21 fevral kuni Toshkent yana bir bor dunyoda eng iflos shaharlar ro‘yxatidan, bu safar binafsha rang (havo ifloslanishing maksimal darajasi) bilan 1 o‘ringa chiqdi. Kun.uz muxbiri bu boradagi savollar bilan Ekologiya vazirligining Atmosfera havosini muhofaza qilish siyosati bo‘limi boshlig‘i Bahrom Xolxo‘jayevga yuzlandi.
“Qish mavsumida gaz bosimining pasayib ketgani sabab boshqa yoqilg‘i turlari, jumladan, mazut va ko‘mirga o‘tish orqali keskin [havo] ifloslanishiga olib kelyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘rishimiz mumkin, Toshkent IESda ko‘mir va mazutdan foydalanishni ekologiyani buzadigan holat desak bo‘ladi. Kuni kecha Sergeli tumanidagi issiqlik stansiyalarida mazutdan foydalanishi ortidan qora tutunli holatni ko‘rdik. Bular asosiy manbalar bo‘lsa, boshqa yana bir qancha sabablar ham bor: yashillik darajasi, issiqlik tizimi, avtotransport vositalarining maksimal darajada ko‘payib ketayotganini, qorlardan keyin ham yo‘llarni tozalashda qum sepilishini ham aytish mumkin. Chunki quyosh chiqib, qor ketgach, quruq qum hosil bo‘ladi – bu ham ko‘tarilib, atrof-muhitni zararlashi mumkin.
Bu kabi holatlarni bartaraf etish bo‘yicha har qaysi vakolatli organ tomonidan bir qancha ishlar amalga oshirilishi kerak. Amalga oshirib kelinmoqda ham. Jumladan, Ekologiya vazirligi tomonidan Toshkent IES faoliyati o‘rganildi. IES ma’lum bir miqdorda [1 mlrd so‘m] jarima to‘lovlariga tortildi. Yaqinda bu kompensatsiya to‘lovlarining 300 mln so‘m miqdori to‘landi.
– 14 fevral kuni Energetika vazirligi havo ifloslanishi mazutdan emasligi haqida bayonot berdi. Bunga vazirlikning munosabati qanday?
– Albatta, bu holat ijtimoiy tarmoqlarda e’tiroz va muxokamalarga sabab bo‘lgandi. Jamoatchilikdan hech narsani yashirishning iloji yo‘q, hamma ko‘rib, bilib turibdi. E’tibor berilsa, gaz va mazut, ko‘mirning yoqilishida farq borligini bilishadi. Gaz yoqilganda oq tutunga o‘xshash azot dioksidi chiqsa, mazut va ko‘mirda ishlaganda qop-qora ifloslantiruvchi tutun chiqadi. Bu ifloslantiruvchi moddalar ayniqsa havo tozalovchi uskuna bo‘lmaganda atmosferada [yaqqol ko‘zga] tashlanishini ko‘rish mumkin. Ya’ni filtrlarning lozim darajada ishlamayotgani yoki umuman o‘rnatilmaganini ko‘rishimiz mumkin.
Biz faqat aynan mazut yoki ko‘mir emas, balki [havo ifloslanishida] boshqa manbalar borligini ham aytib o‘tdik. Lekin ko‘ryapmizki, kuz-qish mavsumida alternativ energiya manbalaridan foydalanish keskin havo ifloslanishi holatlari yuzaga keltirmoqda. Energetika tizimining lozim darajada gazdan foydalanishga kuchi yetmaganda yoki gaz bosimi pasayganda ko‘mir va mazutdan foydalanilmoqda, bu albatta atmosfera havosining ifloslanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti.
– Havo ifloslanishi mavzusi ko‘tarilgach, vazirlik ko‘plab joylarga borib, sanoat korxonalarining faoliyati, filtrlarini o‘rgandi. Shu doirada nechta korxona o‘rganildi va ularning qanchasi O‘zbekiston, xususan, Toshkent havosini ifloslantirayotgani bo‘yicha ma’lumot bormi?
– Atrof-muhitga ta’sir qilish bo‘yicha asosan birinchi va ikkinchi toifa sanoat korxonalari o‘rganiladi (jami toifalar soni – 4 ta) va bu bo‘yicha tekshirish, monitoring ishlari amalga oshiriladi. Respublika bo‘yicha 2 mingdan ortiq 1-2-toifa sanoat korxonalari bor. Buning ichida ayrimlari ko‘proq havoga, suvga yoki chiqindiga ta’sir qiladi, shular ichidan ko‘proq atmosferaga ta’siri bo‘lganlarini tanlab olib, shu bo‘yicha ishlarni tashkillashtiryapmiz. Bu borada juda ko‘p ishchi guruhlar bor. Shuning uchun ham bugun ekonazoratdan ma’lum mutaxassislarni chaqirish imkoni bo‘lmayapti. Chunki hammasi [hududlardagi] joylarda.
Avvalo qaysi korxona bilan ishlash, havo ifloslanishiga qaysi koroxna ko‘proq ta’sir ko‘rsatyapti, qaysi birida umumiy ifloslantiruvchi moddasi yuqori. Shunaqa ro‘yxat qilyapmizki, shu ro‘yxatda aniq ma’lumotlarni shakllantirib, aniq manzilli dastur qilib, hozir yil oxirigacha topshiriqni bajarish bo‘yicha ishlar ketyapti. Endi bu chang va gazdan tozalovchi uskunalar bo‘yicha, qo‘shimcha ravishda 1-toifali korxonalarda atrof-muhitni monitoring qiluvchi kichik stansiyalarni o‘rnatish rejamiz bor. Shu stansiyalarni tezroq o‘rnatsak, korxonalarni kichik sanitar hududlarda postlar qo‘yamiz. Shundan keyin havoga qora tutunlar chiqqanini ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan ko‘rib emas, undan oldinroq chora ko‘rishga imkonimiz bo‘ladi. Bu jarayonda yana tizimni vazirlikning yagona geonom axborotlar bazasiga integratsiya qila olsak, o‘sha yerning o‘zida kompensatsiya to‘lovlarini chiqaramiz, o‘sha yerning o‘zida korxonaning faoliyati o‘rganiladi, avtomatlashtirilgan tizim yuzaga keladi.
Bu ishlarni bir yilning ichida amalga oshirish imkonsiz, lekin zararlovchi asosiy korxonalar bilan ishlash orqali tizimni yo‘lga qo‘yib, ishimizni yengillashtiramiz.
– Shu ishlar hal bo‘lishi uchun qancha vaqt ketadi, aniq muddatlar bormi?
– Yilning oxirigacha sanoat korxonalari, sement zavodalarida chang tozalash uskunalarini o‘rnatish vazifasi yuklatilgan. Respublika miqyosida, ayniqsa Toshkent viloyatida sement zavodlari ko‘proq, shunga muvofiq yuklama ham ko‘proq. Bekobod sanoat hududi, u yerdan shamol orqali Toshkentga [iflos havo] keladi. Toshkent atrofidagi yashil belbog‘ bo‘yicha ishchi guruh tez orada o‘z xulosasini beradi. Yil oxirigacha natijalarni ko‘ramiz.
Birinchi toifali korxonalarga yil so‘ngigacha avtomatlashtirilgan post stansiyalarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Bu 1 oktabrgacha qilinishi prezident qarori bilan belgilab berilgan. Buni o‘rnata olsak, kuz mavsumidan raqamli tizim ancha joyiga tushadi.
***
Bahrom Xolxo‘jayev intervyu so‘nggida ekologik muammolar, jumladan, havo ifsloslanishining kamayishida ijro hokimiyatidagi boshqa vazirlik hamda tashkilotlarning o‘rni katta ekanini, ishlab chiqilgan tavsiyalar asosida nima ishlar qilinayotgani ochiqlanishi kerakligini aytdi. Mas’ul vakil bu borada Ekovazirlik har qanday debat, anjuman, brifing o‘tkazilishiga tayyorligini, boshqa tashkilotlar beradigan kerakli taklif hamda tavsiyalar qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozim, shu yil 17 yanvar sanasida Toshkent shahar hokimiyati ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqayotganini, bu bo‘yicha taqdimot qilinishini ma’lum qilgandi. Ammo bir oydan ko‘proq vaqt o‘tdiki, rejaning boshi ham ko‘ringani yo‘q. Kun.uz'ning bu boradagi so‘rovi esa javobsiz qoldirib kelinmoqda.
Avvalroq “Toshkentboshplanliti” korxonasi poytaxt bosh rejasi ishlab chiqilgani hamda hukumatga kiritilganini ochiqlab, xalq muhokamasiga qo‘yilishini qayd etgandi. Ammo bu rejadan ham darak yo‘q.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Oltin kovlashga chiqqan samarqandlik ikki fuqaro vafot etdi
Savollarni koʻpaytirgan sud: “Doʻstov ishi”da huquqiy baho berilmagan holatlar...
Fargʻonalik 2 yoshli qizaloqning qornidan 135 ta magnit sharcha chiqarib olindi
Chust tumanidagi korxona rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
Oʻzingizga tegishli boʻlmagan er uchastkalarini egallab olmang...
Viloyatlararo 10 ta yangi yoʻnalishda avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi
Toshkentda prokuratura tergovchisi pora bilan ushlandi (video)
Boʻstonliqda qoʻngʻir ayiq oʻldirib ketildi