08:30 / 04.06.2022
1 114

«Gumonlanuvchining aybi 48 soatda tasdiqlanmasa, qo‘yib yuborilishi kerak» — senator

«Gumonlanuvchining aybi 48 soatda tasdiqlanmasa, qo‘yib yuborilishi kerak» — senator
Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan ayrim moddalarni Konstitutsiyaga kiritish kerak. Bu haqda Senat qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov Konstitutsiyaviy komissiya yig‘ilishidan so‘ng «Daryo» nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Qutbiddin Burhonovning aytishicha, Jinoyat-protsessual kodeksini oddiy aholi tugul ko‘plab yuristlar ham yaxshi bilmaydi. Shuning uchun undagi bir nechta muhim moddalar Konstitutsiyada aks etishi zarur.

«Amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksi 1994 yilda, Konstitutsiya esa 1992 yilda, ya’ni kodeksdan 2 yil oldin qabul qilingan. Kodeksda gumonlanuvchini ushlab turish to‘g‘risidagi 226-modda bor. Bu yerda jinoyatni sodir qilgan shaxs gumonlangan taqdirda surishtiruvchi, tergovchi yoki o‘sha ishni olib borayotgan prokuror gumonlanuvchini 48 soat mobaynida ushlab turish vakolati mavjud. 48 soat ichida uning aybi tasdiqlanmagan taqdirda gumonlanuvchini tezlik bilan ochiqlikka chiqarish kerak. Lekin amalda bu holatni nazorat qilish qiyin.

Sabab Jinoyat-protsessual kodeksini aholi tugul o‘sha sohaning o‘zi bilan shug‘ullanmagan yuristlarimiz ham to‘liq eslab qolisholmaydi. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, bilishmaydi. Shuning uchun ham shu moddani, ya’ni 48 soat ichida aybi tasdiqlanmasa, unga nisbatan ayb e’lon qilinmasa va ehtiyot chorasi ko‘rilmagan bo‘lsa, tezlik bilan ozodlikka chiqarish masalasi Konstitutsiya bilan mustahkamlab qo‘yilishi kerak
», — dedi senator.

Qutbiddin Burhonovning ta’kidlashicha, keyingi masalalar gumonlanuvchi va ayblanuvchilarning huquqlari bilan bog‘liq.

«Gumonlanuvchi va ayblanuvchining huquqlari ham Konstitutsiya bilan mustahkamlanishi so‘raldi. Sababi amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksida gumonlanuvchi va ayblanuvchi qancha miqdorda ayblanayotgani, qaysi jinoyatni sodir etgani, unga qarshi ko‘rsatma bergan guvohlarni chaqirtirishi, ular bilan yuzlashtirish o‘tkazilishini talab qilishi va uni himoya qilib bergan guvohlar bilan suhbatlashishi hamda himoya bilan ta’minlanishi majburiy ekani ko‘rsatilgan. Mana shu holatni ham xalqimiz bilmagani uchun ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yilmoqda. Shuning uchun mazkur moddani Konstitutsiyaga kiritish lozim.

Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksida aybsizlik prezumpsiyasi bor. Har bir shaxs o‘zining aybsiz ekanini isbotlash uning zimmasiga qo‘yilmagan. Shu holatning ham Konstitutsiyada mustahkamlanishi taklif qilindi. Agarda tergov yoki sud jarayonida ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga qo‘yilgan ayb o‘z isbotini to‘liq topmagan taqdirda va qo‘shimcha dalillar to‘plash imkoniyati bo‘lmagan holda, qonunni qo‘llash amaliyotiga kelganda har qanday gumonlar ayblanuvchi va sudlanuvchi foydasiga hal qilinishi kerak. Buni ham Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilsa, davlat rivoji, ayniqsa, demokratiya uchun xizmat qiladi
», — dedi Senat vakili.

Avvalroq Oliy Majlis qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Akmal Saidov Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha aholidan kelayotgan takliflardan biri o‘lim jazosini tiklash masalasida bo‘layotgani, ammo bu taklif qabul qilinmasligini aytgandi. Shuningdek, u O‘zbekiston parlamentar respublikaga o‘tishiga hali erta ekani va bu kerak ham emasligini ta’kidlagan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Gumonlanuvchining aybi 48 soatda tasdiqlanmasa, qo‘yib yuborilishi kerak» — senator