17:00 / 02.12.2024
3

Tadqiqot: Bolalikdagi qiyinchiliklar miyaning rivojlanishini sekinlashtiradi

Tadqiqot: Bolalikdagi qiyinchiliklar miyaning rivojlanishini sekinlashtiradi
Yangi tadqiqot oiladagi stressli vaziyatlar, jumladan, qattiq tarbiya, oilaviy kelishmovchiliklar va xavfli muhit bolalar miyasining rivojlanishiga qanday ta’sir qilishini o‘rgandi.

Bolalik miya shakllanishining hal qiluvchi davri hisoblanadi va bu jarayonda oilaviy muhitning o‘rni katta. Erta yoshda boshdan kechirilgan salbiy tajribalar insonning ruhiy salomatligi va farovonligiga ta’sir o‘tkazib, chuqur iz qoldirishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, bu tajribalar miyaning rivojlanishiga qanday ta’sir qilishi haligacha yetarlicha o‘rganilmagan.

So‘nggi yillarda hayotiy qiyinchiliklarning rivojlanishga ta’siri haqidagi qarashlar o‘zgarmoqda”, — deb ta’kidladi tadqiqot muallifi, Radbaud universiteti Xulq-atvor fanlari instituti dots.nti Sandra Tayssen. “Ilgari qiyinchiliklarning oqibatlari faqat zarar sifatida qabul qilingan bo‘lsa, endi ular noqulay sharoitlarga moslashish usuli sifatida ko‘rib chiqilmoqda”.

Ular qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi. Masalan, agressiv xatti-harakat xavfli vaziyatda foydali bo‘lishi mumkin, ammo kundalik hayotda bu erta yoshdagi stressning salbiy oqibati sifatida qabul qilinadi.

Ilgari jiddiy stress holatlarini boshdan kechirgan bolalarda miya rivojlanishi tezlashishi mumkin degan taxmin mavjud edi. Ammo Rotterdamdagi keng ko‘lamli Generation R tadqiqoti doirasida o‘tkazilgan yangi izlanish bu fikrni shubha ostiga qo‘ydi.

Tadqiqotda 8, 10 va 14 yoshlarida magnit-rezonans tomografiyaning uch bosqichidan o‘tgan 4200 nafar bola qatnashdi. Olimlar erta stressorlarning miya tuzilmalari rivojlanishiga ta’sirini o‘rgandi. Ular ayniqsa hissiyotlar va qaror qabul qilish uchun mas’ul bo‘lgan asosiy sohalar — amigdala va medial prefrontal korteksga e’tibor qaratdi.

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, qattiqqo‘llik bilan tarbiyalangan yoki xavfli hududlarda istiqomat qilgan bolalarning bodomsimon tanalari rivojlanishning barcha bosqichlarida kichikroq hajmda bo‘lgan.

Bu erta va barqaror oqibatlarga ishora qilsa-da, tezlashtirilgan rivojlanish haqidagi farazni tasdiqlamaydi. Shu bilan birga, medial prefrontal po‘stloq sohasi stress turiga qarab turlicha javob berishi kuzatildi. Masalan, xavfli hududlarda yashovchi bolalarda bu sohaning yetilishi sekinlashgan. Aksincha, yuqori darajadagi oilaviy nizolar miya po‘stlog‘ining tezroq yupqalashishiga olib kelgan, nerv hujayralarining miyelinizatsiyasi buzilishi tufayli ular orasidagi signal uzatilishi sekinlashgan.

Miyaning medial orbitofrontal po‘stloq qismi erta stress ta’sirida sezilarli o‘zgarishlar ko‘rsatmadi. Bu mazkur soha bunday omillarga kamroq ta’sirchanligi yoki uning rivojlanishi keyinroq yuz berishini anglatishi mumkin.

Shuni ta’kidlash kerakki, stress tabiatiga qarab har xil ta’sir ko‘rsatgan: qattiq tarbiya kabi to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir etuvchi omillar bodomsimon tana hajmiga sezilarli darajada ta’sir qilgan bo‘lsa, yashash hududining xavfsizligi kabi bilvosita omillar ko‘proq miyelinizatsiya jarayonlariga ta’sir ko‘rsatdi. Bu farqlar stressning turlari miyaga qanday ta’sir etishini yaqqol ko‘rsatib beradi.

Mualliflarning xulosasi erta stressning asab tizimi jarayonlariga ta’sirini tushunish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi, biroq bu masala yanada chuqurroq tadqiqotlarni talab etadi. Masalan, miyaning rivojlanishidagi o‘zgarishlar hissiy boshqaruv yoki xulq-atvor bilan qanday bog‘langani haligacha noaniq. Bundan tashqari, ijtimoiy-iqtisodiy holat yoki yashash sharoitlari kabi omillarning ta’siri ham qo‘shimcha tahlilga muhtoj.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tadqiqot: Bolalikdagi qiyinchiliklar miyaning rivojlanishini sekinlashtiradi