date
views 243

Qarg‘ish: emotsiyaning kuchimi yoki kuchsizlikning belgisimi?

Qarg‘ish: emotsiyaning kuchimi yoki kuchsizlikning belgisimi?
Men, psixolog sifatida ham, oddiy ayol va inson sifatida ham bu temaga negadir qiziqaman. Turli xil qarg‘ishli iboralar diqqatimni tortaveradi, to‘g‘risi ba’zi kundalik oddiy holatlar uchun eshitadigan qarg‘ishlarimdan kulgim ham qistaydi. Jiddiy holatlar uchun esa bunga diqqatimni sababini, ko‘pincha mijozlarimning hayotida bo‘lib o‘tgan voqea-hodisalar tortsa, boshqa tomondan odamlarni kuzatishga bo‘lgan qiziquvchanligim.

Masalan, kuzatuvlarimga ko‘ra ko‘pincha odamlarimiz turli nohaqliklarga, adolatsizliklarga javoban qo‘llaydigan iboralarimiz bor: "Xudoga soldim", "Xudo jazoingni bersin", "Do‘zaxga o‘tin bo‘l", "Bolalaringdan qaytsin" va hokazo.

Bu iboralar ortida qanday psixologik jarayonlar yotadi? Buning ilmiy asosi nimada?

Bu savollarga javob topish uchun juda ko‘p psixologik tadqiqotlarga murojaat qilish zarur. Men bu temani batafsil o‘rgandim deya olmayman, biroq qiziqishlarim doirasida chiqib qolgan infolarni o‘qib borganman. Va, shu bilganlarimga asosan qisqacha psixologik essecha yozishga (havolalar shu sababdan bera olmayman postda) qaror qildim.

Birinchidan, bu iboralar insonning o‘z hayoti ustidan nazorat yo‘qolishidan kelib chiqadigan stressning namoyon bo‘lishidir. Adolatsizlikka duch kelganda, kuchsizlik hissiyoti paydo bo‘ladi. Inson o‘zining voqealarni boshqara olmasligini anglaganda, noxush his-tuyg‘ular – g‘azab, qo‘rquv, noumidlik yuzaga keladi. Qarg‘ish, bu holatda "o‘zini oqlash mexanizmi" sifatida ishlaydi.

Inson o‘zining kuchsizligini tan olishni istamay, voqealarni boshqarishga harakat qiladi – hatto, bu boshqarish yolg‘on va ishonchsiz bo‘lsa ham. Qarg‘ish, ya’ni "oliy kuchlar" ga murojaat qilish, nazorat illyuziyasini yaratishga xizmat qiladi. Go‘yo, shu bilan xotirjamlik hissini tuyadi, ammo aslida bunday bo‘lmaydi. Illyuziya bu.

Ikkinchidan, bunday emotsional reaksiyalarning gender jihati ham bor. Mening kuzatishlarimga ko‘ra, ayollar ko‘pincha erkaklarga nisbatan ko‘proq qarg‘aydilar. Bu to‘la stereotip emas, balki ma’lum darajada haqiqatga yaqin.

Ayollar ko‘pincha emotsional ekspressionlilikka moyil bo‘lishadi va jamiyat tomonidan qo‘shimcha bosimga erkaklarga nisbatan ko‘proq uchraydilar. Ular hayotida bo‘layotgan nohaqliklarni ifoda qilishda, ayniqsa, oilaviy munosabatlardagi muammolarni ifoda etishda qarg‘ish shaklidagi reaksiyalarni ko‘p kuzatishimiz mumkin.

Bu, albatta, jamiyatning ayollar bilan bog‘liq tarbiyaviy va ijtimoiy normalari, ularga qo‘yiladigan talablar va ularning emotsional ekspressionligiga bo‘lgan munosabati bilan ham bog‘liq.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam "Xudoga soldim" kabi iboralar insonning kuchsizlik hissiyoti va stress bilan bog‘liq psixologik holatlarining namoyon bo‘lishi.

Bu iboralarning hech qanday samarasi yo‘q, aksincha, ular insonning salbiy his-tuyg‘ularini kuchaytiradi va stressni oshiradi.

Mabodo kimdirni qarg‘ishi amalga oshgan bo‘lsa, bu shunchaki tasodif yoki ko‘plab boshqa omillar sabab. Ha, albatta kimnidir dilini og‘ritish va adolatsizlik qilish yomon. Lekin, post ular haqida emasligi uchun bunga to‘xtalmayman.

Qarg‘ish bilan, agar u amalga oshsa ham baribir xotirjam bo‘la olmaysiz. Sizda tanlov bor, yo sizga qilingan yomon munosabatga sog‘lom yechim topasiz, farqi yo‘q qanday harakatlanasiz (yaxshi odam bo‘lib yoki yomon odam), yokida kuchsiz bo‘lib xudoga solasiz-u esdan chiqarolmay qarg‘ab yuraverasiz. Umuman, yana boshqa variantlar ham bor. Masalan, kechirish. Lekin, bu juda qiyin, ba’zi holatlar uchun bu imkonsiz ham (kechirib bo‘lmaydigan holatlar bor).

Xullas, qarg‘ish samarasiz psixologik nuqtayi nazardan.

Agar siz sog‘lom emotsional salomatlik uchun muammoni yechishga yo‘naltirilgan amaliy harakatlar qilishni istasangiz va zarur bo‘lsa, albatta mutaxassislardan yordam so‘rash muhim. Mutaxassis sizga o‘z his-tuyg‘ularingizni boshqarishni va stressni yengish usullarini o‘rganishga yordam beradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qarg‘ish: emotsiyaning kuchimi yoki kuchsizlikning belgisimi?