![Ramazondagi besh mukofot](https://ichef.bbci.co.uk/news/640/amz/worldservice/live/assets/images/2015/07/08/150708134655_uzbek_ramadan_640x360_bbc_nocredit.jpg)
Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ramazon oyida ummatimga oldingi ummatlarga berilmagan beshta xislat (mukofot) beriladi», deyilgan («Tanbehul g‘ofilin» kitobidan).
«Baqara» surasining 183-oyatida Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «...sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi».
Oyati karimadan ma’lum bo‘ladiki, oldingi ummatlarga ham ro‘za farz qilingan, ammo hadisda aytilganidek, besh mukofot faqat ummati Muhammadga berildi. Zotan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning darajalari ulug‘, ummatlariga ko‘rsatilayotgan ikromlar ham shunga ko‘radir.
Yuqorida keltirilgan hadis davomida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam besh mukofotni sanab o‘tdilar:
1. «Ro‘zadorning og‘zidan kelayotgan hid Alloh nazdida mushku anbar bo‘yidan ham yaxshiroqdir». Ro‘za tutib, och qolgan kishining og‘zi hidlanishi tabiiy. Boshqalar uchun noxush tuyulgan bu hid Alloh uchun sevimli. Ro‘zador uchun birinchi mukofot oxiratda og‘zidagi mushk kabi xush islar bilan Alloh taologa ro‘baro‘ bo‘lishidir.
2. «Og‘iz ochgunlaricha farishtalar ular haqiga istig‘for aytib turadilar». Ya’ni, ro‘zador Allohga mahbub banda bo‘lganidek, maxluqotga ham sevimli bo‘ladi. Alloh taoloning hech gunoh qilmaydigan bandalari bo‘lmish farishtalar ro‘za tutgan kishi haqiga duo qiladilar. Demak, ro‘za tutuvchi kishining Alloh huzurida, maxluqot oldida ham qadr-qimmati yuksak – bu ikkinchi mukofot.
3. «Shaytonlar kishanlanib, ilgari qilib yurgan yomonliklarini qila olishmaydi». Bu oyda barcha shaytonlar zanjirband etiladi, boshqa paytlarda bo‘lganidek, erkin harakatlanishlariga izn berilmaydi. Yo‘ldan ozdirish, vasvasa qilish, aldash kabi ishlarni har kungidek osonlik bilan uddalasholmaydi. Ummati Muhammadga uchinchi mukofot – ibodat qilish oson bo‘ladi, yaxshi ish qilishni istaganlar yoqalarini shayton qo‘lidan qutqarishga erishishadi.
4. «Alloh taolo har kuni jannatini bezatib, unga: «Solih bandalarimning dunyodagi mashaqqat va aziyatlari tugab, senga kirishlariga yaqin qoldi», deb aytadi». Ya’ni, ro‘zadorlar uchun to‘rtinchi mukofot – jannat. Oxiratda: «Mening roziligimni ko‘zlab ro‘za tutgan bandalarim, kiringlar», deyilganda jannatdagi Rayyon nomli eshikdan faqat ro‘za tutuvchilargina kirishadi.
5. Beshinchi, eng so‘nggi mukofot, tabiiyki, muborak oyning oxirgi kunlari bilan bog‘liq. «Ramazonning oxirgi kechasida esa ularning gunohlari kechiriladi». Shunda sahobalar: «Ey Rasululloh! O‘sha Qadr kechasi bo‘ladimi?» deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Yo‘q, ammo ishchining ish haqi ishni mukammal ado qilib bo‘lganidan keyin beriladi», dedilar». Demak, bu kecha hayit kunining kechasi. Alloh taolo barchamizni hayit ayyomini O‘z mag‘firatiga erishgan holda kutib olgan mas’ud bandalari qatorida qilsin.
Yuqorida sanab o‘tilgan mukofotlar Alloh taolodan Muhammad ummatiga ko‘rsatilgan ulug‘ ehson. Ulardan bebahra qolishdan asrasin! Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ta’rif etganlaridek, Alloh taolo barchamizga O‘zini rozi va xushnud qiladigan, qabul etiladigan darajada ro‘za tutishni, ibodatlar, tarovehlarni o‘z vaqtida, o‘z o‘rnida, odob va huzur ila ado etishni nasib aylasin!
Kim ertalabgacha uxlamay chiqsa, yarim tunda keladigan ka-a-atta qushni ko‘rarkan. Uning kelayotgani osmon yorishib ketganidan, daraxtlar egilib salom berayotganidan bilinarkan. O‘sha paytda nimani ushlasak, tilla bo‘p qolarkan...»
Biz bolalar kimdandir eshitgan bu kabi gaplarimizni ko‘pirtirar, Qadr kechasida uxlamay chiqishga qaror qilardik. Orzulardikki, biror kattaroq narsani ushlashga ulgursak, tillaga aylansa-yu, boyib ketsak. Uni sotib, puliga xohlagan narsamizni olsak: o‘zimizga, uka-singillarimizga – o‘yinchoq, dadamizga – mashina, onamizga – yangi ko‘ylak...
Biroq har gal uxlab qolardik. Ertalab turib shunday o‘kinardikki...
Unda bola edim. Ulg‘aygach, bildimki, bu kecha ikki dunyomizga yetgulik xazinalar kaliti ekan. Bolalikda butun boyliklar timsoli oltin deb bilgan bo‘lsam, katta bo‘lganim sari insonning ikki dunyoga arzigulik ganjinasi imon, e’tiqod ekanini angladim. Ularni dunyoning barcha boyliklari bilan ham qo‘lga kiritib bo‘lmaydi. Ammo qalbdagi imon oldida eng oliy xazinalarning zarracha qiymati yo‘q.
Rabbim, har ramazonda Qadr kechasini munosib o‘tkazishni nasib et, toki ro‘zi mahshar tongida o‘kinmaylik. Imon otlig‘ xazinani qalbimizga jo qil, toki dunyo matolari ko‘zimizni qamashtirib, haq yo‘ldan toyib ketmaylik. Bu kechada faqat ko‘zimiz emas, ko‘nglimiz bilan bedor bo‘lish baxtiga yetkaz, toki sog‘indik deganimiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam va as'hob yuzlariga yorug‘ yuz bilan boqaylik. Faqat bu kecha emas, umrimizning barcha onini Sening zikring bilan kechirish saodatiga erishtir, toki Ulug‘ Manzilga, Qutlug‘ Diydorga omonlikda yetaylik...
Zumrad Foziljon qizi
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar