Foto: Kun.uz
Oliy sud kassatsiya instansiyasi Ahmadboy nomi bilan mashhur firibgarlik ishiga oid hukmga qisman o‘zgartirish kiritdi – bu Ahmadboydan davlat egaligiga o‘tkazilib, auksionda sotilgan mulk bilan bog‘liq.
2022 yilning aprel oyida fuqaro B.Q. auksion orqali Olmazor tumani, Forobiy ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan biridagi kvartirani qariyb 700 mln so‘mga sotib oladi. Bu kvartira 2015 yildan 2019 yilgacha rasman chinozlik Ahmadboy (o‘z davrida juda ko‘p miqdordagi firibgarlik jinoyati uchun uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Ahmadjon Tursunboyev)ning mulki bo‘lgan.
Ushbu xonadon 2019 yilda sud hukmi bilan Ahmadboyning boshqa mulklari qatori davlat egaligiga o‘tkazilgan hamda auksion savdolariga chiqarilgan. Hukmda sotuvdan tushgan mablag‘ni zarar ko‘rgan jabrlanuvchilarga proporsional tarzda taqsimlab berish ko‘zda tutilgan. Qariyb 2 yil davomida xonadon bir necha marotaba auksionga qo‘yilgan, ammo sotilmagan.
Fuqaro B.Q. 2022 yil 27 aprel kuni o‘tgan takroriy onlayn auksion g‘olibi bo‘ladi va uyning pulini to‘liq to‘lab, mulkni o‘z nomiga hujjatlashtirib oladi. Ammo mulk egasi sifatida sotib olgan uyiga borib yashay olmaydi. Sababi, xonadonda boshqa fuqaro – mazkur uyni 2015 yilda Ahmadboyga sotgan N.T. istiqomat qilib kelmoqda. Yangi ega xonadonni bo‘shatib berishni so‘raydi, ammo sobiq ega uyni o‘z ixtiyori bilan bo‘shatishdan bosh tortadi.
Uyning avvalgi egasi undan ancha avval ayrilgan
Ahmadboy sheriklari bilan jinoiy xatti-harakatlari natijasida qo‘lga kiritilgan pul mablag‘larini legallashtirish maqsadida asosan uy va avtomashinalar xarid qilishgan. Jumladan, nizo obekti bo‘lgan Olmazor tumani, Forobiy ko‘chasidagi kvartira ham ana shunday – jinoiy xatti-harakatlari natijasida qo‘lga kiritilgan pul mablag‘lari evaziga sotib olingan.
Faqat bu o‘rinda xonadon egasi bo‘lgan N.T. Ahmadboyga emas, uyini unga sotib bergan “makler” A.E.ga aldanib qolgan.
2015 yilning avgust oyida fuqaro A.E. tanishi N.T. Olmazor tumani, Forobiy ko‘chasidagi xonadonini sotmoqchi bo‘lib yurganini eshitadi. Unga uyini sotib olish uchun mijoz topib berishini aytadi va shu yo‘l orqali uning ishonchiga kiradi. “Makler” mazkur xonadon o‘z uyi ekanligini aytib, uni 90 ming AQSh dollari evaziga Ahmadboyga sotadi va notarial tartibda oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirishga erishadi.
A.E. Ahmadboydan olgan 90 ming dollarni uy egasi bo‘lgan N.T.ga bermasdan, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Sudda so‘ralgan A.E. fuqaro N.T. Ahmadboyni tanimasligini, uning uyi o‘zi aytgan narx – 90 ming dollarga sotilgani, pullar 6 oyda 3 marta bo‘lib berilishini aytganida uy egasi bunga rozi bo‘lganligini, shu sababli notarius orqali rasmiylashtiruv jarayonida oldi-sotdi shartnomasiga imzo qo‘yib berganligini aytib, ko‘rsatma bergan. Shuningdek, u o‘z ko‘rsatmasida Ahmadboy xonadonni qonunan sotib olganligini, 2015 yilning iyul-dekabr oylari oralig‘ida undan 90 ming dollar pulni olib, uy egasiga bermasdan o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligini, odamlardan qarzi ko‘payib ketganligi sababli ishlari orqaga ketib, N.T.ning pullarini qaytara olmaganligini ta’kidlagan.
Uy egasi bo‘lgan N.T. esa sudda uyga “klent” topib kelgan A.E.dan 90 ming dollar narx xaridorlarga to‘g‘ri kelgan-kelmaganligi so‘raganini, A.E. unga xotirjam bo‘lishini, u aytgan narxga ko‘nishganligini, faqat pulni 3 marta bo‘lib berishlarini aytganligini ta’kidlagan. Shuningdek, u 2015 yil avgust oyining o‘rtalarida Toshkent shahar, Olmazor tumanidagi notariusda uyni rasmiylashtirish jarayonida oldi-sotdi shartnomasiga A.E.ga ishonganligi sababli imzo qo‘yib berganligini aytib, ko‘rsatma bergan.
Sudda so‘ralgan Ahmadboy A.E.ga 90 ming dollarni to‘liq berganligini, N.T.ni umuman ko‘rmaganligi va tanimasligini bildirgan.
Shu tariqa, firibgar maklerga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda u sud hukmi bilan 7 yil 7 oy ozodlikdan mahrum etilgan. 90 ming dollar mablag‘ni esa sud hukmi chiqarilgan kundagi qiymatdan kelib chiqib 855 mln so‘m miqdorida N.T. foydasiga undirish belgilangan.
Jinoyat uchun jazo muqarrarligi ta’minlanib, masala ham huquqiy, ham mantiqiy yakunini topgan.
“Ahmadboy ishi” ortidan uning mulklari, jumladan nizo obekti bo‘lgan yuqoridagi xonadon ham auksionga chiqarilib, sotuvdan tushgan mablag‘ jabrlanuvchilarga taqsimlab berilgan.
N.T. uydan majburiy chiqarilishi kerak, ammo...
N.T. uydan o‘z ixtiyori bilan chiqmagach B.Q. ayolni majburiy tartibda chiqarish uchun sudga murojaat qilgan. Ishni 2022 yilning 22 avgust kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi ko‘rib chiqadi. Sud da’vo arizani qanoatlantirib, N.T.ni Olmazor tumani, Forobiy ko‘chasi 12-uy 5-xonadondan majburiy tartibda ko‘chirish haqida hal qiluv qarori chiqaradi.
Keyinchalik apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rilgan sudlar ham birinchi instansiya qarorini o‘z kuchida qoldirgan. Bu orada N.T.ning uydan ko‘chirishni to‘xtatishni so‘rab sudga qilgan murojaatlari rad qilingan.
Biroq Oliy sudning 2022 yil 31 oktyabrdagi ajrimi bilan sud qarorlarining ijrosi, ya’ni N.T.ni majburiy tartibda uydan chiqarib yuborish to‘xtatiladi. 2022 yil 29 dekabrda sud qarorlarining ijrosini to‘xtatish haqidagi ko‘rsatma bekor qilinadi.
2023 yilning 12 yanvar kuni Oliy sud raisi o‘rinbosari H.To‘raxo‘jayevning ko‘rsatmasi bilan N.T.ni uydan majburiy tartibda ko‘chirish ikkinchi bor to‘xtatiladi. 25 fevralda ijro harakatlarini davom ettirishga ruxsat beriladi.
Oliy sud raisi o‘rinbosari 2023 yilning 3 mart kuni sud qarorlari ijrosini to‘xtatish haqida yana ko‘rsatma beradi. 13 aprelga kelib ijro harakatlari qayta tiklanadi.
2023 yilning 20 aprel kuni N.T.ni uydan majburiy tartibda ko‘chirish Oliy sud raisi o‘rinbosarining ko‘rsatmasi bilan to‘rtinchi bor to‘xtatiladi. Oradan ko‘p o‘tmay esa ijro harakatlari qayta tiklanadi.
2023 yil 14 iyul kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi N.T.ning sud qarori ijrosini kechiktirish haqidagi arizasini ko‘rib chiqadi. Sud ijro harakatlarini ikki oyga, 2023 yil 14 avgust kuniga qadar kechiktirish haqida ajrim chiqaradi.
Oliy sud masalaning oyog‘ini osmondan qilib tashladi
Ahmadboy va boshqalarga oid jinoyat ishi Oliy sud raisi o‘rinbosari tomonidan kiritilgan protest asosida 2023 yil 10 iyul kuni takroran kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan. Oliy sud raisi o‘rinbosari protestda sud qarorlarining fuqaroviy da’voga oid qismidagi Olmazor tumani, Forobiy ko‘chasi 12-uy 5-xonadonni jabrlanuvchilarning zararlarini qoplashga qaratish qismini, shuningdek, dastlabki tergov organining 2016 yil 23 iyundagi yuqoridagi mulkni xatlash to‘g‘risidagi qarorini bekor qilishni so‘raydi.
Sudlov hay’ati ajrimida keltirilishicha, N.T. o‘z mulkidan A.E.ning unga nisbatan sodir etgan firibgarlik jinoyati oqibatida mahrum bo‘lgan va bu holat esa sudlarning e’tiboridan chetda qolgan.
Shunga ko‘ra, sudlov hay’ati protestni qanoatlantirgan. N.T.ga esa mulkning begonalashtirilishida buzilgan huquqlarini tiklash uchun fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish tushuntirilgan.
Ammo bu yerda ikkinchi tomon – uyni auksiondan qonuniy tartibda sotib olgan B.Q.ning buzilayotgan huquqi ham bor.
Xususiy mulk davlat tomonidan himoya qilinadi. Ayni paytda nizoli uy xususiy mulk sifatida B.Q.ga tegishli. Fuqarolik kodeksining 229-moddasiga ko‘ra, agar mol-mulk sud qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda sotilgan bo‘lsa, uni talab qilib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qolaversa, B.Q. auksion g‘olibi hisoblanadi. Prezidentning 2019 yil 26 avgustdagi PQ-4427-sonli qaroriga ko‘ra, auksion g‘olibining aybi bo‘lmagan taqdirda, ma’muriy tartib-taomillarga rioya qilinmaganligi uchun elektron onlayn-auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma bekor qilinmaydi yoki o‘zgartirilmaydi.
Hozirda B.Q. Oliy sud raisiga takroriy kassatsiya shikoyati kiritgan. Qonun ustuvorligi va adolat ta’minlanishi borasida Bosh prokuratura va Oliy suddagilar yana bir bor bosh qotirib ko‘rishlari kerakka o‘xshaydi.
Tobora chigallashib borayotgan mazkur masala qaysi tomon foydasiga hal bo‘ladi, buni vaqt ko‘rsatadi.
Ruslan Saburov
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!