13:02 / 02.01.2025
32

Blogerlar botinkasi teshik haydovchining qamalishi haqida: "Sabotaj hidi kelyapti..."

Blogerlar botinkasi teshik haydovchining qamalishi haqida: "Sabotaj hidi kelyapti..."
Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahri Bektemir tumani sudining 2024 yil 26 dekabrdagi hukmi bilan avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchalaridagi turnaqator navbatlarni tanqid qilgan yigit 15 sutkaga qamalgani haqida xabar bergan edik.

1978 yili Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan Gʻayrat Doʻstov ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomurojaatlarida oilasini kirakashlik ortidan boqayotgani, nogironi borligi, metan gaz shoxobchalari ish rejimiga kiritilgan cheklov ortidan oilasi ta'minotini qila olmayotganini aytgan edi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Bektemir tumani sudi raisi D.Dadaxonova raisligida oʻtgan sud majlisida Gʻ.Doʻstov MJtKning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda ayblangan.

Ilma-teshik boʻlgan poyabzalini koʻrsatgan holda mas'ullarga murojaat qilgan haydovchi yigitning 15 sutkaga qamalgani, yangi yilni oilasi davrasida emas, balki panjara ortida oʻtkazgani keng jamoatchilik va ijtimoiy tarmoq faollarining e'tiroziga sabab boʻlmoqda.

Ogʻzidan shodi kirib, bodi chiqqan hokimlar bitta uzr bilan qutulsa, oʻzining vakolati doirasidan chiqib, qonunlarga tupurib qoʻyadigan ayrim mas'ullar oddiy ogohlantirish bilan cheklansa-yu, lekin uzoq vaqt metanda navbat kutib, endi navbati kelganda “zapravka” yopilib qolganidan figʻoni koʻkka chiqqan botinkasi teshik oddiy bir xalq vakilini qamab qoʻyishsa, bechora Yangi yil bayramini oila davrasida emas, panjara ortida kutib olsa, bunda xalq adolatsizlik koʻradi. Va bu adolat ham emas, albatta.

Yilni katta xato bilan boshladik. Afsus, ming afsus. Zigʻirchalik foydasi boʻlmagan, ammo xalqning davlatga boʻlgan ishonchi nuqtai nazaridan juda katta zarar olib keladigan ushbu tashabbus kimdan chiqqanini bilmayman. Ammo bu xatoning oʻrnini qoplash uchun juda koʻp ish qilinishi kerakligini aniq bilaman
”, – deb yozdi bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Oʻzbekiston energetika sohasida davom etayotgan sharmandali muammolar haqida gapirgan Gʻayrat Doʻstovning qamalishini bugungi tizimning murvati – huquq organlari va sud tizimi tomonidan qilingan shunday xatolardan biri deyish mumkin. Ha, oʻtgan bir necha yil ichida mamlakatda inson huquqlari himoyasi borasida koʻplab ijobiy oʻzgarishlar amalga oshdi. Bularni eslamaslik, e'tirof etmaslik xato va noxolislik. Ammo shular qatorida muammolar haqida gapirgan faollarning qamalishi, dushman sifatida koʻrilib, ta'qibga olinishi faol davom etmoqdaki, bu oxir-oqibatda yana boshlangʻich nuqta sari juda tez odimlashdir.

Ta'qiblar boshida turganlar tushunishi kerak, vaqt oʻtgan sari jamiyatda har qanday masalaga “Gʻayrat Doʻstovlar ishi” prizmasi, shu kabi boshqa voqealar bergan xulosalar orqali qarash kayfiyati kuchayib bormoqda. Bu kayfiyat hatto ular hisoblashadigan yagona reallik – xalqaro hamjamiyatlarga-da koʻchib ulgurdiki, vaqt oʻtgan sari oʻrnimizni tobora qizillashtirayotgan turli reytinglar ham shundan soʻzlamoqda
”, – deb yozdi jurnalist Ilyos Safarov.

Odamlarning kayfiyatini tushirib ijtimoiy taranglikni orttirgan bu keys uzoq vaqt esdan chiqmaydi. Kim qilgan boʻlsa ham, sabotaj hidi kelyapti.

Yangi poyabzalga qurbi kelmayotgan odamni jarimaga ham tortishibdi. Kambagʻalni urma-soʻkma, toʻnini yirt degani shu boʻladi.

Undan koʻra muammoni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etinglar. Har yili sovuq tushsa metan zapravkalarda odamlar noroziligini keltirib chiqaruvchi holatlar boʻlyapti. Oʻtgan yili oʻlasi qilib urilgan yigit voqeasi hali yoddan chiqmagandi. Hammaning ovozini ham, xotirasini ham oʻchirish imkonsiz.

Shu oʻrinda Gʻ.Doʻstovning qiyin ahvolga tushib qolgan oilasidan mahalla tuzilmalari va ijtimoiy himoyaga mas'ul organlar xabar olishlarini iltimos qilaman.

Odamlar ham qarab turmayapti. Faollar “Ezgulik” jamiyati rahbari, ijtimoiy faol inson Abdurahmon Tashanov kartasiga pul yigʻishmoqda
”, – deb yozdi jamoat faoli va bloger Shahnoza Soatova.

Shu akani 15 sutkaga qamash bilan qani endi Oʻzbekiston gaz importchisidan yana gaz eksportchisiga aylanib qolsa, Oʻzbekistonning energetika muammolari barham topsa. Oʻzbekistonliklar energetika muammolarini, umuman, muammolarni gapirmagani bilan muammolar yoʻq boʻlib qolmaydi-ku. Hozirgi Oʻzbekiston avvalgisidan sal boʻlsa-da yaxshiroq boʻlsa, aynan shu jihati – muammolar aytilgani va keyin ularga echimlar topilgani bilan yaxshiroq boʻlmaganmidi axir?” – deb yozdi jurnalist Muhrim A'zamxoʻjayev.

Biroq jinoyat ishlari boʻyicha Bektemir tuman sudining ushbu qaroridagi mana bu jihatlarga tanqidiy toʻxtalmasdan ilojimiz yoʻq.

Birinchidan, qarorning voqea tafsilotini bayon qiluvchi qismida goʻyoki huquqbuzarlik sodir etilgan, deb iddao qilingan vaqt aniq koʻrsatilmagan. Vaholanki, vaqt deyilganda yil, oy, kun va soatlar tushuniladi.

Ikkinchidan, voqea tafsilotida goʻyoki, u shoxobcha xodimlarini turli soʻzlar bilan haqoratlaganligi iddao qilingan, lekin aynan qanday soʻzlar bilan haqoratlaganligi, u soʻzlar haqorat sanalishi yoki sanalmasligi mavhumligicha qolib ketgan.

Vaholanki, mayda bezorilik deb atalmish huquqbuzarlikning yagona belgisi bu, jamoat joyida sodir etilishining oʻzigina emas.

Agar shaxs muayyan shaxs(lar)ga qarata haqorat qilgan boʻlsa, haqoratlangan shaxs(lar)ning shaxsini aniqlash va shaxsga qaratilgan qilmish, deb baholanishi kerak boʻlib qoladi.

Uchinchidan, MjtKning 294-moddasidan kelib chiqsak, Gʻ.Doʻstovning ushbu vaziyatdagi protsessual huquqiy maqomi “ma'muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs” deb yuritilishi kerak boʻlgani holda, hali qaror chiqarilmasdan oldin uni “huquqbuzar” deb atab qoʻyilgan.

Toʻrtinchidan, qarorda Gʻ.Doʻstovga jazo tayinlashda aybiga iqrorligini goʻyoki inobatga olganligini koʻrsatib, amalda esa, modda sanktsiyasi doirasidagi maksimal jazoni tayinlabdi. Kechirasiz-u, biz aybiga iqrorlikni jazoni ogʻirlashtirishga emas, balki engillashtirishga xizmat qiluvchi holatlardan biri deb, bilar edik.

Shu joyida sudning soʻzi bilan amali bir biriga muvofiq kelmabdi.

Beshinchidan va hammasidan ham kulgilisi, sud jazo tayinlashda huquqbuzarlikning ijtimoiy xavflilik darajasini ham inobatga olib qoʻyibdi. Ajabo! Ma'muriy huquqbuzarlikda ijtimoiy xavflilik belgisi ham boʻlar ekan-da?!

Hurmatli sudya xonim!

Jinoyatni ma'muriy huquqbuzarlikdan ajratib turuvchi yagona belgisi bu, aynan ijtimoiy xavfliligi emasmidi?
” – deya jazo tayinlagan sudyaga e'tirozlarini bayon qilgan advokat Abdumalik Abdullayev.

Bu bolaning qamalishi aniq edi. Chunki oldimizda hali sovuq kunlar bor. Ijtimoiy ahvolimizga koʻzgu tutadigan bunaqa qahramonlarning koʻzi qoʻrqitib qoʻyilmasa, safi kengayib ketishi mumkin. Shuning uchun darrov uning shaxsi tekshirilib, biron narsa topiladi. Masalan, birinchi xotini bilan ajrashgan, ikkita bolasiga aliment bermay yuribdi. Tappa-tayyor jinoyat! Gazni tanqid qilib chiqmaganda bu jinoyat bilan hech kimning ishi yoʻq edi.

Xullas, oʻrtoqlar, muammoni bu usul bilan bartaraf qilib boʻlmaydi. Undan koʻra, birgalashib echim izlagan ma'qul. Ishoning, bunaqa yirtiq krasovkalar koʻpayib boryapti. Buning hammasini qamashning iloji yoʻq!
” – deb yozdi shoir Alisher Nazar.

“Habikatura” kanali muallifi Habibullo Moʻydinov kirakash yigitning qamalishiga atab ushbu karikatura chizdi.

Gʻayrat Doʻstovga kafolat berib olib chiqilishi toʻgʻri boʻladi. Tuman, shahar kengashi deputatlari bor. Mahalla bor. Uyida qaramogʻida bola-chaqasi koʻz tikib oʻtirgandir. Davlatning Kuch proportsiyasi bor, Mehr proportsiyasi ham. Oʻz kuchiga ishongan davlat mehriniyam ayamaydi”, – deya echim taklif qildi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Bektemir sudi tomonidan 15 sutkaga qamalgan Gʻayrat Doʻstov soʻroq uchun 27 dekabr kuni Toshkent shahar IIBBga olib ketilgan.

Bugun uning advokati Adham aka bilan Panelniydagi saqlov izolyatoriga bordik. Navbatchining aytishicha, u Toshkent shahar IIBBda saqlanmoqda.

Ayni paytda Toshkent shahar IIBBning navbatchilik qismi dam olish kuni boʻlgani bois u bilan uchrashuvimizga ruxsat berishmadi.

Sud tomonidan belgilangan jazoni oʻtayotgan shaxsni nega soʻroqqa olib ketishgani va u erda ushlab turishgani sababini tushuntirishmadi.

Hozircha 3 nafar koʻngilli advokatda uni himoya qilishga order bor. Koʻngillilar soni ortmoqda
”, – deya hibsdagi haydovchi haqidagi soʻnggi ma'lumotlar bilan oʻrtoqlashdi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Blogerlar botinkasi teshik haydovchining qamalishi haqida: "Sabotaj hidi kelyapti..."