Navoiyda noqonuniy oltin qazish fosh etildi

Navoiyda noqonuniy oltin qazish fosh etildi
Qisqacha

Navoi viloyatida davlat muhofazasi ostidagi hududda noqonuniy oltin qazish holati aniqlanib, to'xtatildi. 1986 yilda tug'ilgan shaxs "Sarmishsoy" hududida oltin qazish uchun 19 nafar ishchini jalb qilib, arkeologik yodgorlik bo'lishiga qaramay, noqonuniy ishlar olib borgan. Tezkor tadbirlar davomida 6 kg oltin aralash qum, kimyoviy moddalar va oltin eritish uchun mo'ljallangan jihozlar musodara qilindi. Hozirda jinoiy ish qo'zg'atilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.

Navoiy viloyatida davlat muhofazasiga olingan hududda noqonuniy oltin qazib olish holati aniqlanib, tegishli idoralar tomonidan to‘xtatildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1986 yilda tug‘ilgan shaxs Navbahor tumanidagi “Sarmishsoy” darasi hududidan olti gektarga yaqin yer maydonini ilgari auksion orqali sotib olgan. Mazkur hudud arxeologik yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan bo‘lishiga qaramay, u yerda noqonuniy qazish ishlari olib borilgan.

Aniqlanishicha, u 19 nafar ishchini jalb qilib, tarkibida oltin mavjud bo‘lgan tosh va tuproqni qo‘lbola usulda qazib olgan hamda qayta ishlash orqali oltin zarrachalarini ajratib chiqqan.

Tezkor tadbirlar davomida noqonuniy sexdan:

- 6 kg oltin aralash qum,

- 1 kg 400 gr kimyoviy moddalar,

- oltin eritishga mo‘ljallangan jihozlar va idishlar aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shuningdek, 4 ta yuk mashinasi va 4 ta yuklovchi texnika tekshiruv uchun jarima maydoniga joylashtirildi.

Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, davlat manfaatlariga va tarixiy hududga yetkazilgan zarar 111 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 196-2-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Charos
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar