15:00 / 29.11.2024
11

O‘zbekistonda fuqarolarga beriladigan plastik kartalar sonini cheklash rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda fuqarolarga beriladigan plastik kartalar sonini cheklash rejalashtirilmoqda
Markaziy bank bitta foydalanuvchiga rasmiylashtiriladigan bank kartalari sonini cheklashni rejalashtirmoqda. Bu haqda 26 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan media-muloqotda regulyator raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev ma’lum qildi, deb xabar berdi Spot.

Uning qayd etishicha, hozirda O‘zbekistonda fuqarolar bitta pasportga ochishi mumkin bo‘lgan bank kartalari soni qonuniy jihatdan tartibga solinmagan. Natijada ayrim mijozlar yuzdan ortiq kartalarga egalik qilishadi. Behzod Hamroyev bunday kartalardan keyinchalik firibgarlar pul mablag‘larini o‘zlashtirish sxemalarida foydalanayotganini ta’kidladi.

Markaziy bank matbuot xizmatining izoh berishicha, bank kartalari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish, firibgarlik sxemalarida jismoniy shaxslarga tegishli hisobvaraqlar va bank kartalari ishtirokini kamaytirish maqsadida banklar tomonidan bitta jismoniy shaxsga (bitta JSHSHIRga) kartalar sonini (virtual va kobeyjing kartalarini inobatga olgan holda) vaqtinchalik bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda 20 tagacha belgilash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Bunda ushbu talab chet el valyutasida ochilgan bank kartalariga nisbatan tatbiq etilmasligi ko‘zda tutilmoqda.

Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilishicha, O‘zbekistonda muomaladagi bank kartalari soni 1 noyabr holatiga ko‘ra 54,9 milliontani tashkil etdi. Ya’ni har bir kishiga 1,5 tadan yoki har bir mehnatga layoqatli fuqaroga 2,8 tadan to‘g‘ri keladi.
Bugungi kunda bank kartalariga ega jismoniy shaxslarning qariyb 97 foizida (22 million nafar) 5 tagacha, 3 foiz (770 ming nafar) jismoniy shaxsda 5-20 gacha hamda 0,03 foizda yoki 7 ming jismoniy shaxsda 20 tadan oshiq kartalar rasmiylashtirilgan.

Jismoniy shaxslar nomiga ko‘p miqdorda ochilgan bank kartalarini tahlil qilish jarayonida, ushbu bank kartalarining bir qismidan (aksariyat holatlarda karta egasining xabari yo‘q) firibgarlik maqsadlarida foydalanilayotgani aniqlangan”, deyiladi Markaziy bank xabarida.

Ta’kidlanishicha, rejalashtirilayotgan me’yorlar aholining bank kartalari orqali to‘lovlarni amalga oshirishda noqulayliklar keltirib chiqarmaydi va ushbu talablar tijorat banklarining bank kartalarini emissiya qilish faoliyatini tartibga solishga qaratilgan.

Markaziy bank bu borada vaziyatni muntazam kuzatib borishini ma’lum qildi va ushbu talablar to‘liq tayyor bo‘lgandan keyin jurnalistlar va keng jamoatchilik muhokamasiga havola qilinishini bildirdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda fuqarolarga beriladigan plastik kartalar sonini cheklash rejalashtirilmoqda