
Ateizm ustunlarining oddiy odamlar ko‘zini bog‘laydigan, lekin ahli ilm tirsagidan tutib qoladigan quyidagicha firiblari bo‘ladi:
1. Xos ishni umumlashtirish. Ayollarni urish haqidagi sarkazmdan unumli foydalanganlari kabi.
2. Umumiy ishni xoslashlik. Ummatning yutuq va ustunliklarini ayrim davr va shaxslargagina xoslab qo‘yishlari kabi.
3. Aslida bo‘lmagan narsalarga qo‘shimcha va o‘zgartishlar ziyoda qilish. Ayrim ahkomlarni yomonotliq qilishda bu usuldan ko‘p foydalanishadi.
4. Lozim bo‘lgan qayd va shartlarni o‘chirish. Bunday o‘chirish haqiqatning o‘zgarishiga olib boradi. Masalan ko‘pxotinlilik masalasida bu uslublari qo‘l keladi.
5. Haqni botil qilish va botilni haqqa chiqarish maqsadida diniy matnlarni xohishga ko‘ra talqin qilish. Bunga misollar ularning da’volarida tiqilib yotibdi.
6. Asosida ixtilofli bo‘lgan tushunchalarni tarqatish. Minglab kitoblar ichidan o‘zlariga yoqqan ixtilofli masalani ko‘tarib chiqib, islomda shunday deya talqin qilishlari ko‘p kuzatilgan. Vaholanki bu ixtiloflarning ateistlarga daxldor bo‘lmagan va ummatga foydali sabablari bo‘ladi.
7. Ayrim ulamolarning zaif ijtihodlarini, islom mana shu, deya taqdim qilish. Vaholanki bu ijtihod boshqa mujtahidlar va yoki jumhur ulamo tomonidan rad qilingan bo‘ladi.
8. Islomga nisbat beriladigan ayrim firqalarda mavjud nodir va noto‘g‘ri tushunchalarni terib yurish va uni musulmonlar tan olgan islomiy tushuncha, deya mutlaqlashtirish. Vaholanki islom unday tushunchalardan haq botildan bari’ bo‘lgandek top-toza bo‘ladi.
9. Ba’zi so‘z yo matnlarni muallifi yo roviysidan boshqaga nisbat berish. Bu ilmiy xiyonatdan yuzlari qizarmay foydalanishadi.
10. Sahih qavllarni yashirish va bilib turib ko‘rmaganga olish. Bunda ko‘zlagan maqsadlari amalga oshmay qolishidan qo‘rqish bosh omil bo‘ladi.
11. Moddiy ilmlar ateistik ilmlar ekanini shipshitish. Vaholanki voqe’lik buning teskarisi ekanini ko‘rsatadi.
Ateistlarning bunday aldov va firiblari ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin.
Musulmon o‘z dini va borliq hayotni yaxshi o‘rgansa, ularning bu tuzog‘iga tushmaydi. Ateistlarning ummat va uning tarixiga xiyonatidan ogoh bo‘ladi. Ularning haqiqat dushmanlari - ins shaytonlariga aql va qalblarini sotganlarini chuqur anglaydi.
Ustoz Mubashshir Ahmad
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar