14:51 / 21.10.2024
39

Stressni kamaytirib, uzoq yashaysiz: kitob o‘qishning ko‘pchilk bilmagan foydalari

Stressni kamaytirib, uzoq yashaysiz: kitob o‘qishning ko‘pchilk bilmagan foydalari
Hozirgi zamonda biz ko‘rib turgan va qiymatga ega bo‘lgan har-bir narsaning asosi yozish kashfiyotiga borib taqaladi. Insoniyat erishgan har qanday katta yutuqning asosi esa mutolaadadir.

Foto: The Girl
J’son&Partners Consulting analitika kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi megapolislar aholisining deyarli 77 foizi elektron kitoblarni o‘qiydi. Bu statistika insonlar adabiyot olamidan bahramand bo‘lish uchun juda kam vaqtini kitob o‘qishga va yangi bilimlarni egallashga sarflashidan darak beradi. Bugungi kunda zamonaviy insonlar ko‘proq bo‘sh vaqtini filmlar, seriallar, intervyularni tomosha qilishga yoki ijtimoiy tarmoqlarda qisqa videolarni ko‘rishga sarflaydi. Ammo aynan o‘qish yangi va foydali bilimlarni egallashning eng yaxshi va asosiy vositasi hisoblanadi.

Mutolaaning foydali tomonlari

Kitobxon bir vaqtda bir nechta insonlar va qahramonlarning hayotini yashab o‘tadi


Foto: The Girl
Har bir muallif qahramonlarni yaratishda ularga bizda yo‘q hayotiy tajribasini kiritadi. Kitob o‘qish jarayonida o‘quvchi qahramonlar bilan birga bo‘ladi: mutolaada siz ingliz malikasining taqdiriga guvohi bo‘lishingiz, jodugarga aylanishingiz, millionerning hayotini yashab o‘tishingiz yoki sayohatchi sarguzashtlari bilan yaqindan tanishishingiz mumkin.

Agar biror kishiga kitob hadya qilsangiz, unga shunchaki qog‘oz va siyoh emas, balki yangi bir hayotni taqdim etgan bo‘lasiz, deydi amerikalik jurnalist va yozuvchi Kristofer Morli.

Kitob o‘qish empatiyani rivojlantiradi

Foto: The Girl
Insonlar ularni yaxshi tushunadigan, qalbdan his qiladigan suhbatdosh bilan ko‘proq so‘zlashishni istaydi, chunki sizni tushunadigan odamlar bilan muloqot qilish doimo yoqimlidir.

Ko‘p mutolaa qiladigan shaxslar esa qahramonlarning quvonch va tashvishlariga sherik bo‘ladi. O‘quvchi syujetga sho‘ng‘ib ketar ekan, u qahramonlarga hamdard bo‘la boshlaydi. Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, badiiy asar o‘qigan odam hayotda ham boshqalarning his-tuyg‘ularini yaxshi tushunar ekan. Demak, mutolaa sevishga, do‘stlar orttirishga va boshqa ijtimoiy aloqalarni o‘rnatishga yordam beradi.

Mutolaa fikrlash qobiliyatini yaxshilaydi va sizni qiziqarli suhbatdoshga aylantiradi

Foto: The Girl
O‘qish paytida idrokni rivojlantirish hamda xorijiy tillarni o‘rganish uchun mas’ul bo‘lgan miyaning chap qismi faollashadi. Har bir o‘qigan yangi kitobingiz bilan siz yanada ko‘proq savodxonlikka erishasiz, beixtiyor bir qancha qiziqarli iboralarni, fikrlarni, dialog parchalarini eslab qolasiz va qiziqarli suhbatdoshga aylanasiz.

Mutolaa tezroq fikrlashga o‘rgatadi

Foto: The Girl
Bosh miyaga qanchalik ko‘p bosim tushsa, u shunchalik yaxshi rivojlanadi. Kitob o‘qish miyaning faoliyatini oshiradi, fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi va yangi ma’lumotlarni qabul qilish va qayta ishlash jarayonini tezlashtiradi. Shuningdek, mutolaa diqqatni jamlashni talab qiladi. Bu esa kundalik hayotda diqqatni bir joyda to‘plash qobiliyatini rivojlantiradi.

Kitob o‘qishda yangi ma’lumotlarni eslab qolish va ularni qayta eslash qobiliyati rivojlanadi. Bu xotirani mustahkamlashga yordam beradi, miyada yangi neyronlar ishlab chiqishi va bir-biriga bog‘lanishini ta’minlaydi.

Zakovatli inson esa qiyin vaziyatlardan chiqishning yangi va innovatsion usullarini o‘ylab topa oladi, boshqalarga o‘xshamagan tarzda fikrlay oladi va doim o‘z nuqtayi nazariga ega bo‘ladi. Buning ustiga, bilimli insonlarni boshqarish ham murakkab bo‘ladi. Ular yomon oqimlarga kirib ketmaydi, ma’lumotlarni filtrlay oladi hamda oq va qorani ajratishda yanglishmaydi.

Darvoqe, 2024 yilda 94 yoshga to‘ladigan, 139 milliard dollar boylikka ega investor Uorren Baffet har kuni kitob o‘qiydi. Ilon Mask, Mark Sukerberg, Bill Geyts, Toni Robbins ham ko‘p mutolaa qilishadi.

Mutolaa stress darajasini pasaytiradi

Foto: The Girl
Kitob o‘qish insonni boshqa voqea-hodisalar bilan chalg‘itadi va tinchlantiradi. 2009 yilda ingliz olimlari Sasseks universitetida tadqiqot o‘tkazdilar, uning natijalariga ko‘ra, o‘qish jarayoni stressni 68 foizgacha kamaytirishga yordam berishi aniqlangan.

Kitob o‘qish umrni uzaytiradi

Foto: The Girl
Muntazam kitob o‘quvchilarning hayot davomiyligi uzoqroq bo‘lishi mumkin. Bu esa sog‘lom va faol hayot kechirishga yordam beradi. AQSHning Yeyl universiteti tadqiqotchilari 50 yoshdan oshgan odamlarni 12 yil davomida kuzatdilar. Tadqiqotda jami 3600 kishi ishtirok etdi. Unga ko‘ra, olimlar har kuni kitob o‘qiydigan kitobsevarlar uzoq umr ko‘rishi aniqlandi. Kuniga 30 daqiqa badiiy adabiyot o‘qiganlarda keyingi 12 oy ichida o‘lim xavfi 17 foizga kamaygan.

Tadqiqot rahbari Avni Bavishi shunday deydi: “Badiiy adabiyotlar gazeta va jurnallardan yaqqol ustunlikka ega. Bizning fikrimizcha, bu bosh miyadagi fikrlash jarayonlarining faollashishi bilan bog‘liq. Badiiy adabiyotda ko‘proq qahramonlar, yashirin ma’nolar, syujetdagi o‘zgarishlar va uzviy bog‘liqliklar mavjudligi ularni gazetalardan ustun qiladi”.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Stressni kamaytirib, uzoq yashaysiz: kitob o‘qishning ko‘pchilk bilmagan foydalari