22:24 / 04.05.2023
842

Qozog‘iston BMTda Rossiyaga qarshi ovoz berdi. Bu nimadan darak?

Qozog‘iston BMTda Rossiyaga qarshi ovoz berdi. Bu nimadan darak?
26 aprel kuni BMT Bosh assambleyasi BMT va Yevropa Kengashi o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qildi. Hujjat matnidagi jumlalardan birida Rossiyaning Ukrainaga qarshi harakatlari agressiya deb atalgan.
 
Rezolyutsiyani Rossiya o‘ziga “do‘st” deb biluvchi davlatlardan Qozog‘iston, Xitoy, Turkiya, Armaniston va Braziliya ham ma’qullab ovoz berdi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va yana 15 mamlakat betaraf qoldi.
 
Kun.uz muxbiri siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan shu masalalarda suhbatlashdi.
 
— Nima uchun Qozog‘iston bunday pozitsiyasi nimadan darak beradi?
 
— Qozog‘istonning bunday pozitsiyani bildirishi katta o‘zgarish va ko‘p ma’noni anglatadi. Avvalambor, BMTda qo‘yilgan savolga qarash kerak, uni bir nechta pozitsiyada talqin qilish mumkin. BMT va Yevropa Kengashi hamkorligi muhimmi, degan savolning ichidagi bandlardan biri Rossiyani tajovuzkor davlat sifatida ayblaydi. Urush boshlangandan beri Markaziy Osiyo davlatlari urushga oid masalalardagi rezolyutsiyalar bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etmagan yoki betaraf qolgan. Rossiya mintaqamiz uchun muhim iqtisodiy hamkor hisoblanadi. Shunday vaziyatda Rossiya bilan konfliktga kirishmaslik uchun Markaziy Osiyo davlatlari betaraflik pozitsiyasini tanlagan. Lekin betaraf degani befarq deganimas. Rossiyaning Ukrainaga bosqini Markaziy Osiyo davlatlarini kuchli xavotirga soladi, aslida.
 
Qozog‘iston ham, O‘zbekiston ham shu paytgacha ovoz berish jarayonida betaraf bo‘ldi. Faqat BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashda Rossiya qolishi kerakmi, degan savolga “ha” deb javob berdi. Qozog‘iston birinchi marta Rossiyani agressiyada ayblovchi ovoz berishda tasdiq javob berdi. Bu bilan Qozog‘iston Rossiyaga o‘z e’tirozini bildirmoqda.
 
Bundan tashqari, Rossiyaning yaqin hamkorlari bo‘lgan XXR, Hindiston, Turkiya kabi davlatlar ham Rossiyaga qarshi ovoz bergan. Endi bu vaziyatda Rossiyaga qarata “Biz senga qarshi ovoz bermadik, balki BMT va Yevropa Kengashi hamkorligi uchun ovoz berdik” deyishlari mumkin. Rostdan ham bu hamkorlik muhim.
 
Qozog‘iston masalasida ikki talqin bor: Qozog‘iston siyosiy elitasida: “Rossiya zaiflashdi, endi bizga bosim qilolmaydi”, degan pozitsiya yoki “Rossiya Ukrainadan so‘ng bizga tajovuz qiladi, shuning uchun xalqaro hamjamiyatni shu holatga tayyorlashimiz kerak”, degan xulosa bo‘lishi mumkin.
 
Aslida, postsovet hududida eng katta bog‘liqlik Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasida. Nazarboyev davrida ular eng yaqin ittifoqchilar edi. Keyingi 4 yilda To‘qayev va Putin munosabatlari ijobiy bo‘lmadi. To‘qayev xalqaro huquq doirasida ish ko‘rib, Rossiyani hisoblashishga majbur qilayotgan siyosatchi sifatida namoyon bo‘ldi. Nazarboyev esa avtokrat edi. To‘qayev va Putin o‘rtasida ko‘p to‘qnashuvlar bo‘ldi. Xususan, 2022 yil boshida Sankt-Peterburgda To‘qayev “DXR” va “LXR”ni tan olmasligini Putinning yonida turib aytgandi va bu orqali Putinning obro‘siga putur yetgan. Bu bilan munosabatlar yanada sovuqlashadi. Lekin bu safar Rossiyaga yaqin bo‘lgan boshqa davlatlar ham qarshi ovoz bergani vaziyatni biroz yumshatadi.
 
— Putin o‘z obro‘sini tiklashi uchun g‘alabalar kerakligi aytiladi. Ukrainadagi urush to‘xtasa, Qozog‘istonning shimoliga bosqinchilik qilishi mumkin, degan fikrlar ham bo‘lyapti. Rossiyada Qozog‘istonga nisbatan provokatsiyalar ham ko‘paymoqda. Ayni shu damda Qozog‘istonning bu harakati Rossiya tomonidan qanday reaksiyaga sabab bo‘lishi mumkin?
 
— Qozog‘iston allaqachon Kremlning “qora ro‘yxat”ida. 2020 yilda Yevroosiyo iqtisodiy hamkorligining davlat rahbarlari yig‘ilishida Putin va To‘qayev o‘rtasida tortishuvlar bo‘lgan edi. To‘qayev o‘z bayonotida YEOIIda tenglik mavjud emas, Rossiya boshqa davlatlarning salohiyatini sug‘urib olyapti, degan edi. Ikki yil oldin televideniyega bergan intervyusida Putin sovet ittifoqiga kichik bo‘lib kirib, katta yerlar bilan chiqqan davlatlar bor, deya Qozog‘istonga ishora qilgan edi. Lekin Kremlga yaqin bo‘lgan siyosatshunoslar aniq qilib Qozog‘iston nazarda tutilganini aytdi. To‘qayev esa Qozog‘iston hududi xalqaro tan olingani va unga tajovuz bo‘lsa, bu harakatlar xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmasligini aytdi.
 
Ukrainadagi urush muvaffaqiyatsiz bo‘layotgani uchun Qozog‘istonga bo‘lishi mumkin bo‘lgan tajovuz rejasi ortga surildi. Rossiya o‘zi aytganidek g‘alaba qozonolmadi. Yordam so‘rab Shimoliy Koreyaga, Eronga murojaat qildi, ya’ni butun dunyo tasavvurida qudratli armiya yo‘q bo‘ldi. Qozog‘istonga ikkinchi front ochishga Rossiyada salohiyat yetarli emas. Ukrainadagi mag‘lubiyat Rossiyada siyosiy inqirozni tezlashtirib yuboradi, shuning uchun Kreml vakillari Ukrainani kompensatsiya qilish yo‘llarini izlashyapti. Aynan kompensatsiya uchun Markaziy Osiyo tanlanishi mumkin, shuning uchun mintaqa davlatlari juda ehtiyotkor bo‘lishi kerak.
 
Yuqorida aytganimdek, XXR, Hindiston kabi davlatlar ham Rossiyaga qarshi ovoz berdi. Bu holatda Rossiya tarafidan faqat Qozog‘istonga nisbatan munosabat bildirsa, ikkiyuzlamachilik bo‘lib qoladi. Shuning uchun Rossiya bu vaziyatni “yutishga” – qabul qilishga va unutishga majbur. Lekin Qozog‘iston bilan bo‘ladigan kelajakdagi holatlarda bu narsa eslanadi. Rossiya bilan eng katta chegarasi bor davlat ham Qozog‘iston.
 
— Yaqin orada Markaziy Osiyo davlatlari tashqi xavflarga nisbatan birgalikda “yo‘q” deya olishini kutish mumkinmi?
 
— Ovoz berish jarayonidan bilish mumkinki, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi muvofiqlashuv darajasi juda past. Shu paytgacha Turkmaniston tashqari barcha davlatlar bir xilda ovoz bergan edi. Ammo bu safar Qozog‘iston va qolgan 3 ta davlat fikri bir joydan chiqmadi. Aslida, tajovuzga uchrashi mumkin bo‘lgan davlat ham aynan Qozog‘iston. Bunday vaziyatda mintaqaning ikkiga bo‘linishi qolgan davlatlarning ham Rossiya agressiyasiga uchrashi imkoniyatini oshiradi. 4 ta respublika ham bitta pozitsiyada turishi kerak edi. Bir yarim asr ilgari Chor Rossiyasi kelganda ham xonliklarni bo‘lib tashlash orqali mintaqani istilo qilgan edi. Tarix takrorlanyapti bugun. Agar mintaqa davlatlari bir xil fikr berganda edi, Rossiyaning bosim qilish imkoniyati pasayardi.
 
Hozirgi holatda Markaziy Osiyo uchga bo‘linyapti: Rossiyadan qo‘rqish darajasi yuqori bo‘lgan Turkmaniston, betaraf bo‘lgan 3 ta respublika va qarshi chiqayotgan Qozog‘iston. Bu narsa mintaqaning yakdil emasligini ko‘rsatadi.
 
— O‘zbekiston doim betaraf qolgan. Lekin qachondir Rossiyaga qarshi ovoz berishi mumkinmi?
 
— Putin hokimiyatda bo‘lar ekan, bu narsani kutib bo‘lmaydi, menimcha. Chunki postsovet hududidagi davlatlarning orzusi – Putinning hokimiyatdan ketishi.
 
Putin hokimiyat tepasiga kelganda Karimov va Yelsin munosabatini o‘z darajasida saqlashga majbur bo‘ldi. Chunki Putin birdan katta kuch bo‘lib kelmadi, bosqichma-bosqich o‘sib bordi. Shuning uchun ham Karimov davrida Putin hokimiyatiga nisbatan ba’zi tanbehlar bo‘ldi, Qrim anneksiyasiga munosabat bildirildi. 2016 yilda O‘zbekistonda hokimiyat o‘zgargan vaqtda Putin xalqaro maydonda katta kuch edi. Shuning uchun Markaziy Osiyo davlatlari Yelsin bilan bo‘lgani kabi teng munosabat o‘rnatolmasdi. Shu sababli ham Markaziy Osiyo davlatlari hokimiyatlari Putin ketishini istaydi. Hozir mintaqa davlatlari Rossiya bilan to‘qnashmasdan, Putin hokimiyati ketishini kutyapti.
 
Suhbat boshida aytganimdek, betaraflik befarqlikni anglatmaydi. Markaziy Osiyo davlatlarida hokimiyatni va hududiy yaxlitlikni saqlab qolish muammosi bor. Ichki muammolarni qo‘llash orqali bosim qilish – Rossiyaga xos holat. Dunyoning boshqa qudratli davlatlari biror bir davlatni resurslar taklif qilish orqali o‘ziga og‘diradi, Rossiya esa bosim, shantaj orqali bu ishni amalga oshiradi.
 
Farrux Absattarov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat