
O‘zbekistonda 2025-yilning yanvar–sentyabr oylarida 5895 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan, natijada 1303 kishi halok bo‘lgan va 4592 fuqaro jarohat olgan, deb ma’lum qildi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan YTHlar soni 3,8 foizga kamaygan — 6127 tadan 5895 taga. O‘lim bilan yakunlangan holatlar 4,8 foizga, tan jarohati olganlar soni esa 3,5 foizga kamaygan.
Piyodalar ishtirokidagi YTHlar soni ham 5,8 foizga qisqargan, bu esa 2689 ta holatni tashkil etgan. Burxonovga ko‘ra, bu natijalar yo‘l harakati madaniyatining oshgani, haydovchilarni tayyorlash tizimi yaxshilangani va raqamlashtirish jarayonlarining kuchaygani bilan bog‘liq.
Shunga qaramay, senator ayrim hududlarda yo‘l belgilarining yetishmasligi, yo‘llarning sifatsizligi va piyodalar uchun xavfsiz sharoitlar yo‘qligi kabi muammolar hanuz dolzarb ekanini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, 2024-yil yakuniga ko‘ra mamlakatda 9364 ta YTH qayd etilgan bo‘lib, ularda 2203 kishi halok bo‘lgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!