Namanganda fojia: 23 yoshli yigit soyda cho‘kib ketdi

Namangan viloyati Pop tumani hududida joylashgan dam olish maskanida fojiali hodisa yuz berdi. 23 yoshli yigit “Chodaksoy” soyida cho‘milish vaqtida suvga cho‘kib ketgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yigit qarindoshlari bilan birga dam olish uchun mazkur hududga kelgan. Ular hordiq chiqarayotgan paytda yigit soyga tushgan, biroq ehtiyotsizlik sabab suvdan qayta chiqa olmagan.
Guvohlarning aytishicha, hodisa juda qisqa vaqt ichida sodir bo‘lgan va atrofdagilar darhol yordam ko‘rsatishga harakat qilgan. Shundan so‘ng voqea joyiga qutqaruv xizmatlari jalb etilgan.
Hozirda mutaxassislar tomonidan yigitni topish bo‘yicha qidiruv-qutqaruv ishlari davom ettirilmoqda. Shu bilan birga, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari ham boshlangan.
Mutasaddilar fuqarolardan, ayniqsa yoz mavsumida, noma’lum va nazoratsiz suv havzalarida cho‘milishda ehtiyot choralariga qat’iy rioya qilishni, xavfsizlik qoidalarini buzmaslikni so‘ramoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!