date

Markaziy bank valyuta qoidalarini yengillashtirib, yangi imkoniyatlar yaratdi

Markaziy bank valyuta qoidalarini yengillashtirib, yangi imkoniyatlar yaratdi

Oʻzbekistonda valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi yanada takomillashtirildi. Oʻzbekiston Markaziy banki tomonidan qabul qilingan yangi qarorga muvofiq, mazkur sohada bir qator muhim oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Ushbu yangiliklar, avvalo, tadbirkorlar va aholi uchun jarayonlarni soddalashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Yangi tartibga koʻra, yuridik shaxslar tomonidan chet el valyutasini sotib olish uchun taqdim etilgan buyurtmalarda kichik texnik yoki imloviy xatolar aniqlansa, ularni qaytadan yuborish shart emas. Endi mijozlar ushbu kamchiliklarni joyida turib tuzatish imkoniyatiga ega boʻladi. Regulyator taʼkidlaganidek, amaliyotda aynan shunday mayda xatolar sabab koʻplab operatsiyalar rad etilardi va bu tadbirkorlar uchun ortiqcha vaqt yoʻqotishga olib kelardi.

Shuningdek, bank kassalari orqali naqd chet el valyutasini berish tartibi ham aniq va ravshan qilib belgilab qoʻyildi. Unga muvofiq, jismoniy shaxslar oʻz hisobvaraqlaridagi mablagʻ doirasida valyutani cheklovlarsiz yechib olish huquqiga ega boʻladi. Yuridik shaxslar uchun esa naqd valyuta faqat belgilangan va asoslangan maqsadlar doirasida taqdim etiladi.

Yana bir muhim yangilik — barcha valyuta ayirboshlash operatsiyalari, jumladan onlayn tarzda amalga oshiriladigan tranzaksiyalar yagona tizim orqali hisobga olinadi. Bu esa bozordagi pul aylanmasi va harakatini shaffof kuzatish, tahlil qilish hamda nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Qaror doirasida jismoniy shaxslar uchun bir qator qulayliklar ham joriy etildi. Endi fuqaroligi qaysi davlatga tegishli boʻlishidan qatʼi nazar, barcha jismoniy shaxslar bank hisobvaraqlari orqali shaxsiy maqsadlarda (yaʼni nosavdo operatsiyalarida) bir-biriga erkin pul oʻtkazishlari mumkin. Bundan tashqari, xorijliklar ham mamlakat ichida ustav fondiga mablagʻ kiritish, xayriya qilish yoki meros bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshirish imkoniga ega boʻldi.

Kapital bozori ishtirokchilari uchun ham sezilarli yengilliklar yaratildi. Endi yuridik shaxslar chet el valyutasida chiqarilgan qimmatli qogʻozlar boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish uchun valyuta sotib olishda ortiqcha hujjatlar taqdim etmaydi. Buning uchun qimmatli qogʻoz chiqarilganini tasdiqlovchi asosiy hujjatning oʻzi yetarli boʻladi.

Shu bilan birga, xorijiy investorlar uchun ham muhim imkoniyatlar ochildi — ular fond bozorida qimmatli qogʻozlarni sotishdan tushgan mablagʻlarini oʻz murojaatiga asosan erkin tarzda chet elga olib chiqishlari mumkin boʻladi. Bu esa mamlakat investitsion muhitini yanada jozibador qiladi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, mazkur qaror 2026 yil 30 mart kuni qabul qilinib, Oʻzbekiston Adliya vazirligi tomonidan 22 aprel kuni davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Rasmiy eʼlon qilingan sanadan boshlab hujjat kuchga kirdi.

Qisqasi, yangi oʻzgartishlar valyuta bozoridagi jarayonlarni yengillashtirish, shaffoflikni oshirish va tadbirkorlik faoliyati uchun yanada qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi. Bu esa iqtisodiyotning kelgusi rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Markaziy bank valyuta qoidalarini yengillashtirib, yangi imkoniyatlar yaratdi