10:00 / 24.08.2022
3 711

«Yerto‘lada yashagan turklardan xijolat bo‘lib qoldim...»

«Yerto‘lada yashagan turklardan xijolat bo‘lib qoldim...»
Turkiyada ko‘p qavatli uylarning yerto‘la qismini "bodrum qat" deyishadi. Barcha sharoitlari bor, ammo sotilganda narxi ham, ijarasi ham yuqori qavatli uylardan arzon turadi. Shuning uchun ham moddiy imkoniyati chegaralangan insonlar ana shunday uylarda yashashadi.

Bizning “dom”imizdagi “bodrum qat”da ijarada yashaydigan oila bor: eri taksichi, xotini farrosh. Qurbon hayiti kuni "Bitta qo‘yning qiymati qancha bo‘lsa, shuni o‘sha oilaga bersammikan? Harna, kvartirasining bir-ikki oylik ijarasini to‘laydi" degan o‘yda non pishirdim. “Ko‘ngliga tegmasdan aytib ko‘raman" deb issiq nonni ko‘tarib o‘sha qo‘shnining eshigini sekin taqillatdim.

Meni ko‘rib "Xush kelibsan", dedi-yu uyiga taklif qildi. O‘zi shuni kutgandim. Kirsam, ikkita shirin qizi, er-xotin va qaynonasi bilan birga qahvalti, ya’ni nonushta qilishayotgan ekan, meniyam taklif qilishdi.

Dasturxonda yo‘q narsani o‘zi yo‘q: asaldan tortib qaymoqqacha, pishloqni eng kam besh xili, xullas, men uyda bunday nonushta qilmaganman, og‘zim ochilib qoldi.

Hol-ahvol so‘ragandan keyin qo‘shnim Maryam:
“Zo‘r qorayibsan (zagar olibsan), dam olishga bordingmi?" deb so‘rab qoldi. "Ha..." bularni xijolatga qo‘ymay deb iymanib.

"Biz ham Bodrum (shahri)ga bordik" deydi. Hayratim ikki karra oshdi.

Turkiyada bayram ta’tili bo‘ldi, deguncha ko‘pchilik dam olish joylariga ketadi. Ko‘pincha imkoni yaxshi oilalar boradi, chunki bunga yaxshigina mablag‘ zarur bo‘ladi. Ba’zilari bankdan qarz ham olishadi ekan, tasavvur qiling, uy, mashina olish uchun emas, ijarada yashasa ham, mashinasi bo‘lmasa ham, dam olish uchun qarz oladi! Eshitganida quloqlarimga ishonmagan edim, keyin ishlab to‘lashar ekan...

Hozirgi ahvolim shunday edi: deraza panjarasi qamoqxonaga o‘xshagan yarim yerto‘lada yashovchi, kam ta’minlangan, uysiz oilaga hayrat va havas ichida qarab turar edim. Ichimda "Men nima deb keldim, bular nima deyishyapti" deb o‘ylardim. Boshimga muzdek suv to‘kilganday bo‘ldi, o‘zimdan o‘zim uyalib ketdim...

“Menchi?!”

“Bizchi?!”

Faqat boylik to‘plash, uy, mashina va hokazolar olish uchun yashaymiz.

Ana shunday qilib meni ko‘zlarimni shu turk oilasi ochgan edi...

Aslida biz bu dunyoga ijarachimiz degan so‘zning amaldagi isbotini ko‘rgan edim...

Kalovlanib, gapimni ham aytolmay, ko‘zlarimga yosh kelib, ularning uyini tark etdim.

Shu-shu bu oilaga rahmim kelib emas, havas qilib qaraydigan bo‘ldim.

Turkiyada ko‘pchilik shunday (ijarada) yashaydi, lekin o‘zlarini kamsitilgan deb hisoblamaydi, boshini tik tutishadi...

Sarvara Sayfuddin qizi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Yerto‘lada yashagan turklardan xijolat bo‘lib qoldim...»