23:10 / 30.05.2020
2 958

“Men qanday Islomni qabul qildim?” yoxud “Hidoyatga kelgan armani” suhbatiga ilova

“Men qanday Islomni qabul qildim?” yoxud “Hidoyatga kelgan armani” suhbatiga ilova
Ozarbayjonda tug‘ilib, yillar o‘tgach, O‘zbekistonda istiqomat qilish uchun ko‘chib kelgan arman, qisman alban ota-onaning zurriyodiman.
Oilamiz mutloq nasroniy urf-odatlar ichida hayot kechirmagan bo‘lsa-da, nasarolarning pasxa bayramida tuxum bo‘yashlari, Iso(alayhissalom)ni uch ilohdan biri deb bilishlari, biror yaqini vafot etsa mozorda sham yoqish bizning oilani ham chetlab o‘tmagan.

Ziyofat dasturxonida aroqlar daryo bo‘lib oqadigan, cho‘chqa go‘shtidan eng tansiq taomlar yeyiladigan, xususan, turfa xil kaboblar tayyorlanadigan xonadonda... bir kuni marhum otamning “ta’biri” bilan aytganda, katta fojia yuz berdi: kichik akam “armanlarni sotib, o‘z diniga sotqinlik qilib” musulmon bo‘ldi.

Xullas, bizning jaholat havosi bilan dimiqqan uyimizda Islomning sof shabbodasi ilk bor endigina 22 yoshdan o‘tgan akam tufayli esa boshlagan.

Tan olib aytaman, otam va qondoshlarim tomonidan akamga qilingan zulm, bosim men iymonga kelganimda bo‘lmagan.

Akam musulmon bo‘lgach, otam oldimizga qat’iy talab qo‘ydi: u bilan gaplashish, yaxshi muomalada bo‘lish, qo‘llab-quvvatlash taqiqlandi. Bu qoidani buzganlar onam kabi kaltak yeydigan, kurakda turmaydigan haqoratlar eshitadigan bo‘ldi.

Namoz o‘qishiga atayin xalal berishlar, qarindoshlar jamoatini yig‘ib “qani aytchi, sening Allohing Qur’oningda yana nimalar debdi” deya istehzo qilishlar, “cho‘chqaning qo‘y bo‘lgisi kelibdi-da” kabi yurakni teshadigan malomatu haqoratlar yomg‘iri akamning boshiga tinimsiz yog‘ilganini eslasam, hozir ham yig‘lagim keladi, tushkunlikka tushib qolaman.

Akamning “sunnat qilingan”i otam va qarindoshlarning qulog‘iga yetgach, uning ustidan qanchalar xorlashganini aytsam, ko‘plar ishonmasa ham kerak. Xullas, akam barchasiga chidadi.

Aksincha, iymoni baqquvatlashib, ko‘chada duch kelganni da’vat qiladigan, mahalladagi darvozalarda osilgan isiriqni ko‘rsa, yulib tashlaydigan, uyda otamning arag‘ini to‘kib tashlaydigan odat chiqardi.

Bu oilamizdagi chigal vaziyatni yanada chigallashtirar, tarang ahvolni battar taranglashtirardi.

Shu orada qarindoshlarning sabr kosasiga eng so‘nggi tomchi bo‘lgan voqea yuz berdi. Ya’ni akam bir-ikki yo‘ldan ozganlarning uzum bog‘iga o‘g‘rilikka tushmoqchi bo‘lganini bilib qolib, bog‘ egasini ogohlantirgani oilamizdagilarni quyushqondan chiqardi.

“Bu juda toza bo‘lib ketibdi, tanobini tortmasak bo‘lmaydi” deb janjal ko‘targanlari hali-hamon esimda. Eng qiyini onamga bo‘ldi.

Eri taraf bo‘lay desa o‘g‘lining, o‘g‘li taraf bo‘lay desa erining dili og‘rishidan cho‘chib, yashash qanchalik og‘ir bo‘lganligini ko‘rganman. Ammo onam baribir akam tarafda edi. Qanchalar yig‘laganlari, akam bilan barobar emas, undan-da ortiq zulm ostida qolganligi, shundayam otamga biror e’tiroz bildira olmaganlari bor gap.

Orada akam qamaldi. 1999-2000 yillarda musulmonlar qanday nohaq qamalishgan bo‘lsa, shunday qamaldi. Akamning birinchi ayoli o‘zbek edi. O‘sha ayolning ko‘z yoshlari otamni eritdi va padarim katta mansabda ishlaydigan tanishlarini ishga solib, katta pul evaziga akamni qamoqdan olib chiqdilar.

Ota-o‘g‘il munosabatlari biroz yaxshilandi-yu, ammo akam musulmonlikdan baribir kechmagach, oralari yana darz ketdi.

Otam “Seni qamoqdan men olib chiqdim. Menga rahmating shu qo‘pol muomalangmi?” desa akam: “Men qamoqda Allohga nola qildim, ohlarim Xaqqa yetib borib qutildim” der, otam dahriy emasdi, kofir emasdi –Allohga ishonardi, ammo g‘azabi kelib, kufr kalimalari tilidan uchib, “Demak seni Alloh qutqardi, men-chi hech nima qilmadimmi?!” deb yuborardi. “Men bo‘lmasam sen qayerdan paydo bo‘larding” degan savoliga akam xaqli ravishda “Alloh meni paydo qilishni istasa, boshqa ota-onadan ham binoga kelaverardim” der, albatta bu otamga og‘ir botardi... O‘n to‘rt yildan beri hidoyatda bo‘lgan mo‘min sifatida bu hodisotlarga baho beradigan bo‘lsam, akamning da’vat uslubi qo‘pol va xato edi. Chunki...

Kimning esida bor yo yo‘q, “Ko‘ngil ko‘chalari” degan gazeta bo‘lardi (balki hozir ham bordir). O‘sha gazeta O‘zbekistondagi eng islomiy nashr edi, sahifalarida Qur’ondan oyatlar, hadislar, avliyolar hayoti, turfa diniy kitobdan iqtiboslar berilardi.

Otamga badiiy kitoblar, gazetalar o‘qib berardim. Otam meni ayricha yaxshi ko‘rganiga “Sen faqat o‘qi, qora ishlarga aralashma, senga nima kerak bo‘lsa, o‘zim yetkazib beraman, ilm ol!” derdilar. Xullas, “Ko‘ngil ko‘chalari”da musulmon odam otasiga mehribon bo‘lishi haqida bir hadis chiqib qoldi. Uni otamga o‘qib berganimda “Ha bu musulmonlik yomon emas ekan-ku? Bu yerda o‘g‘il otaga shirin gapirishi kerakligi yozilibdi, men musulmonlar ota-onasiga qarshi borib bo‘lsayam yo‘lida ketaverishi kerak deb bilarkanman, bu menga yaxshi gapirmayaptiku?” derdi. O‘sha voqea sabab bo‘lib bilganmanki, demak da’vatda eng birlamchi omil ilm, yuksak aql emas, balki MUOMALA ekan...

Yillar o‘tdi... Orada men bilan orasi bir yil farq bilan tug‘ilgan ukam o‘n ikki yoshida vafot etdi. O‘z ajali bilan o‘lgan ukamning o‘limida musulmon akamni ayblashgach, akam “portladi”. Ichidagi borini aytdi. Ammo qora kunlari tugamadi.

Shuncha yillar boshiga kelgan sinovlarga dosh bergan akam nima sabab bo‘lib bilmadim, “otam istagan o‘g‘il”ga aylandi.

Namozni tashladi, zinoga sho‘ng‘idi, baloga sho‘ng‘idi, nima qilsa-qildi. Ammo yillar o‘tgach baribir otam vafot etgunga qadar oralari isloh bo‘lmadi. Otam akamdan norizo bo‘lib ketdi, akam otamdan norizo bo‘lib qolaverdi. Xolis aytsam, men akam tarafman... Otamni norizo qiladigan bola emasdi u... Uyda eng ko‘p mehnat qilgan ham ro‘zg‘or yukini tortishib yuboradigan xam akam edi. Gunohi iymonga kelgani edi, xolos.

Akam meni ham dinga da’vat qilgan. Notiq bo‘lgani uchun har qanday odam uning ta’siriga tez tushardi, xususa,n men ham. Masalan, biror ish buyursa, shunday chiroyli gapirardiki, otam taqiqlaganidan aytgani qilgim kelmasa-da, ichimda “Ey Xudo akam menga boshqa ish buyurmasin-da, bo‘lmasa aytganini qilvoraman” deb turardim.

Ilk namozimni hech qanaqa sura tilovat qilmay, faqat shaklan, ammo o‘shanda ham qalban akam bilan o‘qiganmiz. Akam bir kuni menga rosa Islomdan gapirdi-da, joynamozni yozib: “Ana endi sen bilan ikki rakat namoz o‘qiymiz, yonimga tur” deb dedi. Birga namoz o‘qidik. Oxirgi sajdada otam ko‘rib qoldi. Ba’zi vaqtlarda otam ham iyib, erib qolardi. Qo‘lida tamaki qistirgancha “Ha o‘g‘il, sen ham “aynidingmi” desa, men shosha-pisha xuddi ayb qilgandek, ham uyalib-ham qo‘rqib: “Yo‘g‘-yey, akam majburladi-da” deb lop etib akamga tuhmat qilib yuborganman. O‘shanda akam nigohida mehr aralash achinish ila: “Uka, o‘zing o‘qiylik” deding-ku?!” deganlari xotiramda muhrlanib qolgan.

Akamni tushunaman, sho‘rlik o‘zi yetishgan ne’matdan bizning ham bahra olishimizni istagandir-da...

Bir tomondan bunday nodir holatlardan boshqa vaqtdagi akamning da’vatidagi qo‘pollik, otamdan qo‘rqish, qalbdagi ikkilanish, endigina 12-13 yoshga to‘lganim, pishmagan, xomligim va eng asosiysi qaytib kelmasin deyiladiganning davridagi TV va gazetalarda Islomga qarshi targ‘ibotlar ta’siriga tushib, men o‘sha vaqtlarda iymonga kela olmadim.

O‘n beshga to‘lganimda Islomga qiziqishim ortib qoldi. Chunki hozirgiga nisbatan ko‘p o‘qirdim. Oyiga 24 dona kitob o‘qigan davrlarim ham bo‘lgan... Inson o‘qigani uqqani sayin Yaratganni izlayverarkan. Allohning borligini-ku esim kirganidan beri bilardim, ammo Allohdek Zotning marhamati, qahri, nima qilsam rozi bo‘lishiyu nima qilsam, norizo bo‘lishini bilmasdim. Yoshim o‘n oltiga yetganida nosaro dini norasoligi aniq-tiniq tushunib yetdim. Baxtimga cho‘qintirilmaganman, uyimizdagilar cherkovga bormagan, xoch taqmaganman. Ammo Allohni uchta deb e’tiqod qilishlar, qarindoshlardan kimdir o‘lsa yuzi ochiq holatda kostyum-shimda yo biror go‘zal libosda ko‘milishini xazm qilolmaganman. Bular men uchun loyqa e’tiqod edi. Qalbim toza shaffof e’tiqod izlardi.

Orada Abdulloh Sevinchning “Qabrdan maktub” kitobi O‘zbekistonda juda mashhur bo‘lib ketdi. Shu kitobni o‘qidimu hamma shubhalarim tumandek tarqab ketdi. Qat’iy ravishda “Musulmon bo‘laman!” dedim. Kitobdagi hikoya Qur’on va xadislarga asoslanib, shirali tilda yozilgani menga qattiq ta’sir qilgandi.

2006-yil, avgust oyining oxirrog‘i edi. Otam vafot etganiga bir oy ham bo‘lmagan, musibatimiz yangi. Kelgusi oyning, ya’ni sentabrning 24-kunidan Ramazon boshlanar edi. Ro‘za tutaman, deb ahd qildim. Musulmonlar o‘zaro gaplashganlarida ro‘za quruq tutilganidan ko‘ra namoz o‘qilgani ham yaxshiligi haqida uzuq-yuluq eshitganim uchun shoshib qoldim. U paytlarda hali azonlar baland aytilardi... Hozir ham shu. Men oradagi bir muddatni esladim. Tushungan tushunib olaveradi. Men namoz o‘rganmoqchi bo‘lgan yil odamlar namozxonlarga, xijoblilarga egri qarardi. Butun boshli o‘n besh mingdan oshiq kishi istiqomat qiladigan qishloqda namozxonlar yuz nafarga yetsa, katta gap edi. Ustoz topishim kerak, men biror marta hali masjidga bormagan bola, tanish-bilishsiz, yosh yigitcha o‘ylab-o‘ylab namozxon qo‘shni ayoldan namoz o‘rgatishini iltimos qilib chiqqanman. U jon deb rozi bo‘lgan. Vazni og‘ir, harsillab nafas oladigan yoshi o‘tgan ayol edi...

Mana yozyapmanu ko‘zim to‘la yosh...

U vaqtda bir gapiga mayin jilmayib qo‘yganman, ammo o‘n to‘rt yilki qachon esimga tushsa, bir gapiga hanuz o‘kirib yig‘lab yuboraman (hech kim yo‘q joyda). O‘zi mening odatim shu. Juda qattiq haqorat eshitsam ham, mushtlar ostida qolsam xham birovning oldida yig‘lamayman... Nomus qilaman.

Chidolmasligimning ehtimoli yuqorilashsa, gapni tugatib xayrlashib, bir o‘zim Allohga yig‘layman. Xullas, o‘sha menga namoz o‘rgatgan Umida ismli qo‘shni ayol “Bolam, men ruku sajda qilolmayman, qand kasalim bor, vaznim og‘ir birdaniga yuragim to‘xtab qolishi mumkin ekan, ammo sen eslab qolgin o‘rgangin deb ruku sajda qilib ko‘rsataman eslab qolgin” degandilar... Alloh u ayoldan rozi bo‘lsin. Razil kimsalar xalqni shu darajada qiynadilarki, butun bir qishloqda erkak namozxon topishga qiynalib keyinchalik topgan bo‘lsamda ayol kishidan tahoratni, namozni o‘rgandim, shu ayol orqali Allohni tanidim. Alloh u ayoldan rozi bo‘lsin! Dorilbaqoga ketganlariga ancha bo‘ldi. Sog‘inaman. Har hayitda sovg‘a ulashgim keladi, gaplashgim keladi, ammo nachora...

Nihoyat Ramazongacha namozni o‘rgandim. Onamga “Bir oy ro‘za tutaman, namoz ham o‘qiyman, ro‘za tugashi bilan namozni tashlayman” deb Ramazonni kuta boshladim! Bu mening hiylam edi. Bir oyda ko‘zlari o‘rgansa keyin indamaydilar deb reja qildim.

Ilk bor bundan o‘n to‘rt yil oldin, 2006 yilning 24 sentabrida yolg‘iz o‘zim otam ekkan behilar ostida saharlik qildim. Bir oy to‘liq ro‘za tutdim. Namoz o‘qidim. Shavvol o‘tdi... Zulqa’da o‘tdi... Zulhijja kelgach, onam: Ramazon tugagach, namozimni tashlayman deganding-ku?” deb so‘roqqa tutib qoldilar. “Ona, yomon ish qilmayapman-ku?!” desam: “Biz armanmiz, ota-bobolarimiz qilgan ishni qil!” degan javob bo‘ldi. “Namozni tashlamayman, gunohidan qo‘rqaman” dedim. Onam har gal opamning uyiga borib qaytgach, meni ezadigan odat chiqardi.

Opam ongini zaharlagani uchun, albatta. O‘n sakkiz yosh vaqtim hirsimu nafsim kuchayib ketib, qo‘shimchasiga onam va qondoshlarning bosimi sabab o‘sha yilning qaysidir kuni peshin vaqtida “Shu namozni o‘qiymanu boshqa o‘qimayman!” deb ahd qildim... Baribir onam mendan norozi, bahonada qizlar bilan ko‘ngilxushlik ham qilaveraman, bo‘lmasa, Islom dini bunga yo‘l qo‘ymaydi”, degan fikrga kelib, namoz vaqtini kuta boshladim. Uyimizda gaz yo‘q edi. O‘tin yoqardik, gohida elektrplita choy qaynatardik. Elektrplita ham men namoz o‘qiydigan xonada edi. Peshin boshlashimdan oldin choy qo‘yilsa, suv bilqillab qaynayverar, yonimdan kesib o‘tish gunohligini tushintirganim uchun chovgum yarimlab qolsayam onam indamasdan kutardi.

Keyinchalik men Islomga kirgach, ijobiy tomonga o‘zgarganimga oxiri tan berib o‘zi qo‘llay boshladi. Men namoz o‘qib bo‘lganimdan so‘ng qo‘yadigan bo‘ldi choyni.

O‘shanda xonamning eshigini ochib: “Jaan(armanlarda shunday erkalash bor, kattayu kichikka o‘g‘il qizu sevgiliga ishlatilaveriladi, o‘zbekcha jon so‘zi bilan ma’nosi bir xil), namozingni o‘qiginu keyin mana buni plitkaga qo‘y”, dedilar. “Iya, bular taslim bo‘libdi-ku, men esa namozni tashlayman deb o‘tiribman, yo‘q, endi o‘lgunimcha tashlamayman!” deb ahd qildim.

(davomi bor)

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Men qanday Islomni qabul qildim?” yoxud “Hidoyatga kelgan armani” suhbatiga ilova