08:52 / 03.02.2024
143

O‘tish davrida bolalar bilan qanday munosabatda bo‘lish kerak?

O‘tish davrida bolalar bilan qanday munosabatda bo‘lish kerak?
O‘tish davri yoki o‘smirlik bu — bolaning katta insonga aylanishining uzoq va qiyin bosqichi. JSST o‘smirlarni 10 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan bolalar va yoshlar deb belgilaydi. Bu davrda inson nafaqat jismonan, balki psixologik jihatdan ham o‘sadi.

O‘smirlik davridagi bolalarning xarakteri qanday bo‘ladi?
O‘smir ikki tomonlama bosimga duch keladi: bir tomondan gormonal, ikkinchidan, u psixologik jihatdan ulg‘ayib, oilasidan ajralib chiqadi. O‘smirlar miyasida haqiqiy inqilob sodir bo‘ladi, bu quyidagi xatti-harakatlarda namoyon bo‘ladi.

Ular qarashlardan juda xijolat tortadi
O‘smirlar tengdoshlari yoki ota-onalari ularni kuzatayotganini bilsa, tashvishlanadi. Ular hatto biror narsaga diqqat qaratganda ham terlashi mumkin.

Ular atrofidagilar ta’siri ostida foydasiz qarorlar qabul qiladi
13-16 yoshli o‘smir o‘zi tavakkal qilishga tayyor bo‘lmaydi. Ammo tengdoshlari ichida bo‘lsa, bu boshqa masala. Ular boshqalar oldida obro‘sini yo‘qotishdan ko‘ra, o‘zlariga zarar yetkazishni afzal ko‘radi. Bundan tashqari, bu xatti-harakat keyingi yoshda ham kuzatiladi – aniqrog‘i, 21 yoshgacha.

14 yoshni eng xavfli yosh deb atashadi: o‘smir tengdoshlari ta’sirida tavakkal qilishga va noto‘g‘ri qarorlar qabul qilishga har qachongidan ham ko‘proq moyil bo‘ladi.

Ularning xotirasi yomonlashadi
Ba’zi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, 12 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar xotirasi susayadi, natijada o‘qishida muammolarga duch kelishi mumkin. Ko‘pincha bu gormonal o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘ladi.

Ularni jazolash bilan qo‘rqitib bo‘lmaydi
Neyropsixologlar 12 -17 yoshdagilarga yaxshi o‘qish uchun eng maqbul rag‘bat mukofot ekanligini aniqladi. Ammo o‘smirlar 18-32 yoshdagi odamlarga qaraganda jazoga keskin munosabatda bo‘ladi.


Ular o‘zini qidiradi
Bu davrda o‘smir o‘zining “men”ini qidiradi, shuning uchun tashqi ko‘rinish bilan tajriba qilish tendensiyasi: sochlarni bo‘yash, tatuirovka qilish, noodatiy kiyinish kuchayadi.

Bunday davrda o‘smir bilan qanday muloqot qilish kerak?
Balog‘at davrini hech kim chetlab o‘tolmaydi. Farzandingiz ulg‘aymoqda, sizdan uzoqlashmoqda va bu normal holat. O‘smirning o‘zini topishi va mustaqil bo‘lishga urinishlarini rag‘batlantirib, uni asta-sekin qo‘yib yuborishga tayyor bo‘ling.

Bu yoshdagi o‘zingizni eslang
Albatta, siz ham farishta bo‘lmagansiz, siz ham ota-onangizning asablarini buzgansiz. Agar o‘zingizni o‘smirdek his qilsangiz, gormonlar va tengdoshlarning fikri bilan boshqariladigan bolangiz bilan gaplashish osonroq bo‘ladi.

Farzandingizning sevimli mashg‘ulotlarini qo‘llab-quvvatlang
Agar farzandingiz o‘zini qiziqtirgan narsa haqida siz bilan gaplashishga tayyor bo‘lsa, ajoyib. Bu shuni anglatadiki, gormonal bo‘ronlarga qaramay, orangizdagi aloqa saqlanib qolgan. Bunday paytda uning tanlovi va samimiy qiziqishiga hurmat ko‘rsatish kifoya.

Unga yangi tanasi bilan kelishishiga yordam bering
O‘smir uchun juda tez o‘zgarib turadigan yangi tanasi bilan kurashish oson emas. Hech qachon uning tashqi ko‘rinishini tanqid qilmang. Aksincha, unga o‘zining yangi shaxsini qabul qilishiga va sevishiga yordam bering. Uning o‘z-o‘zini qadrlashini qo‘llab-quvvatlang, boshqa odamlar bilan solishtirmang. Sportga rag‘batlantiring, birga stadionga yoki sport zaliga boring.

​ Savollar va maslahatlar bilan joniga tegmang
O‘smirlar ko‘pincha haddan tashqari g‘amxo‘rlik, maslahatlar va so‘roqlarga o‘xshash suhbatlardan jahli chiqadi. Agar bola istaksiz javob bersa, taktikani o‘zgartiring.

Kamroq gapiring, ko‘proq tinglang va unga gapirish imkoniyatini bering. U bilan kattalar kabi suhbat quring.


Xato qilishga ruxsat bering
Farzandingizni qattiq nazorat ostida ushlamang, uning uchun hamma narsani hal qilishni to‘xtating. Siz maslahat berishingiz, noto‘g‘ri qadamning mumkin bo‘lgan oqibatlari haqida gapirishingiz mumkin, lekin o‘smirga muammoga duch kelishiga imkon bering. Aksariyat hollarda u bundan saboq oladi. Shunchaki uni: “Men senga aytgandim” degan jumla bilan tugatmang.

Ko‘proq quchoqlang
O‘smir qanchalik qaysar va asabiy bo‘lib ko‘rinmasin, u vaqti-vaqti bilan ota-onasining mehriga muhtoj. Bag‘riga bosish — g‘amxo‘rlik va xavfsizlik belgisi. Muhimi, uni omma ko‘z o‘ngida ayniqsa, tengdoshlari oldida erkalab, quchoqlamang.

Farzandingizni qanday bo‘lsa, shunday qabul qiling
Aslida bu qoida nafaqat o‘smir bilan, balki har qanday odam bilan muloqot qilish uchun qo‘llaniladi. Farzandingizni o‘z munosabatingiz va qarashlaringizga muvofiq qayta yasashga urinmang. U qanday bo‘lishidan qat’i nazar, mehr berish kerak bo‘lgan alohida odam.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat