00:16 / 25.04.2020
3 714

«Endi o‘lim men uchun qo‘rqinchli emas». Dorixonachi qiz hikoyasi

«Endi o‘lim men uchun qo‘rqinchli emas». Dorixonachi qiz hikoyasi
Foto: Google Images
«Daryo» ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qolayotgan kasb egalari bilan suhbat qilmoqda. «Soyadagi odamlar» loyihasining bu galgi qahramoni – dorixonada ishlayotgan farmatsevt qiz.
Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra, uning ism-sharifi hamda shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar o‘zgartirildi.

Ismim Nozima. Vohaning eng chekka qishlog‘idanman. Ma’lumotim o‘rta maxsus. Dorixonada ishlayman. Hozir ishim tufayli shahar markazida oilamiz bilan ijarada yashaymiz.
Yoshim pasport bo‘yicha 23 da. Aslida esa...

Sahih hadislarda keltirilishicha, payg‘ambarimizning amakisi Abu Tolibdan bir kuni hamrohlari «Ey Abu Tolib, aytingchi, siz kattami yoki Rasululloh (s.a.v) kattami deb so‘rashibdi. Shunda ul zot «Albatta, Rasululloh (s.a.v) katta. Faqat men oldin tug‘ulganman, xolos», — deb javob bergan ekanlar.

Anglaganingizdek, yosh nisbiy narsa. Odamlar o‘n yoshida ham dunyoqarashi keng yoki o‘ttizida ham bola bo‘lib qolishi mumkin. Hammasi qalbimizdagi kechinmalarga bog‘liq. Qiyinchiliklar, og‘riqlar, sinovlar insonlarni ulg‘aytiradi.

Adashmasam, o‘shanda 5—6 yoshda edim. Bir kuni qo‘shnimiznikiga kirib ketayotib, zinadan yiqilib tushganman. Qo‘limdagi ruchka ko‘zimga sanchilib qolgan. Qolganini eslolmayman. Bir necha bor operatsiya qilishgan, lekin ruchkaning bir qismi miyamga yaqin joyda qolib ketgan, olisholmagan. Shundan beri chap ko‘zim ko‘rmaydi.

O‘sha paytlari dadam, operatsiyaga katta pul kerak bo‘lib, bizga bildirmasdan uyimizni sotib yuborgan. Shundan beri bir amakimizniki, keyin yana boshqasinikida yashab katta bo‘lganman. Bizni yoqtirishmasdi, bilardim. Axir kimni ham uyiga sig‘asiz? Qishloq sharoiti, hammasini bola-chaqasi bor, buyoqda men kasal bo‘b tursam, ayting, kimga yoqadi? Odamlar hozir hech kimni bag‘rini ochib kutib olmaydi. Shunday qilsa ham uzog‘i uch kun uyog‘iga hurmatingiz bitadi. Ming jigaringiz bo‘lsa ham yoqmay qolasiz. Tezroq uyiga ketsa-yu, deydigan bo‘lib qolarkan...

Esimda, qarindoshlarimiz doim bizni uyi yo‘q, kambag‘al deb ajratardi. Tengdoshlarim Nozi g‘ilay deb ustimdan kulib, mazax qilishardi.
Men hali shunaqa zo‘r, katta odam bo‘laman, hammalari meni kamsitgani, onamni yig‘latgani uchun javob berishadi derdim...

Foto: «Unsplash.com»

Ushalmagan orzu
Bolaligimdan jurnalistika sohasiga juda qiziqaman. Maqolalar, she’rlar yozaman. Doim taniqli, ijodkor jurnalist bo‘lishni orzu qilganman. Shu niyatlar bilan 5 yil ketma-ket o‘qishga topshirdim afsuski, kirolmadim. Bu yil esa ingliz tilini yaxshi bilganim uchun xalqaro universitetga topshirdim va shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindim. Bilasiz, xalqaro universitetlarning kontrakti «otni kallasiday». Oilada yolg‘iz farzandman, otam mavsumiy ishda ishlaydi. Hadeb pul topavermaydi, topgani ham ro‘zg‘ordan ortmaydi. Onam esa uy bekasi. Xullas, orzularim endi ushalganida oilaviy sharoitimiz tufayli o‘qimayman deb hujjatlarimni qaytarib olib keldim.

Pul topish uchun shu sohaga kirganman
Farmatsevtika sohasida ishlayotganimga kelsak, o‘qishga kirolmay, siqilib yurgan paytlarim edi. Uyimizda ham yetishmovchilik ko‘p bo‘lardi. Men ishlashim, pul topishim kerak. Bir nechta joylarda ishlab ko‘rganman, lekin «normalniy» to‘lashmagan.

Hayolimga «aptekachi» amakim kelgan. Ayoli ham farmatsevt edi. Ko‘p pul topardi, yurish turishni, oilani, ishni ham joy-joyiga qo‘yardi. Unga rosa havas qilardim.

Menam farmatsevt bo‘lsamchi deb o‘ylab qolganman. Dugonamning dadasining tuman markazida dorixonasi bor edi. Bir kuni ishchi kerakligini aytganida, meni ishga olsanglarchi deb taklif qilganman. Bu sohada o‘qimagansan-ku, seni ishga ololmaymiz deb rad qilgan. Mayli, o‘rganaman, faqat ishga olsalaring bo‘ldi deb oldiga yalinib boraverganman. Oxiri sinov muddati bilan qabul qilishgan. Bir tiyinsiz ikki yarim oy dorixonada ishlab, qaysi kasallikka qanaqa dori berish kerakligini yaxshilab o‘rganganman. Xudoga shukr, ularni ishonchini oqlab, uch oydan keyin rasman ishga kirganman.

Har yarqiragan narsa oltin emas
Keyin ikki yillik farmatsevtika bo‘yicha o‘quv kursini tamomladim. To‘g‘risi, diplom kerak ham bo‘lmadi. Hozir qayerdadir chang bosib yotibdi.
Sohani yaxshi o‘rganganimdan keyin shahardagi markaziy dorixonalarga chaqirishdi. Bordim, gaplashdik. Daromadi katta dorixona edi. Ishga kirdim. Lekin ishchilarni ko‘pi dimoqdor ekan, kelisholmadim. Ikki oyga qolmay ishdan ketdim. Tushundimki, hamma yarqiragan narsaning ichi oltin bo‘lavermas ekan.

Sohangizni yaxshi bilsangiz hech qachon ko‘chada qolmas ekansiz. Ko‘p o‘tmay boshqa dorixonaga ishga kirdim. Xudoga shukr, yangi ish joyim zo‘r. Boshlig‘imiz ham tillo odam. Hozir bitta dorixonani bemalol boshqarib, hujjat ishlarigacha eplayman.

Dunyoda eng yomoni sig‘indi bo‘lib yashash
Ish topganimdan keyin bir muddat onam bilan shahardagi qarindoshimiznikida yashadik. Dadam qishloqda akalari bilan qoldi. Bilasizmi, dunyoda eng yomoni nima? Yaqinlaringizni uyida sig‘indi ekanligingizni his qilib yashash.

O‘tirsak o‘poq, tursak so‘poq bo‘laverganimizdan keyin ijaraga uy topib chiqib ketishga qaror qildik. Oyligim bir million atrofida, ijaralar esa kamida 100 dollar. Buyoqda yeb ichishimiz, yo‘lkiramga oyligim yetmasligi aniq edi. Arzonroq uy topish uchun oyim ikkimiz qahraton sovuqlarda uy qidirdik. Buyoqda qarindoshimiz «Buncha, topilmayaptimi» deb ensa qotirardi. Uy topilardi, lekin bizga narxi to‘g‘ri kelmasdi-da...

Nihoyat bir yarim oy deganda shaharning sal chekkarog‘idan 350 ming so‘mga bir xonali uy topdik. O‘sha kuniyoq, onam bilan ko‘chib o‘tdik. To‘g‘ri, uyimiz chiroyli emas, kichkinagina va juda fayzli.

Dadam yangi uyga ko‘chganimizni eshitib, bizni topib keldi. Yana uchalamiz birga yashay boshladik. Har kuni ishdan qaytaman, ota-onam uyda. Juda baxtli edim. Biroq oy tugab, uyga to‘lov qilish payti kelganda dadamdan pul so‘radim. Dadam esa hozir qish bo‘lsa, ishlamasam, senga pulni qayerdan olaman deb jahl qildi.

Mayli, unda menda ham pul yo‘q. Agar to‘lamasak uydan chiqarvorishadi. Biz holamnikiga siz esa amakimlarnikiga qaytib ketaverasiz. Yana avvalgidek sig‘indi bo‘lib yashayveramiz, axir o‘rganib qolganmiz-u, deb uydan jahl bilan chiqib ketdim.

Ochig‘i, dadamning gaplaridan qattiq xafa bo‘ldim. Ishlasam, uy topgan bo‘lsam, oilani, ro‘zg‘orni eplasam, boshqa qizlar kabi biron nima olib bering demasam, hech yo‘q o‘zi turgan kvartiraning yarim pulini ham to‘lamaydimi deb, kun bo‘yi asabiylashib yurdim. Kechki payt uyga borsam dadam bobomdan pul olib kelibdi. Mana boshqa pulim yo‘q, qolganini o‘zing to‘la deb berdilar. Shunisiga ham shukr deb yonimdan qo‘shib, uy egasiga berib keldim.

Hozir oyligim 1 million 200 ga yaqin. Allohga shukr, yo‘lkiram, uy ro‘zg‘ordan ortirib, o‘zimga u-bu narsa olishimga ham yetadi. To‘g‘ri, ro‘zg‘orimizga hamma narsani ololmaymiz. Har kuni go‘sht yemasak ham, bir burda nonga ham qorin to‘yaveradi. O‘ziga ming shukr, hayotimdan hech qachon nolimayman.

Shukr qilishni bilmagan odam rohatlanishni ham bilmaydi
Sizga aytib berganlarim hayotimdan bir parcha, xolos. Shunaqa qiynalgan paytlarim faqat diniy, psixologik kitoblar o‘qidim. Fikrlashim, dunyoqarashim o‘zgardi.

Avvallari oila mukammal bo‘lishi, ota-ota bo‘lishi, ona o‘z vazifalarini qilishi, hamma narsada adolat bo‘lishi kerak deb, o‘ylardim. Ko‘nglimni og‘ritgan insonlarga hali ko‘rsatib qo‘yaman deb yashardim.

Biroq vaqt o‘tgani, ulg‘ayganingiz sari bu dunyo, undagi narsalar men uchun o‘z ahamiyatini yo‘qotdi. Ayb qidirmasdan, nolimasdan hamma narsani boricha qabul qilishni boshladim. Hayotim ham yengillashdi.

Bilasizmi, shuncha payt orzularim ketidan yugurdim. Amalga oshmadi, tinmay yiqilaverdim. Eng yaxshi ko‘rgan narsalarim qo‘limdan ketdi. Yig‘ladim, tushunlikka tushdim, lekin nima o‘zgardi? Bular nimadir qaytardimi? Aksincha o‘zimni qiynaganim, bekorga ko‘z yoshlarim to‘kilgani qoldi.

Men endi hech qachon 23 ga kirmayman, ming xohlasam ham bugungi kunni topolmayman... Endi hayotimni yig‘lab o‘tkazmoqchi emasman. Har bir daqiqamdan unumli foydalanib, mazza qilib, rohatlanib yashamoqchiman.

Foto: «Unsplash.com»

Hayot mo‘’jizalarga to‘la
Faqat inson muammolaridan chiqib, hayotga ko‘zlarini kattaroq ochib qarashi kerak ekan.

Masalan, har juma kuni dorixonamizga biror qariya odam kirsa, kichkina dorisini bo‘lsa-da, tekinga berishga harakat qilaman. Eng qizig‘i, ko‘p o‘tmay qilgan ehsonlarim 3—4 barobar bo‘lib qaytib keladi. Xursand bo‘laman, yana ishtiyoq bilan xayriya qilaveraman. Hozir qurbim yetganicha qilyapman, ishonaman vaqti kelib odamlarga ko‘p yordam berishga imkonim bo‘ladi.

Oldingiga nisbatan hozirgi hayotimdan ko‘nglim to‘q. Qo‘limdan kelganicha kimgadir yaxshilik qilishga intilyapman. Berilgan farz amallarni bajaryapman. O‘ziga tavakkal qilganimdan beri qalbimda shunday xalovat borki, o‘lim ham unchalik qo‘rqinchli bo‘lmay qoldi.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «Endi o‘lim men uchun qo‘rqinchli emas». Dorixonachi qiz hikoyasi