14:54 / 21.06.2022
1 595

Ov va ovchilik haqida ba’zi mulohazalar

Ov va ovchilik haqida ba’zi mulohazalar
Odamzot yaralibdiki, qorin tashvishida va bu sababdan insonni hech kim ayblay olmaydi. Shuning uchun ham xalqimizda “Avval iqtisod, keyin siyosat” deyilgan ibora bejiz aytilmagan. Hozirgi vaqtda kishilik iqtisodiy ehtiyoji juda ko‘plab kasb va hunarlar orqali qondiriladi. Inson paydo bo‘lish tarixiga nazar solsak, ibtidoiy jamoa davrida ovqatga bo‘lgan bu ehtiyojning katta qismi ovchilik orqasidan hal qilinishi tufayli, ushbu kasb tirikchilikning asosiy vositasi bo‘lganligini ko‘pchilik yaxshi biladi.

Insoniyat yovvoyi hayvonlarni qo‘lga o‘rgatib, ulardan zotlarni yaratib, ko‘paytirib, o‘zining go‘shtga bo‘lgan talabini shu yo‘l bilan qoplamagunicha ovchilikning ahamiyati katta bo‘lgan. Shu sababli ham mohir ovchilar avvalda “Falonchi mergan” deb hamisha qadrlangan. Merganlar urushda ham asosiy rollarda ko‘zga tashlangan, tinchlik davrida ovchilik ularni “qayrab” turgan.

Sivilizatsiya asrlar osha o‘z davrining “dolzarb kasb va hunar”larini tinimsiz kashf etib turishi oddiy haqiqatdir. Bugungi kunda merganlik ham o‘zining dolzarbligini yo‘qotib (armiyadan tashqari), ermakka aylanib bormoqda.

Inson hamisha barcha ishlarda chegarani his qilsa va haddidan oshmasa ishlari “besh” bo‘lishi ham tan olingan haqiqat hisoblanadi. Bu qoida ilohiy qonuniyatlarda ham jamiyat qonuniyatlarida ham bot-bot takrorlanadi. Qayerda jinoyat bor bo‘lsa, o‘sha yerda haddidan oshish borligini ko‘rib turibmiz. Ovchilikda qadimda ham hozir ham muayyan qonun-qoidalarga amal qilinadi. Har bir ishda chegara, me’yor, hadni bilish Qur’onda ham, hadisda ham va boshqa buyuklarning hikmatli asarlarida ham batafsil bayon qilingan. Kaykovus o‘zining mashhur “Qobusnoma”sida - “Ammo shikorda ham tartib va chegarani bil”, deb avlodlarga o‘git beradi.

Buyuk bobomiz Amir Temur ham To‘xtamishxon bilan urushga chiqqanida qo‘shin och qolganda butun qo‘shin bilan ov qilgani va bunda hayvonlarning yoshi va homiladorlarini ovlamagani hamda ovni me’yorida qilgani, ayniqsa, qo‘lga tushgan juda ko‘pchilik hayvonlarni qirib yuborishdan saqlanib, ularni qo‘yib yuborgani ma’lum va mashhurdir.

II Jahon urushi tufayli yuz bergan ocharchilik paytida Surxon vohasida ham barcha tog‘larda xususan, Sherobod tumani xalqining ham anchagina qismi Ko‘hitang tog‘i hududida ov qilib, shu yerdagi yovvoyi hayvonlar hisobiga jon saqlab, tirik qolgan va bu ov tufayli bu hududdagi hisobsiz morxo‘r(kiyik)lar soni 20-30 tagacha kamayib ketganligi, oradan 70 yil o‘tib, qo‘riqxona va kuchli nazorat hisobiga ularning soni 600 ga zo‘rg‘a yetganligini (Tojikistonda morxo‘rlar 3000 dan oshadi) hamma ham bilmasa kerak.

Ovchilik qonunan ta’qiqlangan faoliyat emas, lekin bunda ov mavsumi, ov qilish mumkin bo‘lgan hudud, ruxsat etilgan hayvon turlari, soni, ov madaniyati va boshqa bir qancha shu kabi ma’lum bir qonun va qoidalar hamda milliy qadriyatlar, insonparvarlik tamoyillariga rioya qilish lozim. Lekin afsuski, bugungi kunda miltiq ko‘tarib yurganlarning barchasi ham yuqoridagilarga amal qilmayotganligini biz qo‘riqxona xodimlari ko‘rib turibmiz. To‘g‘ri, biz hamma ovchi qonunga amal qilmaydi deyishdan yiroqmiz, chunki ularning orasida ham qonunni hurmat qiladigan madaniyatli yurtdoshlarimiz nihoyatda ko‘p va bu gaplarimizni birovga aziyat berish uchun yozmayapmiz, lekin bizga qadimgilardan guruch kurmaksiz bo‘lmaydi degan gap ham qolgan...

Bobolarimiz hayvonlarni o‘ldirishni “uvoli tutadi, qarg‘aydi, oilaning biroviga uradi” kabi iboralar bilan qoralaydi. Samarqandlik aniqrog‘i, omonqo‘tonlik Abdusamathoji ovchilik haqida otasining o‘gitlarini eslab, otam menga bir marta, “ey o‘g‘lim! Yaxshi bir kasb yoki bir hunarning boshini tut, bizga tog‘ yaqin, lekin hech qachon ovchilik yo‘lini ushlama, yoshim bir joyga borib, e’tibor qildimki, men bilgan odamlarning orasida kim ovchilik qilgan bo‘lsa, birovining ham kosasi oqarmadi yoki biri ikki bo‘lmadi, shu narsa qulog‘ingda qolsin, amal qilasanmi-yo‘qmi o‘zing bilasan. Bu narsani yoshi kattalardan eshitgan edim, o‘zim ham yillar davomida guvohi bo‘ldim, senga ham yetkazyapman” - degan edi. Men bu gaplardan qattiq ta’sirlandim, qayerga borsam shu narsa haqida surishtirib yurdim. Yoshi kattalar va ovchilar bilan ko‘p gurunglashdim.

Yoshligida ovchilik bilan ko‘p shug‘ullangan sho‘rchilik do‘stim Ashur Davlatov bilan shu haqda suhbatlashganimda u ham yuqoridagi gaplarni tasdiqlab, ba’zi narsalarni gapirib berdi. Ashurakaning aytishicha, to ovchilikni tashlamaguncha ro‘zg‘orida baraka bo‘lmagan. Uning ovchilikni tashlashiga ibratli tasodif sabab bo‘lgan. U Bobotog‘ hududlarida ov qilib yurganida bir qishloqdan o‘tayotib sherigi unga “mana bu uyda bir mashhur ovchi yashaydi, hozir qarib qolgan, u umri davomida mingta hayvon otgan”, deb maqtaydi. Ashur aka mingdan oshiq hayvon otgan odamning yashayotgan uyiga qarab, uning xarobaligini ko‘rib, bu odamning uyidan mardikorning hojatxonasi ham yaxshi-ku degan xulosaga keladi va shu-shu ovchilikdan voz kechadi. U kishi menga ovchilikni talamaguncha ishi yurishmagani, kambag‘al bo‘lganligini qayta-qayta aytgan.

Bu voqelik Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning: “...Kim ovga ergashsa, g‘ofil bo‘lur...” (ya’ni ishidan, kasbidan, ibodatidan, vaqtidan ayriladi, bitta ovni quvlab vaqtini ketkazadi), degan hadisiga (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 14-15 juzlar. Hadis va hayot. Qasam, nazrlar va ov kitobi 163-bet) isbot ekanligiga qoyil qolmasdan iloj yo‘q. Bu yerda ham jamiyat qonunlaridan tashqari, ilohiy qonunlar ham ishlab ketgandek tuyuladi. Agar biz quyidagi hadisga e’tibor qilsak, ovga mukkasidan ketgan odamning oqibati ancha xatarli bo‘lishidan xavfsirab qolamiz. Nabiy sollalohu alayhi vasallam: “Qay bir inson chumchuqni yoki undan kattaroq narsani nohaqdan qatl etsa (o‘ldirsa), albatta, Alloh taolo undan u haqida so‘raydi”, dedilar (O‘sha kitob 97-bet). Chumchuqdan so‘ralsa undan kattaroq hayvonlardan kattaroq javob so‘ralishi tabiiyku! Ovchilarning jamiyatimizga foydasi ularning o‘ziga ma’lum, lekin ziyoni salmoqli bo‘lishini jiddiyroq o‘ylab ko‘rish kerak emasmikan?

Ovchilarning jamiyatga keltiradigan ziyonlari:
- yovvoyi hayvonlarning qirilib ketishiga sabab bo‘ladi;
- yolg‘on gaplarning tarqatuvchilari(qo‘shib gapiradi, go‘shti harom hayvonning go‘shti va boshqa joylarini aldab sotadi va hokazo) bo‘lib qoladi;
- odamlar e’tiqodini buzadi (hayvonlarning terisi, juni, tishlari, tirnoqlari, va boshqa “ayrim ” a’zolarini baxt yoki omad keltiruvchi vosita deb biladi va shu aqidaga xizmat qiladi);
- halol-haromning farqiga bormaydigan avlodning shakllanishiga “yordam” qiladi;
- yoshlarni ovga qiziqtirib, asosiy ishdan chalg‘itadi va bekorchilarning ko‘payishiga xizmat qiladi;
- kam bo‘lsada, ayrim jinoyatlarga aralashib qoladi.

Surxondaryo viloyatida 2018 yil 1888, 2019 yil 1993, 2020 yil 2027, 2021 yil 2091 nafar ovchi ro‘yxatga olingan. Faqat Sherobod tumanining o‘zida 186 ovchi bor. Raqamlarga qarasak, ovchilar yildan-yilga ko‘payib bormoqda, lekin ov o‘tkaziladigan aniq, belgilangan yoki ruxsat berilgan hududlar va ov hayvonlari ham yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Daraxtlarning kesilishini kamaytirish uchun davlat miqyosida yillab moratoriy yoki taqiqlar belgilanyapti, buni hayvonlarga qo‘llab bo‘lmaydimi? Biz o‘sha hayvonlar qirilib ketgandan keyin ishga kirishamizmi? Mamlakatimiz hududidagi qancha hayvon turlari batamom qirilib ketganligini va yana qanchasi yo‘q bo‘lib ketish arafasida turganligidan barchamiz xabardormizmi? Ma’lumot uchun aytsak, Turon yo‘lbarsi o‘tgan asrning yarmiga kelib batamom yo‘q bo‘ldi, Ko‘hitang tog‘laridan do‘lta, qoplon, Bobotog‘dan morxo‘r, jayron batamom qirib tashlandi.

Bobotog‘dagi jayron yoki qoraquyruqlarning qirilib ketishiga asosiy sabab, xalqning qo‘lida miltiqning ko‘payganligi va motosiklning yaratilganligi, chunki qochayotgan hayvon charchaydi, quvayotgan motosikl charchamaydi”, degan edi o‘z vaqtida Bobotog‘ zonasiga raislik qilgan sho‘rchilik Norqobilbobo Shoymurodov. Bu ham ovchilarimizning “buyuk xizmatlari”dan emasmi?

Surxon davlat qo‘riqxonasi hududida jami 192 tur hayvon ro‘yxatga olingan bo‘lib, shundan Qizil Qitobning avvalgi nashrida 18 tur hayvon kiritilgan edi, hozirgi yangi nashrida 24 turga ko‘payish bo‘ldi. Bu narsa vaziyatning naqadar yomonlashuvidan darak beryapti. Eng achinarlisi, toshbaqa va g‘urrakning ham Qizil Kitobning yangi nashriga kirganiga nima deyish mumkin.

Hammamiz o‘zimizni eng toza, eng pok odam deb hisoblaymiz, mayli bir tomondan shuyam ma’quldir. Lekin pok odam pok narsalarni yemaydimi, ovchilarning yolg‘oniga ishonib, to‘g‘ri kelgan hayvonni har qanday joyda ovlab, uni yeb ketaverish to‘g‘rimi? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ogoh bo‘linglar! Sizlar uchun ... barcha oziq tishli yirtqich... halol bo‘lmas... ” dedilar (o‘sha kitob 123-bet). “Nabiy sollalohu alayhi vasallam barcha oziq tishli yirtqichlar va tirnoqli qushlardan (yeyishdan) nahiy (qaytardilar) qildilar” (o‘sha kitob 131-bet).

“Falon hayvon falon kasalga davo” kabi yolg‘onlarga ko‘ra juda ko‘plab hayvonlar hayoti xavf ostida qolyapti. Bir ulamo “Avvalgi zamonlarda odamlar “qoch, ilon!” deb qochgan bo‘lsa, hozir ilonlar “qoch, odam kelyapti” deb qochib ketmoqda birodarlar,” degan ekan. Nabiy (sav): tipratikanni “U ifloslardan biridir”, bo‘ri haqida “Yaxshiligi bor odam bo‘ri yermidi”, tulki haqida “Tulkini kim ham yerdi” deganlar (o‘sha kitob 128-129 bet). Demak, qalbida imoni bor, islomi bor odam hech qachon yuqoridagi harom qilingan hayvonlarni yemasligi, sotmasligi, birovga taklif qilmasligi lozim ekan. Afsuski, ilon va boshqa hayvonlarni pishirib sotadigan, bemalol taklif qiladigan odamlar paydo bo‘lmoqda, yana uyalmay o‘sha yeb bo‘lmaydigan narsalarni qanday tayyorlashni va yegan odam ham yeganini gapirib yurishidan xijolat bo‘lasan kishi...

2020 yilda birgina Surxon vohasida noqonuniy (qonuniy qancha o‘ldirildi ekan?) 61 ta ov qilish holati sodir etilib, hayvonot dunyosiga 69130000 so‘mlik, 2021 yilning 8 oyida 42 ta noqonuniy ov va natijada 51980000 so‘mlik zarar yetkazilgan.

Jamiyatda insonning ko‘pgina huquqlari bor, ov qilish va qilmaslik ham ana shulardan biri, lekin qayerda ov qilish, qonunlarga bo‘ysunish, iloji bo‘lsa ov qilish kerakmi, shu hayvonni o‘ldirmasam nima bo‘ladi... va boshqa shu kabi savollar yana karra bir o‘ylab ko‘rilsa yaxshi bo‘lar edi. Surxon davlat qo‘riqxonasi 1-toifadagi qo‘riqxona va bunday qo‘riqxonalar respublikamizda sanoqli. Viloyatimizda esa yakka-yu yagona ekanligi, hech bo‘lmasa uning Sherobodda joylashganligidan sherobodliklar faxrlanishsa, yordam berishsa, nafi tegmaganlarning zarari ham tegmasa, biz qo‘riqxonachilar bu yerdagi o‘simlik va hayvonot dunyosi vakillarini kelgusi avlodga bus-butun yetkazsak, kelajakda avlodlarimiz bu hayvonlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, “ilgari shunday-shunday hayvonlar bo‘lgan ekan...” deb yurishmasa, biz vazifamizni bajarganmiz deb aytsak bo‘ladi.

Hikmatullo Qarshiyev
Surxon davlat qo‘riqxonasi Ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ov va ovchilik haqida ba’zi mulohazalar