
Dinimizda har bir amalning to‘g‘riligi, uning Alloh dargohida maqbul bo‘lishi niyatga bog‘liq. Shu qatori ro‘za tutishda ham niyat qilish shart hisoblanadi. Niyat bo‘lmasa, ibodat ham bo‘lmaydi. Ramazon oyida tutiladigan ro‘zaning farzi uchta: niyat, tong otganidan kun botgunicha yeb-ichishdan tiyilish va jinsiy aloqadan tiyilish.
Aslida, niyat degani qalbda bo‘ladigan narsadir. Qalbda, dilda qilingan niyatgina hisobga o‘tadi. Tilda niyat qilinsa-yu, qalbida hech narsa bo‘lmasa, ro‘zasi ro‘za bo‘lmaydi.
Mavlono Aliy Qoriy aytganidek, tilda ham niyat qilish bid’ati hasana, ya’ni maqbul amal hisoblanadi. Shunga ko‘ra, odatdagidek: «Tong otgandan kun botguncha Ramazon oyi ro‘zasini tutmoqni niyat qildim» kabi so‘zlarni dildan o‘tkazib va tilda aytib, niyat qiladi. Zotan, bizning fiqhiy kitoblarimizda til bilan niyat qilish ham sunnatdir, deyilgan («Olamgiriyya», «Kofiy», «Nihoya», «Nahr»).
Mazhabimizning barcha faqihlari ramazon oyida har bir kun uchun alohida niyat qilish kerakligini aytishgan (“Fatovoyi Qozixon”). Ammo molikiylarda bir oylik Ramazon ro‘zasini bir niyat bilan tutish joizdir.
Imom Najmiddin Nasafiy, aslida, ramazonda saharlikka turishning o‘zi niyat hisobiga o‘tishini aytganlar. Ammo saharlikka turish o‘sha kunning o‘zi uchun niyat o‘rniga o‘tadi, boshqa kunlarga o‘tmaydi. Niyatning vaqti har kuni quyosh botishidan so‘ng kiradi, undan oldin qilingan niyat o‘tmaydi (Saraxsiy “Muhiyt”).
Bir kishi quyosh botishidan oldin keyingi kun ro‘zasiga niyat qilgan bo‘lsa-yu, so‘ng uxlab qolsa yoki xushidan ketsa yoxud biror sabab bilan zavolgacha niyatini yangilashga ulgurmasa, bu kishining niyati o‘tmaydi. Ammo quyosh botganidan keyin niyat qilgan bo‘lsa, durust (“Xulosa”). Niyat borasida musofir bilan muqim o‘rtasida farq yo‘q (“Tabyin”).
Afzali niyatni o‘z vaqtida, ya’ni kechasi qilishdir. Ammo kunduzi niyat qilish ham joiz.
Shuningdek, niyatning aniq-ravshan bo‘lishi, ya’ni qaysi ro‘zaga niyat qilinayotganini aniq va qat’iy niyat qilingani avlodir (“Ixtiyor”).
Uxlab qolib, saharlikka turolmagan kishi quyosh chiqqandan so‘ng uyg‘onsa, hech narsa yemay-ichmay, ro‘zaga niyat qilib olsa, bizning mazhabga ko‘ra, o‘sha kungi ro‘zasi durust bo‘ladi. Quyosh chiqishidan oldin uyg‘onsa ham shunday. Har ikki holatda ham odatdagi ramazon ro‘zasi niyatini qilaveradi.
Ammo doim shunday qilaverish (ya’ni, tong otgandan yoki quyosh chiqqandan so‘ng ro‘zaga niyat qilish) yaramaydi. Chunki, boshqa mazhablarda bu narsa aslo joiz emas. Zotan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham bunday deganlar: “Kimki ro‘zasini tongdan avval jam qilib, qasd qilib olmasa, uning ro‘zasi yo‘qdir” (Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
Qazo va kafforat ro‘zalarida esa, niyatni kechqurun qilish va tutadigan ro‘zasini qat’iy tayin qilish shart (“Niqoya”).

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar