
Ateizm bilan birinchi bor to‘qnash kelganimda (o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari) ularning "ilmiy taraqqiyot", "zamonaviy ilmiy dasturlar" va "ilm kishisi" kabi iboralarni ko‘p ishlatishi meni dovdiratib qo‘ygan. Ateizm faqat aql va ilmga suyanadigan yuksak tushuncha ekan, degan yolg‘on tassurot paydo qilgan. Ular bu iboralar ortiga yashirinib olishganini, aslida munoqasha uchun tashlaydigan arzirli takliflari yo‘qligini keyinchalik bildim.
"Buni ilm rad etadi", "Bunga ilm rozi bo‘lmaydi", "Buni ilm isbotlagan" degan bayonotlari quruq gap bo‘lib, o‘zlari esa haqiqatni yuzaga chiqaradigan ilmiy-tanqidiy munozaralardan qochishlari ma’lum bo‘ldi. Qolaversa o‘zlari ro‘kach qilayotgan ilmiy nazariyalar mualliflari aksar holda ateist bo‘lmas ekan. Yo‘llari va g‘oyalarini jozibali ko‘rsatish uchun xohlagancha yolg‘on ishlatishar ekan. (Chunki "yolg‘on gapirish harom, gunoh bo‘ladi", degan qadriyat ular uchun yot. Aslida nafs, modda va aqlga bino qo‘yishdan boshqa qadriyatlari ham yo‘q, agar bular qadriyat sanalsa).
Bu gaplarni yoshlar ularning yaltiroq va ohangrabodek o‘zida tortadigan tashviqotlariga aldanib qolmasliklari uchun yozdim. Chunki aqli va farosatini ishlatgan har qanday inson ateizm sog‘lom aql va fahm rad etadigan g‘oya ekanini tushunib oladi. To buni tushungunlaricha va ateizm haqiqatini anglagunlaricha vaqt o‘tkazib qo‘ymasinlar, deyman, xolos.
Ustoz Mubashshir Ahmad

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar