
O‘zbekiston chexiyalik yirik muhandislik kompaniyasi Shkoda Group uchun muhim hamkor bo‘lib bormoqda. Kompaniya O‘zbekistonda temir yo‘l transportini yig‘ish bo‘yicha ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish rejasini e’lon qildi.
Bu qaror Shkoda Group’ning Markaziy Osiyoning istiqbolli bozorini o‘zlashtirishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasining bir qismi sifatida qabul qilindi. Yangi korxona Shkoda Group’ning O‘zbekistondagi sho‘’ba korxonasi sifatida faoliyat olib boradi va faqatgina yig‘ish jarayonlari bilan cheklanmaydi.
U harakat tarkibini butun ekspluatatsiya davrida kompleks texnik xizmat ko‘rsatishni ham amalga oshiradi. Shuningdek, loyiha doirasida maxsus tashkil etiladigan "Shkoda Akademiyasi" orqali mahalliy mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish ham muhim vazifalardan biri bo‘ladi.
Shkoda Group bosh direktori Petr Novotnyning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo mintaqasi uzoq vaqtdan buyon kompaniyaning biznes strategiyasidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston rahbariyati va Yevropa biznesi yetakchilari o‘rtasidagi oliy darajadagi muloqotlar Yevropa texnologiyalari mamlakatning transport infratuzilmasini barqaror rivojlantirishga katta hissa qo‘shishi mumkinligini tasdiqladi.
Mazkur loyiha Bryusselda o‘tkazilgan uchrashuvda belgilangan kelishuvlardan kelib chiqqan. Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yevropaning yetakchi kompaniyalari vakillari, jumladan, Petr Novotny ham ishtirok etgan edi.
Muzokaralar ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qiziqish borligini tasdiqladi. Shu bilan birga, bu Shkoda brendi uchun O‘zbekistondagi ilk yirik loyiha emas.
2020 yilda "O‘zavtosanoat" va "Volkswagen Group Rus" konserni o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolangan edi. Ushbu kelishuv Jizzax avtomobil zavodida Volkswagen va Shkoda avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish uchun zamin yaratgan.
Keyinchalik Shkoda Auto sobiq boshqaruv raisi Tomas Shefer ham O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan modellar turini kengaytirish niyatini bildirgan edi. Temir yo‘l sohasidagi yangi loyiha esa mavjud hamkorlikning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Avvalroq "O‘zbekiston temir yo‘llari" ehtiyojlari uchun 30 ta Shkoda Group elektr poyezdlarini yetkazib berish bo‘yicha 320 million yevro qiymatidagi shartnoma imzolangan edi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar