Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek milliy liboslarini kiyib, murakkab tryuklarni bajarayotgan qizni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak? U atlas ko‘ylak va boshda ro‘mol bilan mashhur xorij filmlaridagi murakkab tryuklarni ham bajarishga muvaffaq bo‘ldi. Asl ismi Asal Saparboyeva bo‘lgan sportchi-bloger bilan yaqindan tanishish maqsadida, intervyu tashkillashtirdik. U suhbat davomida professional sportdan ketib blogerlikni tanlagani, sohadagi muammolar va shaxsiy hayoti haqida gapirdi.
Nega aynan Littos?
Foto: Instagram / @yaroslav_nikolenko
Littos — ingliz tilidagi «Love in the times of sport» so‘zining qisqartmasidan olingan. Sportni sevganim uchun ham aynan shu nomni tanlaganman. Hayotim sport bilan bog‘liq. Turmush o‘rtog‘im ham xuddi mendek sportni sevadi. Shu bois Littos taxallusi bilan faoliyat yuritishni ma’qul ko‘rganman.
Sportga necha yoshimdan qiziqqanimni aniq bilmayman. Chunki men gimnastika bilan shug‘ullanmasimdan avval, ko‘prikcha bo‘lib turish, shpagat ochish kabi harakatlarni bajarolardim. Ba’zan televizorda ko‘rsatilgan gimnastikachilarning xatti-harakatlarini bajarishga harakat qilardim. Shu bois, meni 5 yoshimda sport gimnastikasiga olib borishdi. Mana shundan keyin hayotim sport bilan bilan bog‘landi. Ammo gimnastika men o‘ylagandek batutdan sakrab yurishdek maroqli emas ekan. Uning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor.
«Ko‘p millatli oilada tug‘ilganman»
Foto: Instagram / @yaroslav_nikolenko
— Oilam u qadar katta emas. Onam, xolam va jiyanlarim bor. Ularning bari Toshkentda yashaydi. Onam uzoq yillardan beri veterinar-shifokor bo‘lib ishlaydi. Yaqinlarim meni hamisha qo‘llab-quvvatlaydi. Biror marta qiziqishlarimga qarshi chiqib, sportni cheklashmagan. Aksincha, ikkilanib, bir qarorga kelolmay qolgan paytimda «Sen buni uddalaysan, qo‘lingdan keladi», deb kuch bag‘ishlashadi. Ammo ba’zan onam internetdagi murakkab tryuklarimni ko‘rib, xavotirga tushadi. Shunda havotir olmang, hammasi reja asosida, o‘ylamasdan ish qilayotganim yo‘q, deb ovutaman.
Ko‘pchilik qaysi millat vakilasi ekanligimga qiziqadi. Ko‘p millatli oilada dunyoga kelganman. Menda tatar, qozoq, o‘zbek va arab qonlari bor. Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekiston fuqarosiman.
«Har bir kunim sport zalida o‘tdi»
Foto: «Afisha.uz»
— Men 5 yoshimdan 17 yoshimga qadar uzluksiz sport bilan shug‘ullanganman. Shu yillar oralig‘idagi har bir kunim sport zalida o‘tgan. Ba’zan faqat ta’til kunlari dam olishga ruxsat berishgan xolos. Undan keyin institutga kirish arafasida sportdan birozgina uzilishimga to‘g‘ri keldi. Ko‘p emas, bor-yo‘g‘i bir oy zalga bormadim. Ammo juda zerikdim. Sportni qanchalik yaxshi ko‘rishimni angladim. Shundan keyin havaskor sportchi sifatida faoliyatimni davom ettirishga qaror qildim.
Xitoy sirkidagi faoliyati...
Foto: Instagram / @yaroslav_nikolenko
— Shu kungacha dunyoning 18 ta davlatida bo‘lganman. 2008 yilgacha o‘z hisobimizdan chet davlatlariga chiqqanmiz. U paytlarda homiylar deyarli yo‘q edi. Undan keyin ustozimiz Oksana Chusavitina sport maktablariga borib, iqtidorli yoshlarni terma jamoaga qabul qiladigan bo‘ldi. Men ham yangi jamoaga qabul qilindim. Shunday keyin ko‘plab mamlakatlarga borib, sport musobaqalarida ishtirok etdik. Hayotim professional sport gimnastika bilan uzviy bog‘landi. Professional sportchining hayoti faqat mashg‘ulot maydonida o‘tadi. Men bundan biroz zerikdim, hayotdan zavq olishni, erkin yashashni istadim. Jarohatlar sabab tizzam, to‘pig‘im va yelkam tez-tez og‘rib turadigan bo‘lib qoldi. Bulardan charchaganim uchun 2015 yil professional sportdan ketishga qaror qildim.
Foto: Instagram / @yaroslav_nikolenko
Prodyusserim bilan oila qurgach, o‘z jamoamiz bilan dunyo bo‘ylab shou-dasturini o‘tkazishga qaror qildik. 2015 yilning o‘zida Xitoydagi sirk rahbariyati bilan shartnoma tuzdik. Jamoamiz bilan olovli xalqalarda sakrab ko‘rsatadigan tomoshamiz ko‘pchilik ma’qul kelardi. Afsuski, pandemiya sabab ommaviy tomoshalar cheklandi. Shundan keyin O‘zbekistonga qaytib, bor e’tiborimizni ijtimoiy tarmoqlarga qaratdik.
«Omadli insonman»
— Sportning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Eng tajribali sportchi ham kutilmaganda jarohat olishi mumkin. Ko‘z tegmasin, men bu borada juda omadliman. Shu kungacha biror marta jiddiy jarohat olmaganman. Ammo menda ham lat yeyish, pay cho‘zilishi bilan bog‘liq holatlar bo‘lib turadi. Shu bois, harakatlarni reja asosida amalga oshiraman.
«O‘zbekistondagi sport zallari qoniqarsiz»
Foto: Instagram / @yaroslav_nikolenko
— Yetti yildan buyon havaskor sport bilan shug‘ullanaman. Shu bois menga professional sport haqida gapirish biroz noqulay. Yaxshi o‘zgarishlar ham bor, ammo muammolar ham yo‘q emas.
Ochig‘ini aytish kerak, O‘zbekistonda aynan gimnastikachilar uchun sport zallari juda kam. Borlari ham qishda juda sovuq. Sportga ajratilayotgan mablag‘lar yetarli emasligi sabab sharoitlar u qadar qoniqarli emas. Men juda ko‘p davlatlarga sayohat qilganman va u yerdagi sportchilarga yaratilgan sharoitlarni ko‘rganman. Ba’zan ikki muhitni bir-biri bilan solishtiraman. Chempionlar sonining ortishi mashg‘ulot zalidagi sharoitga ham bog‘liq.
Sovuq havoda bu yerda bolalar ham, professional sportchilar ham mashg‘ulot o‘tishga qiynalishadi. Tananing sovuq qotishi ham qaysidir ma’noda jarohat olishiga sabab bo‘lishi mumkin. Sportchi maxsus kiyimda bo‘lishi kerak, ortiqcha kiyim uning erkin harakatlanishiga halal beradi.
«Akrobat kelin — tasodifiy obraz emas»
Foto: Instagram / @yaroslav_nikolenko
— Ijtimoiy tarmoqlardagi akrobat kelin obrazi shunchaki tasodifiy obraz emas. Undan avval bir musiqiy guruh o‘zlarining kliplarini reklama qilish uchun murojaat qildi. Va reklama million marta ko‘rilsa yaxshi bo‘lardi, deyishdi. Bu iltimosdan keyin qanday obraz tanlash haqida juda ko‘p o‘yladik. Qo‘shiq o‘zbekcha, demak ijro ham shunga mos bo‘lishi kerak, degan qarorga keldik. Oddiy o‘zbekona ko‘rinishdagi kelinning biroz hiyla va yumorga boy xatti-harakati odamlar e’tiborini tortishiga umid qildik. Birinchi video million marta ko‘rilib. Odamlarda iliq taassurot uyg‘otganidan so‘ng bu ajoyib yo‘nalish ekanligini angladik. Shundan keyin uni davom ettirishga qaror qildik.
Kelin obrazini tanlashimning yana bir sababi bor. Xorij davlatlariga ko‘p boraman va kuzatuvchilarimning ham ko‘pchiligini chet elliklar tashkil etadi. Ba’zan qayerdansiz, deb so‘rashadi. O‘zbekistondan desam Qozog‘iston, Tojikiston degan holatlar ko‘p bo‘lgan. Shu bois, kelin obrazi ularga oz bo‘lsa-da, O‘zbekiston haqida ma’lumot beradi, deb hisoblayman. Hozir bu obraz internetda ancha ommalashgan. Hatto uni Xitoyda ham tomosha qilishadi. Bunga oz bo‘lsa-da, hissam qo‘shilayotganidan xursandman.
Asosiy daromadim blogerlikdan, reklamalar orqali pul topaman. Qancha ko‘p ishlasam, reklama beruvchilarning ham safi ortadi. Hozircha oyiga o‘rtacha hisobda 1 000 AQSH dollari topyapman.
«Turmush o‘rtog‘im meni qo‘llab-quvvatlaydi»
Foto: Instagram / @yaroslav_nikolenko
— Turmush o‘rtog‘im Yaroslav Nikolenko Littos jamoasining asoschisi va rahbari hisoblanadi. Karantin sabab xorijga ketolmaganimizdan keyin shu yerda qolib, faoliyatimizni rivojlantirishimiz kerakligini angladik. U bilan yangi g‘oyalar ustida ishlaymiz, keraksizlaridan voz kechamiz. Turmush o‘rtog‘im sportni tushunadi va meni hamisha qo‘llab-quvvatlaydi.
«Dubaydagi taklifni rad etdim»
Foto: Instagram / @yaroslav_nikolenko
— Nega murabbiylik qilmaysiz, deb ko‘p so‘rashadi. Murabbiylik qilish yaxshi, ammo hozircha buni istamayman. Birinchidan, hozir kuchim bor, o‘z ustimda ishlashim kerak. Ikkinchidan, murabbiylarning oyligi juda kam. Bundan tashqari, murabbiylikning o‘ziga yarasha mas’uliyati bor. Yaqinda Dubaydan murabbiylik qilish bo‘yicha taklif tushdi. Ammo rad etdim. Hozir blogerlik faoliyatimni va o‘z brendimni rivojlantirish ustida ishlamoqchiman.
Eslatib o‘tamiz, Asal Saparboyeva 1994 yilda tavallud topgan. U badiiy gimnastika bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, Osiyo o‘yinlari g‘olibi (Xitoy), Markaziy va Janubiy Osiyo chempioni (Hindiston), Jahon kubogi g‘olibi (Portugaliya), ko‘p karra O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. U O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutini murabbiylik ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan. Asal Saparboyeva blogerlikdan avval akrobat-animator, trampolin bo‘yicha murabbiy va birinchi toifali sirk artisti bo‘lib ishlagan.
Ayni vaqtda Asalning TikTok’da 2 millionta, Instagram’da 500 mingdan ortiq kuzatuvchisi bor.
Nargizaxon Murodova va Sevara Mirzarahimova tayyorladi
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Abdusalom Azizov O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashiga o‘tkazildi
Dunyodagi eng baland va eng past bo‘yli ayollar Londonda uchrashdi
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor — iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
Xalqaro moliya bozori sharhi...