
Dam olish kuni qo‘shnim kelin tushirdi. To‘y ixchamgina, chiroyli o‘tdi. Hamma xursand, ayniqsa, ikki yoshning quvonchi cheksiz. Ertalab ishga chiqib ketayotsam, qo‘shnilar chaqirib qolishdi.
– Yuring, qovurdoqqa chiqamiz.
– Qiz uzatib charchamabdimi, ona bechora, ertalab qovurdoq jo‘natgan bo‘lsa?
– Uzoq-yaqin mehmonlar ketadigan bo‘lsa, qovurdoqni bugun berib qo‘ya qolishganda...
Ishga kechikmayin deb, ular bilan xayrlashib, yo‘lga chiqdim. Xayolim esa qovurdoqda. Kimga kerak bu dahmaza? Shunday dedim-u, bu urfning kelib chiqishi haqida o‘ylab qoldim.
Aslida kelin yangi uyga moslashgunicha tortinchoq, chimxo‘r bo‘ladi, deb onasi yangalardan bir kosa qovurdoq berib yuborishi urf bo‘lgan. Tushungan qudalar ovqatni kelinchakning xos xonasiga kiritib yuborishgan. Bu turli hududlarda turlicha nomlanadi. Qiz oshi, tugma osh, qovurdoq... Umuman, qanday nomlanmasin, kelinchak o‘z uyini, onasini ilk kundanoq sog‘ina boshlaydi. Shunda unga onasi pishirgan yegulik keltirilgan. So‘ngra barcha urf-odatlarimiz qatori bu udum ham kattarib, qizimiz alohida ovqat yeb o‘tirsa, uyat bo‘lar mazmunida qudalarga ham yetgulik berib yuborilgan.
Keyinchalik esa tog‘ora yoniga tog‘ora qo‘shilib, kattagina ziyofat keltiriladigan bo‘lgan. Yaqinda qiz uzatgan qarindoshimiz bir tog‘ora qovurdoq uchun yuz AQSH dollari sarflaganini aytdi. Uning yonida boradigan ovora-tog‘oralarni hisoblasak, bir kishining bir oylik maoshiga teng mablag‘ sarf bo‘ladi. O‘zi qiz tarafga hamma tomonini to‘kis odiradigan qudalar endi qovurdoq kutib o‘tirishsa. Bir oylik maosh quda tomonni qo‘ni-qo‘shni qarindosh-urug‘i bilan bir to‘yishiga ketib tursa...
Agar shu kuni kelin salom bo‘ladigan bo‘lsa, kelinchakning qo‘lidan choy ichib ketilaverilsa ham bo‘ladi-ku. Yoki kuyov bola tomon mehmonlarini o‘zlari bir qoshiq ovqat bilan kuzatsa nima qiladi? Urf-odat shunaqa... O‘zimizga o‘zimiz o‘ylab topgan bahona bu. Urf-odat, rasm-rusm degan niqobning ortiga qanchalar mantiqsiz udumlarni yashirib yuborganmiz. Biz ayollar o‘ylab chiqqan odatlarga mablag‘ topay deb erkaklar ovvora. Beli mayishib ketsin, oylab, yillab chetda ishlab, to‘yoldi va to‘ydan keyingi xotin xarjlar deb. (To‘yni-ku yozaverib qo‘limiz, gapiraverib tilimiz qavardi).
Ayniqsa, farzandli bo‘lgan kelinchakka olib boriladigan qovurdoq hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Yosh bo‘shangan ayol uchun onasi keltiradigan taomga kamida o‘ttiz-qirq ayol sherik. “Qovurdog‘ini suratga tushir, qanaqa bezatishibdi”. “Tog‘oralarni videoga tushirishsin, keyin mehmonlarga tortamiz”. Uyalib qochib chiqib ketging keladi.
Yaqinda bir oilada aka-uka ketma-ket farzandli bo‘lishib, quvonchli kunimizga sherik bo‘ling, deb aytib chiqishdi. Xullas, ikki kelinga bir kunda qovurdoq keldi. “Hakamlar hay’ati” dasturxonga kelgan taomlarni bir qoshiq tekizib qaytirib chiqarishyapti. Qaysi tomon chiroyli bezatibdi? Bunisining qovurdog‘i chiroyli bezatilgani bilan unisiniki mazali chiqibdi. Shu davradan uyga qaytar ekanman o‘zimga o‘zim uyat dedim. Kimning haqini yeb qaytayapman. Chillali kelinchaklarningmi?
Doim shunaqa, marosimlarni to‘g‘ri qabul qila olmay qiynalaman. Dasturxondan taom yemasam, uy egasining yuz-xotiri, yesam yuragim g‘ash. Turmush o‘rtog‘im birrovga ruxsat berganini aytib, chiqib qochaman. Yoki sekin o‘zimni tortib qo‘ya qolaman. Yaqinda yo‘nalishli taksida uyga qaytyapman. Bir opaxon chiqdi. Orqaroqda tanishini ko‘rib qolib, o‘sha tomonga salom berib o‘tib ketdi. Ikkalasining hangamasi deyarli barchaga eshitilyapti. Beshik to‘ydan kelayotgan ekan. Quda tomon orzu-havasli emish. (Ayollar mana shu gap uchun o‘lib-tiriladi, erkaklarini fido qiladi!) Karnay-surnay, miki-muas, yallachi-artis, ovora-tog‘ora, sarpo-suriq... Opaxon gapiryapti, telefoniga tushirganlarini sherigiga maqtanyapti. “Qaynatasi kelinga tilla bilakuzuk taqdi”. Ha, erkaklar! Ayollarning hamma aytganini qilib, namoyishgayam chiqib beringlar. Yaxshiyam, manzilimga yetib keldim...
Aziz erkaklar, biz sizdan kutyapmiz, stolga bir musht urib, yig‘ishtir, deyishingizni. Bir marta aytsangiz bo‘ldi. Hammasi iziga tushadi. Bo‘lmasa, haddimiz orzu-havasimizga qarab o‘sib ketyapti. Bugun kelinning qo‘liga bilakuzuk taqdiramiz, ertaga... Xullas, bas qilaylik.
Manzura Shams
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar