06:30 / 16.04.2023
494

Hasad va havasning nozik farqlari

Hasad va havasning nozik farqlari

Hasadning ma’nosi

Hasad biron kishidagi Alloh bergan ne’mat yoki fazilat yo‘q bo‘lib, o‘ziga o‘tib qolishini xohlashdir. Bunday kimsa birodarida Alloh taoloning ne’matini ko‘rib, achchiqlanadi, undagi bor narsa zavol topib, faqat o‘ziga nasib etishini istaydi.

Ibn Qayyim bunday degan: “Hasadning asli Alloh taolo bergan ne’matni yomon ko‘rish, uning zavolini istashdir. Hasadgo‘y ne’matning dushmanidir. Bunday yomonlik o‘zining tabiatidandir. Hasad biron odamdan yuqtirib olingan kasallik emas, balki nafsning pastkashligidan, yomonligidan kelib chiqadi”. (At-Tafsirul Qayyim)

Movardiy: “Hasadning haqiqati fazilatli odamlardagi yaxshiliklarni ko‘rib qattiq achchiqlanishdir”, degan. (Adab ud-dunyo vad din)

Ba’zilar aytishicha, hasad ne’matning zavolini xohlash emas, balki birovning muvaffaqiyatini ko‘ra olmaslikdir. Bir odam o‘zgalar qo‘lidagi ne’matni xushlamasa, bundan jahli chiqsa, uning zavolini xohlasa ham, xohlamasa ham hasadchi hisoblanadi.

Hasad bilan havas o‘rtasida qanday farq bor?

Hasad birovga yomonlikni ravo ko‘rish, havas esa birovga yetgan yaxshilikdan xursand bo‘lib, o‘ziga ham shunday ne’matlar berilishini orzu qilishdir.

Hasad – katta gunoh. Havas esa gunoh emas. Hasadchi birov erishgan yutuqdan xafa bo‘ladi. Havas qiluvchi esa kimdir muvaffaqiyat qozonsa, xursand bo‘ladi, o‘ziga ham shunday ne’mat berilishini Allohdan so‘raydi.

O‘zingizda hasad tuyg‘usi bor-yo‘qligini bilish uchun birodaringizdagi bir fazilatini eslang. Bu fazilat unga Alloh ato etgan ne’mat. Mana shu ne’mat bilan sizdan afzal. Endi rostini ayting: Bu ne’matga munosabatingiz qanday? Shu ne’mat sabab do‘stingizni yoqtirmay qolmayapsizmi, uning yo‘q bo‘lishini ich-ichingizdan xohlamayapsizmi? Agar o‘sha holatni his qilsangiz, bu aniq hasaddir.

Agar birodaringizga berilgan ne’matdan ko‘zlaringiz quvonsa, o‘zingizga ham shunday ne’mat berilishini xohlasangiz, bu havasdir, hasad emas.

Qur’oni karimda hasad haqida nima deyilgan?

Qur’oni karim qalbni hasaddan poklashga chaqiradi. Jumladan, Alloh taolo aytadi:

“Alloh biron ne’mat bilan biringizni (boshqa) biringizdan ortiq qilib qo‘ysa, sizlar uni (hasad-adovat bilan) orzu qilmang! Erkaklar uchun ham qilgan mehnatlaridan nasiba bor. Ayollar uchun ham qilgan mehnatlaridan nasiba bor. Sizlar (birovlarga berilgan ne’matlarga ko‘z olaytirish o‘rniga) Allohning fazlu marhamatidan so‘rang. Albatta, Alloh hamma narsani biluvchi Zotdir” (Niso surasi, 32-oyat).

Qur’onda aytilyapti: ey inson, kimda biron ne’matni ko‘rsang, unga hasad qilaverma, birovning yutug‘iga ko‘z olaytirma. Uning o‘rniga Allohdan so‘ra. Alloh so‘raganingni beradi.

Bir odamning boyligi ko‘payib ketsa, martabasi yuqorilasa, parvo qilmang. Axir, o‘sha narsalarga sizning himmatingiz evaziga erishgani yo‘q-ku! To‘g‘rimi? Hasad qilish o‘rniga siz ham so‘rang Allohdan. Allohning karami keng. O‘zingizni qiynab, birovlarga yomonlik tilab hasad qilishning nima keragi bor?! Uning o‘rniga fe’lingizni keng qiling, insonlarga xayrixoh bo‘ling, ne’mat beruvchi Zotdan fazlu marhamat istang.

Mashhur sahoba Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: “Kishi: “Qani mendayam falonchining boyligi bo‘lsa, pistonchining mol-dunyosi bo‘lsa edi!..” deb orzu qilmasin, “Agar menda ham falonchidagidek boylik bo‘lganida edi...” demasin. Alloh bu ishdan qaytargan, balki banda Allohning fazlu marhamatidan so‘raydi”.

Kalomullohning boshqa o‘rnida bunday deyilgan:

“Yoki Alloh odamlarga O‘z fazlidan bergan narsalarga hasad qiladilarmi?” (Niso surasi, 54-oyat).

Anavi kimsalar Alloh taoloning marhamati bandalariga tor bo‘lishini istaydilar, Islom ummatining o‘zlaridan ko‘ra afzalroq bo‘lishini istamaydilar. Chunki ularda nasl-nasab bilan g‘ururlanish illati bor. Qalblarida hasad bor. Muhammad sollallohu alayhi va sallamni ko‘ra olishmaydi, u zotga berilgan nubuvvat va risolat ne’matiga yomon ko‘z bilan qarashadi. Shuning uchun Rasululloh olib kelgan narsalarni tasdiqlashmaydi, imon keltirishmaydi.

Alloh taolo hasadchining yomonligidan panoh so‘rashga chaqirgan:

“(Ey Muhammad,) ayting: “Men tong Rabbisidan panoh so‘rayman. Yaratgan (narsa)larining yomonligidan, qorong‘u kechaning yomonligidan, tugunlarga dam uruvchi (ayollar)larning yomonligidan, hasad qiluvchi hasadchining yomonligidan (panoh so‘rayman)” (Falaq surasi, 1-5-oyatlar).

Alloh taolo bu yerda bandalarini O‘zi yaratgan narsalar yomonligidan, tugunlarga dam uradigan xotinlar sharridan, hasadchilar g‘arazidan panoh so‘rashga buyurmoqda. Bundan chiqdi, hasad eng yomon illatlardan ekan.

Husayn ibn Fazl aytadi: “Alloh taolo bu oyatda barcha yomonliklarni jamlab, eng tuban xususiyatligini bildirish uchun ularni hasad bilan yakunlagan”. (Sa’labiy, “Kashful Bayon”)

Davomi bor...

Ziyovudin Rahim

Manba: Azon.uz


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat