07:00 / 18.06.2023
308

Qancha desangiz ham to‘layman, faqat iltimos, bolam qori bo‘lsin (Bo‘lgan voqea)

Qancha desangiz ham to‘layman, faqat iltimos, bolam qori bo‘lsin (Bo‘lgan voqea)
Ko‘pchilik, xususan, mashina haydaydiganlar ulovda tibbiyot qutichasi bo‘lishi qonuniy talab ekanini yaxshi biladi. Mening ham shunday quticham avtomobillarni yuvish shoxobchasida qolib ketibdi, mashinani tozalayotib olishgan-u, qayta joyiga qo‘yishni unutishgan. Shoxobcha tanish avtota’mirchi aka-ukalarga qarashli edi, ularni bu ishdan xabardor qildim-da, yo‘lim tushganida olarman, deb xotirjam bo‘ldim. Birmuncha vaqtdan so‘ng vodiyga safar qiladigan bo‘ldik. Uzoq yo‘l, nozirlar so‘rab qolishi mumkin, degan o‘yda tibbiyot qutichasini olib ketmoqchi bo‘lib, avtoyuvish joyiga bordim. Lekin u yerdagilar topib berisholmadi.
 
 Surishtirishlar natijasida adashib, boshqa birovga berib yuborishgani aniqlandi. Jahlim chiqdi, axir, u narsa meniki bo‘lsa, buning ustiga tong saharda safarga hozirlanib turibman. Shu o‘y bilan haligi ustalardan biriga e’tirozimni bildirdim. “Omonatingizni endi topib berolmaymiz, ammo pulini berishimiz mumkin, ayting, qancha to‘laylik?” dedi anchagina qo‘pol ohangda (balki menga shunday tuyulgandir). Bundan battar asabim buzildi, “Kerakmas pulingiz, rozimasman!” deb ketib yubordim.
 
Oradan bir qancha vaqt o‘tdi, bu voqea esimdan ham chiqib ketdi.
 
O‘tgan yili xorijda davolanayotganimda telegramdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi, yurtimizdan, lekin raqam notanish. Javob berishim bilan narigi tomondan birov hol-ahvol so‘ray ketdi. Kimligini bilolmay halakman. Nihoyat, o‘zini tanishtirdi, o‘sha usta ekan. “Qori aka (u meni shunday chaqirardi), 3–4 kundan beri raqamingizga tusholmayman. Oxiri internet orqali telefon qilay-chi, dedim o‘zimga-o‘zim. Mana, Xudoga shukr, sizni topdim nihoyat!” dedi xursand ohangda. Keyin maqsadga ko‘chdi:
 
«Yordamingiz kerak, iltimos, yo‘q demang. O‘g‘lim Qur’onni yodlashga harakat qilayotgandi, to‘liq ko‘tarishiga ozgina qolganida birdan taqa-taq to‘xtadi. Qancha urinmasin, befoyda, miyasi qabul qilmayapti. Bundan o‘zi xunob, onasi bilan men hayron, ustozining ham boshi qotgan. Oxiri, ustozi bir kuni chaqirib: “Yaqin o‘rtada birovning haqiga tajovuz qilib qo‘ymadingizmi? Kimnidir norozi qilmadingizmi? Chunki otaning shunday nojo‘ya ishlari bolaning zehniga, xulqiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi”, dedi. Darrov javob berolmadim. Ustoz yaxshilab o‘ylab ko‘rishimni, agar shunday holat o‘tgan bo‘lsa, norozi qilgan odamimni topib, rozi qilishim zarurligini, aks holda bu ish yurmasligini aytdi. Uyga kelib ko‘p o‘yladim.
 
Allohga shukr, ozmi-ko‘pmi diniy bilimim borligi tufayli birovning haqidan qo‘rqaman, bu borada diqqatli bo‘lishga harakat qilaman. Unda nega bunday bo‘lyapti ekan, deb xotiramni kavlab turganimda bexos siz bilan o‘rtamizdagi ishni esladim. O‘shanda sizni rozi qilishni dilimga tukkandimu, lekin unutgan ekanman... Xorijdaman dedingiz, aka, avvalo Alloh dardingizga shifo bersin. So‘ngra kartangiz raqamini, necha pul bersam rozi bo‘lishingizni ayting. Qancha desangiz ham to‘layman, faqat iltimos, bolam qori bo‘lsin. Alloh roziligi uchun, Qur’on uchun, shu bolamning ko‘ngli hurmati, rozi bo‘ling!»
 
Usta yig‘lab yubordi. Mening esa butun vujudim jimirlab ketdi. O‘shanda rozi bo‘lib qo‘ya qolmaganim uchun endi o‘zimni aybdor his qila boshladim. Mening bu xudbinligim bir bolaning Qur’oni karimni yod olishdek ezgu amaliga xalaqit qilayotgan bo‘lishi mumkinligini o‘ylab, xijolat o‘tida yondim. Ustaga hech qanday pul berishiga hojat yo‘qligini, ko‘nglimda g‘ashlik qolmaganini aytdim. Suhbatdoshim rozi bo‘lganimni qayta-qayta so‘rab, bilgach, ustidan og‘ir yuk ag‘darilgandek chuqur “uh” tortdi. Keyin yig‘i aralash ovozda mendan musofir va bemor ekanim sababli o‘g‘lini duo qilishimni so‘radi. Bu ishlardan mening ham o‘pkam to‘lib, chin dildan duo qildim. Usta ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilgan holda xayrlashdi...
 
Ko‘p o‘tmay yana telefon qildi. Bu gal ovozi ancha o‘ktam edi: “Qori aka, suyunchi bering, o‘g‘lim hofizi Qur’on bo‘ldi. Siz bilan gaplashganimdan keyin Alloh zehnini ochib yubordi, xotirasi kuchaydi. Mana, nihoyat, orzu-maqsadimizga erishdik, Allohga behisob shukrlar bo‘lsin!” Suyunib ketdim, akani tabriklab, Allohga shukrlar keltirdim. Mavridini topib, bu ishlarni satrlarga to‘kishni va ko‘pchilikka yetkazishni dillab qo‘ydim. Albatta, bu o‘rinda shaxsiyatimning zarra qadar ahamiyati yo‘q. Bu yerdagi o‘rnak, birinchidan, birovning haqidan hazir bo‘lish va hazar qilish bo‘lsa, ikkinchidan, bir otaning bola kamoloti yo‘lidagi jiddu jahdi, himmatidir. Men ustaning taqvosi va himmatiga havas qildim. Alloh taolo hammamizga shunday himmat, jiddu jahd va tavfiq ato etsin!
 
Sodiq Nosir
Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qancha desangiz ham to‘layman, faqat iltimos, bolam qori bo‘lsin (Bo‘lgan voqea)
ePN