date

Qashqadaryodagi maktabni bu yil atigi uch nafar bitiruvchi tamomladi

Ko‘k tasmali bitiruvchi yoshlar qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib davlat madhiyasini kuylamoqda.

Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida joylashgan maktab filialida bu yilgi so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbiri boshqacha muhitda o‘tdi. Sababi, mazkur ta’lim muassasasini 2025/26 o‘quv yilida atigi uch nafar o‘quvchi bitirdi.

Tuman markazidan qariyb 70 kilometr uzoqda joylashgan Qurilish qishlog‘ida internet va mobil aloqa bilan bog‘liq qiyinchiliklar hali ham saqlanib qolmoqda. Shunga qaramay, bitiruvchilar maktabni muvaffaqiyatli yakunlaganidan mamnun ekanini bildirib, kelgusi rejalari haqida so‘zlab berishdi.

O‘quvchilarning ta’kidlashicha, sinfdoshlar soni kam bo‘lgani sababli ayrim sport musobaqalari va jamoaviy tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatlari cheklangan bo‘lgan. Biroq bu holat ularning bilim olishga bo‘lgan intilishiga ta’sir qilmagan.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mazkur maktabda ta’lim sifati ancha yaxshilangan. Olis hududlardagi ta’lim muassasalari uchun yaratilgan imtiyozlar natijasida boshqa viloyatlardan malakali pedagoglar jalb qilingan. Xususan, Andijon viloyatidan kelgan tajribali o‘qituvchilar bu yerda faoliyat olib bormoqda.

Ustozlar fikricha, bir necha yil avval past ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan maktab bugungi kunda o‘zgarishlar sari qadam tashlamoqda. O‘quvchilar fan olimpiadalari, turli tanlovlar va milliy sertifikat dasturlarida faol qatnashib, yaxshi natijalar ko‘rsatmoqda.

So‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirida bitiruvchilarga Prezident tabrigi o‘qib eshittirildi, yil davomida namunali o‘qigan o‘quvchilar hamda fidoyi pedagoglar taqdirlandi.

E’tiborlisi, mamlakat bo‘ylab yuz minglab o‘quvchilar maktabni tamomlagan bir paytda, ushbu qishloq maktabida atigi uch nafar bitiruvchining safga qo‘shilgani ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘ldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryodagi maktabni bu yil atigi uch nafar bitiruvchi tamomladi