib qolayotgani…
Oxiri kundalik mojarolar ajrashishgacha borib yetdi. Anvarni na mahalla-ko‘y murosaga keltira oldi, na qarindosh-urug‘. Sharifa uch bolasini yetaklab ota uyiga ketdi. Anvar esa ko‘p fursat o‘tmay boshqa bir ayolga uylanib oldi. Go‘yo shu bilan hammasiga nuqta qo‘yildi…
Koshki edi shu bilan masala hal bo‘lsa?! Tabiiyki, erining darrov uylanib olgani Sharifaga yoqmadi. Uni nega «yoqtirmay qolgani»ning sababini ham anglagandek bo‘ldi – Anvar keyingi xotini bilan avvaldan tanish edi nazarida…
Jahl ustida qaynotasinikiga bir-ikki janjal qilib bordi ham. Oxiri taqdirga tan berdi chog‘i, bormay qo‘ydi. Ammo bolalari bu nohaqlikka aslo chidagilari kelmasdi. Ayniqsa, otasi begona ayolni e’zozlab, o‘zlarini kamsitayotganini sira hazm qilisholmasdi. Ular Anvarni ota demay, u haqda gapirmay qo‘yishdi.
Yangi o‘quv yili oldidan Sharifa qo‘shnining dalasida rosa ter to‘kib ishladi. Axir bolalariga maktab uchun kiyim-bosh olishi kerak, ularni bir o‘zi boqib kelayapti.
Shunday kunlarning birida ammasi uni urishib berdi:
– Qara, dalada ishlayverib kuyiblar ketibsan! Ering esa yoshgina xotinini quchib o‘tiribdi. Nima, bolalar bitta senikimi?! Ularni Anvarning yoniga yubor, maktab formalarini qilib bersin!
Bu gap Sharifaga yoqmadi. Bolalarga ham. Ammo ammasi oyoq tirab turib oldi. Umida noiloj singlisi Mavluda va ukasi Shohruxni yetaklab ota uyiga kirib bordi.
Hovlidagi karovatda buvasi va buvisi kichik qizlari bilan birga ovqatlanib o‘tirishardi. Nabiralarini ko‘rgan cholu kampirning negadir kayfiyati buzildi.
– Ha, nega keldilaring?! – pisanda qildi buvi. – Nima, onang boqolmay qoldimi?
Bolalar javdirab ularga qarashdi.
– Nega baqrayasanlar?! – yana shang‘illadi buvi. – Tinchgina yashayotuvdik, senlar kelib uyimizda janjal qo‘payadi endi. Onangning nomi o‘chgan bu xonadonda, o‘rnini ana – ko‘nglimdagi kelin to‘ldirgan!
Umida shundagina oshxonada kuymalanib yurgan «yangi oyi»ni ko‘rib, ortiga tislandi. Shu payt qayerdandir otasi paydo bo‘ldi-yu, o‘dag‘aylay ketdi:
– Nega keldilaring?! Onang bilan ajrashganman, senlarga nima bor bu yerda?
Umidaning xo‘rligi keldi. Qarshisidagi vijdonsiz qarindoshlari oldida o‘zini yerga urgisi kelmadimi, ukasi va singlisining qo‘lidan tortib ko‘chaga oshiqdi. Biroq Shohrux qo‘lidan yulqinib chiqib, otasining ro‘parasiga bordi.
– Bizga joy yo‘q yerda anavi nima qilib yuribdi bo‘lmasa?! – deya yig‘i aralash «yangi oyi»ga imladi u. Bundan buvining fig‘oni oshib, ular tomon yugurdi. Qarg‘ana-qarg‘ana nabiralarini turtib-nuqib ko‘chaga olib chiqib tashladi…
Sharifa darvozadan yig‘lab kirib kelgan bolalaridan bo‘lgan voqeani eshitdi-yu, ularni ergashtirgancha erining uyiga kirib bordi. Bu paytda Anvar ota-onasi bilan birga mehmonga kelgan singlisini kuzatayotgandi.
– San-manga borgan bo‘lsak, ikkalamiz borganmiz, bolalarda nima gunoh?! Nega ularni haydaysiz?! – Sharifa Anvarni ko‘rishi bilan baqira ketdi. – Otasisiz axir! Kunda kelayotganmidi?! Nima, hovliga ega chiqib oladi deb qo‘rqib ketdingizmi?!
Bu gap Anvarga og‘ir botdi. Birdan jahl otiga minib, Sharifani haqoratlay ketdi. Unga ota-onasi va singlisi ham qo‘shilgach, Sharifa bularga bas kelolmayman deb o‘yladimi, shartta o‘zi kelin bo‘lib tushgan uyga kirib, o‘tirib oldi:
– Ana endi mendan ko‘rasanlar! Bu uyda mening ham haqqim bor. Hech qayerga ketmayman endi!
Buni ko‘rgan Anvar g‘azabdan bo‘g‘riqqancha ichkariga kirib Sharifani ura ketdi. Ularni ajratishga yugurgan Umida va Shohruxning ham yuz-ko‘zi aralash musht tushirdi. Mavluda esa qo‘rqqanidan baqirib yig‘lashdi tushdi.
– Tinch ro‘zg‘orimni buzgan yashshamagurlar! He iloyo og‘zingdan qoning kelsin senlarning! – buvi yugurib kelib Mavludani itarib yubordi. Keyin Shohruxning yuziga chang soldi.
Umida katta bo‘lib qolgan, bu oiladagilardan yaxshilik chiqmasligini allaqachon anglab yetgandi. Shuning uchun kaltak va tepkilar zarbidan vujudi zirqirab og‘riyotgan bo‘lsa-da, bor kuchi bilan buvisini nari itarib, yerda erining tepkilaridan to‘lg‘onayotgan onasiga yopishgancha bor ovozda baqirdi:
– Oyi, turing, ketdik! Bu yerdan ketamiz, turing deyapman!
Keyin otasiga yuzlandi:
– Bo‘ldi, oyimni urmang! Ketamiz shu uyingizdan! Bu yerni endi yelkamizning chuquri ko‘rsin!
Uning nogoh yangragan bu chinqirig‘i, undagi shiddat, vajohat Anvarni va onasini biroz hushyor torttirdi, ortga chekinishga majbur qildi. Bundan foydalangan Umida yig‘lagancha onasini ko‘chaga sudradi. Shohrux esa bir burchakda inqillab yotgan Mavludani yetaklab ularning ortidan ergashdi…
Anvar ular shu ketishida biror yerga shikoyat qilsa kerak deb qo‘rqqani tayin. Biroq Umida onasini bunday niyatidan qaytardi:
– Ularga xudoning o‘zi jazo beradi! – dedi shivirlab.
Shu ko‘yi ular qaytib u xonadonga borishmadi. Ota uyida baxt eshigi o‘zlari uchun yopilganidan tushkunlikka tushmay, uni mehnat va bilimdan izlashdi, unga intilishdi.
Umida bugun oliy toifali shifokor, Mavluda esa o‘qituvchi. Shohrux harbiylikka qiziqardi. Harbiy xizmatga ketdi-yu, o‘sha yerda ishlab qoldi. Keyinroq shu soha bo‘yicha o‘qib ham oldi.
Uchovi oilaning naqadar azizligini, uni yo‘qotish qalblarga bitmas jarohat yetkazishini o‘z achchiq qismatlari misolida ko‘rgani uchun bor mehrini turmush o‘rtoqlari va farzandlariga berishdi. Yolg‘iz boshi bilan ularni voyaga yetkazgan Sharifa ham keksayganida dilbandlari e’zozida. Oilaviy yig‘ilib qolishganida Anvardan so‘z ochilgudek bo‘lsa, Umida Sharifani quchoqlaydi:
– Bizning otamiz ham, onamiz ham – siz!
Turmush bir tekis kechmaydi. Ba’zan birovlarning turmushiga havas qilsang, yana birovinikidan o‘kinasan kishi. Turfa oilalar taqdiri tahliliga berilarkanman, qo‘ydi-chiqdilarsiz hayotni me’yorida va o‘z o‘zanida oqayotgan daryoga qiyoslagim keladi.
Turmushi buzilganlarning ko‘pini ko‘rdim. Ajralishdan so‘ng dilida iliqlik va baxtiyorlik tuyganlarini shu paytgacha uchratmadim. Aksincha, har gal mojarolashayotgan tomonlar o‘rtasida tirik yetimlikka mubtalo etilgan norasida go‘daklaru talash bo‘layotgan mulkka duch kelamiz.
Hayot sinovlariga dosh berganlargina baxtga erishadi. Hayot o‘zi muallim, nima dedingiz?!
Chindan ham opa haq: baxt – izlaganniki, unga intilganniki!
Nilufar NIYOZOVA
Manba: Huquq.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
AQSHda 10 yoshli bola politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, matematikadan uy vazifasini bajarishda yordam so‘radi
Rossiya Davlat dumasiga rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni maktablarga kiritishni taqiqlash loyihasi kiritildi
Migren, klaster sefalgiya, zo‘riqish... Bosh og‘rig‘ining necha turi mavjud?
Sayxunobodda qarzdor otadan salkam 75 mln so‘m aliment pullari undirildi
Xonanda Munisa Rizayeva ilk marta ona bo‘ldi
Kipr hukumati rossiyalik va ukrainalik milliarderlarning «oltin» pasportlarini olib qo‘ydi
Eron oliy rahnamosi Netanyaxuni qatl qilishga chaqirdi