
Yaqinda qayergadir shoshayotganim uchun duch kelgan mashinani to‘xtatib, ilinib oldim. Haydovchi salom berishiyu, boradigan joyimni uzoq surishtirmay, aytgan pulimga rozi bo‘lgani yoqib tushdi. Mashinaga o‘tirgan zahotim uni duo qildim. U rahmat aytdiyu, “aravakashlik” qilayotgani sharoit taqozosiga ko‘ra ekanini qistirib o‘tdi. Men esa tirikchilikning aybi yo‘q, dedim. Yigitcha astoydil ko‘nglini bo‘shatgisi keldimi, gapga tushib ketdi:
– Yaqinda katta xarajatga tushdim. Afsuski, sarflagan pullarim shamolga sovurilgandek bo‘ldi. Ochig‘i – uylangandim, turmushimiz bo‘lmadi.
– ..?
– O‘zimiz poytaxtga yaqin tumandagi qishloqda tursak ham, to‘yni shaharda – kazo-kazolar to‘y qiladigan to‘yxonada o‘tkazdik. Mana-man degan artistlardan sakkiztasi keldi, bir-ikkita zamonaviy guruhlar ham keldi. Har bir tasvirchini “mingta”dan olib keldik. Ishonasizmi, mendaqa to‘y albomi hech kimda bo‘lmagan. Birinchi uchrashuvdan, unashtirish, oldi-berdilargacha suratga, videoga oldirib qo‘ygandik. Albomda, to‘y kuni ekranda ulardan foydalanishdi, umuman, to‘yimni kino darajasida ishlab berishdi. Uff...
– Yosh ekansizlar, hali hammasi iziga tushib, yarashib ketarsizlar. Turmushda nimalar bo‘lmaydi.
– Yo‘q, batamom ajrashib ketdik. Qilgan xarajatlarimizni eslasam...
Obbo, turmush buzilib, taqdirlar tir to‘zib turganida xarajatlarini gapiradi-ya, bu bola!
– Yoshingiz nechada? – so‘rayman undan.
– Yigirma birda.
– Juda yosh ekansiz, ajrashishga ham ulgurdingizmi?
– Hamma gap shunda-da. Ota-onamning orzu-havaslari deb, o‘zlari topgan qiz o‘zlariga ma’qul bo‘lmay ajrashdim...
– Xarajatlarni ham orzu-havaslarga yarasha kattartirgansizlar, endi birga afsusdasizlar! – beixtiyor achchiq-achchiq gapirishga o‘tib ketdim.
– Baribir achinasizda...
Ha, achinasiz. Axir, bir umr baxtli bo‘lish uchun emas, orzu-havas uchun to‘y qilgansiz. Endi qilingan xarajatlarni cho‘tga tashlab, jon-joningiz uvishib ketyapti, degim keldi. Endi ko‘za singan, foydasi yo‘q. Nima emish, kelinning bolalikdan tutqanog‘i bor ekan, bizdan yashirgan emish. To‘ydan oldin birgalikda tibbiy ko‘rikdan o‘tmadingizmi? Kim sizni tibbiyot xulosasisiz nikohdan o‘tkazdi? Qaysi do‘xtir “tutqanoq” qizni sog‘lom deb xulosa yozib berdi? Bu masalalarga yengil, shunchaki ishlar deb qarab, to‘yning dabdabali, falonchidan o‘tkazib, yangi urflar qo‘shib, tog‘ora sanab, jihoz sanab o‘tkazishga ahamiyat beramiz.
Oqibat barbod bo‘lgan taqdirlar qolib, ketgan xarajatlarga achinamiz. Axir tibbiy ko‘rik xulosasi bilan nikohdan o‘tish masalasi yo‘lga qo‘yilganiga necha yillar bo‘ldiku. Nega kun tartibida turgan masalaga barmoq orasidan qaraymiz? Quda tomonning “tagli-tugli”, “o‘ziga to‘q” ekanini surishtiramizu nasl-nasabi, urug‘ini surishtirmaymiz. Shuncha gapni ota-onasining etagiga osilib olgan bu bolaga aytgandan ko‘ra, ushbu maqolada yozib, boshqalarga ham saboq bo‘lishini istadim.
Yaqinda kelin tushirgan bir opaxon yangi kelinning udli-shudli, chaqqongina emasligidan shikoyat qilib qoldi. Hali yosh, sekin-sekin o‘rganib ketadi, desam, boshqa masalalarda, gap qaytarishda yosh emas, har baloni biladi, o‘g‘limni mendan sovutib oldi, bir joyga boradigan bo‘lsa, tayyor bo‘lvolib, keyin ruxsat so‘raydi, pardoz-andoziga, sochining turmagiga ikki soat vaqt sarflaydi, kunora mazasi bo‘lmay qoladi, deb noliy ketdi. Axir o‘zingiz emasmi, yoshgina qizni unashtirib kelgan. O‘qishi tugagan kuni tushirib olaman, deb, qudalarni shoshirgan. To‘y kuni kelinim emas, qizlarim qatorida qizim bo‘ldingiz deb, fotiha bergan. U hali oq-qorani bilmaydigan go‘dak-ku.
Maktabni tugatib, xonadoningizga kelgan, o‘zingiz shunday bo‘lishini istadingiz, endi o‘zingiz yo‘lga soling. Xonadoningizning past-balandini tushuntiring. Qizlaringiz qatorida qizim dedingiz, endi qaynonalikni onalikka aylantiring. Qizingiz mazam yo‘q desa, peshonasini silaysizmi, kelinga ham shunday bo‘ling. Qizingiz pardoz qilsa, qarab ko‘zingiz quvnaydimi? Kelin begona uchun emas, sizning o‘g‘lingiz uchun yasanishga o‘rgating. Pardozini ham to‘g‘ri qabul qiling. Oilangiz an’analarini unga singdirib boring, oilaviy ishlar oilada hal qilinadi, siz bugun keliningizni ko‘chaga chiqib gapiryapsizmi, ertaga u ham oilangiz sirini ko‘chaga olib chiqadi...
Mana shunaqa, orzu-havasli, dabdabali to‘y qilishga oshiqamizu boshqa masalalarni to‘ydan keyin o‘ylab, boshimizni changallaymiz. To‘ygacha esa kelin tomondan keladigan jihozlar, to‘yoldi tadbirlaridagi oldi-berdilar qiziqtiradi, xolos. Achchiq bo‘lsa ham rost gap-ku, kelin keladigan uyni yig‘ishtirib, bo‘shatib, jihoz kutishimiz, mol yoyarda, oq o‘rarda, kelinsalomu challarlarda qo‘sha-qo‘sha tog‘orali qudalarni kutishimiz...
Biz farzandlarimizni oriyatli, hamiyatli, g‘ururli qilib tarbiyalashga ko‘p ahamiyat beramiz. Biroq mana shu kelin tomonidan keladigan sarpo-suruq, katta-kichik jihoz masalasida oriyatni yig‘ishtirib qo‘yamiz. Kelgan-ketganga maqtanib ham qo‘yamiz, qudaning buyumlari bilan. Sal didimizdagiday mebel bo‘lmasa, biror jihozi kam bo‘lsa, hayitda, beshik to‘yda olib kelishar, deb umid qilamiz. Biz umid bilan o‘g‘il o‘stirdikmi, uni oriyatli qilib tarbiyaladikmi, o‘zi yashaydigan uyni o‘zi jihozlashga o‘rgataylik. Kinolardan hayotga, hayotdan kinolarga ko‘chib yurgan bachki odatlarimizni tark etish payti kelmadimikan?!
Turmush ikir-chikirlaridan katta muammolarga aylanayotgan, oilalar buzilib, taqdirlar parokanda bo‘lishiga olib kelayotgan “urf”larimizdan voz kechaylik. Nega bechora qiz bergan tomon olgan narsalari qudalarga ma’qul bo‘larmikan, deb yurak hovuchlab turishi kerak. Eng aqlga sig‘maydigan tomoni – nega bizning naslimiz davomchisi danyoga kelsa, kelinning ota-onasi beshik to‘yi o‘tkazib berishi kerak? Farzandni dunyoga keltirgan ota qaynotasi olib kelgan aravacha, beshik, yetti yoshgacha yetadigan kiyim-kechakdan tortib, chaqaloqning so‘rg‘ichigacha qabul qilib olishi kerak.
Irimi shunaqa emish. Nega chaqaloqni dunyoga keltirgan ota kiyintirishi kerak, karavatiyu, aravasini o‘zi olib berishi kerak, deb irim qilishmaydi. Bola uchun kelinning ota-onasidan ko‘ra ko‘proq yigitning o‘zi mas’ul emasmi? Yaqinda bir to‘yda to‘y boshlovchi qudalarni o‘rtaga chaqirib, yigitning onasiga qarab: “Ilohim, yaqin yillarda nevaralaringiz ko‘p bo‘lib, siz katta bir bog‘chaning mudirasiga, qudangiz esa xo‘jalik mudiriga aylansin...” deb tilak bildirdi. Tilakning ijtimoiylashganini qarang! Shu oila mustahkam bo‘lsin, serfarzand, serdavlat bo‘lsin, diniga, ota-onasiga xizmat qilsin, degich tilaklar manfaatlarning soyasida qolib ketdimi?
Bir kuni o‘z tashvishlarim bilan bozorga tushib, aylanib yurib charchadim va bir do‘konda bo‘sh joyga o‘tirib oldim. Do‘kon egasi: “Opa, charchab qolibsiz, sertashvish ko‘rinasiz, qiz uzatishingiz kerakmi?”, deb hol so‘radi. Hayron bo‘ldim – qiz uzatadigan ona yorug‘-yorug‘ orzular bilan, chiroyli kayfiyatda bo‘lmaydimi? Yoki qiz uzatadigan onalarda horg‘in kayfiyat shakllanib ulgurdimi?
Bu gaplarni nega keltirayapman? Oltita qudani o‘nta tog‘ora bilan kutish, qo‘sha-qo‘sha sarpo-suruqlarni ko‘z-ko‘z qilish o‘rniga farzandlarimizning salomatligiga, bilim olishiga, ilm olishiga ahamiyat beraylik. Buning uchun imkoniyatlar bor.
Ilgari to‘ylar mavsumi bo‘lardi. Hozir ramazon oyidan boshqa paytda deyarli har kuni to‘y. Unda-bunda to‘yxonalardan karnay-surnay ovozi kelib qoladi. Mayli, har kim o‘z istagicha, orzu-havasiga yarasha to‘y qiladi. Biroq bu bunyod bo‘layotgan oilalarning kelajagi, baxtiga daxl qilmasa bo‘ldi. Orzu-havas ba’zan kattarib, ba’zan bachkanalashib taraqqiyotga to‘siq bo‘lmasa bas. Bunda orzu bilan kibrni, birovdan kam bo‘lmaslikni yarashsa-yarashmasa birovdan ustunlik bilan almashtirib qo‘ymaslikka e’tibor qaratish lozim.
Manzura Shams
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar