
Samarqandda o‘tkazilgan rasmiy tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev UNESCO bosh direktori Odri Azule bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va istiqbollarni muhokama qilish asosiy mavzu bo‘ldi.
Muloqot yakunida Odri Azulega davlatning yuksak mukofoti – «Do‘stlik» ordeni topshirildi. Mazkur mukofot ilmiy, ta’lim va madaniy sohalarda aloqalarni mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari, shuningdek, O‘zbekiston xalqining boy tarixiy va madaniy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishdagi shaxsiy hissasi uchun topshirildi.
Suhbat chog‘ida Odri Azule Samarqandda o‘tkazilayotgan UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini tashkil etganlik uchun minnatdorlik bildirdi. U ushbu tadbirning tarixiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratib, so‘nggi 40 yilda tashkilotning bosh forumi ilk bor Parijdagi bosh qarorgohdan tashqarida o‘tayotganini qayd etdi.
Konferensiyaga ko‘rsatilgan tayyorgarlik darajasi va keng qamrovli dastur yuqori baholandi. Sessiya dasturi muhim hamkorlikni aks ettiruvchi qator tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Ular orasida Toshkentda UNESCOning Mintaqaviy maktabgacha ta’lim markazining ochilishi, sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha tadqiqotlar uchun Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro mukofot topshirilish marosimi, shuningdek, Samarqandning 3000 yilligiga bag‘ishlangan maxsus tadbir o‘rin olgan. Bundan tashqari, muzey ishi, sun’iy intellektni rivojlantirish va gender tenglikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan sohaga oid forumlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Tomonlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston va UNESCO o‘rtasidagi munosabatlarda erishilgan sezilarli yutuqlarni qoniqish bilan qayd etdilar. Hamkorlikda yirik xalqaro konferensiyalar tashkil etildi, nufuzli xalqaro mukofot ta’sis etildi.
Shuningdek, mamlakatning yangi ob’ektlari va madaniy an’analar elementlari Jahon merosi ro‘yxati hamda Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilishi muhim natijalardan bo‘ldi. Uchrashuv yakunida ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik tasdiqlandi.
2001 yilda UNESCOning Jahon merosi ro‘yxatiga «Samarqand – madaniyatlar chorrahasi» sifatida kiritilgan Samarqand yaqinda rasmiy ravishda «qaridi». Yangi arxeologik topilmalar va fanlararo tadqiqotlar asosida shaharning yoshi 2750 yildan 3000 yilga qayta ko‘rib chiqildi va bu 2025 yil iyul oyida Samarqand viloyati xalq deputatlari kengashi qarori bilan rasman tasdiqlandi.
UNESCO rahbari O‘zbekistonda «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar