
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 29 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida O‘zLiDeP fraksiyasi deputatlari ishlab chiqqan — «Mehnat kodeksiga xususiy sektor uchun belgilangan ijtimoiy majburiyatlarni erkinlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
Tashabbuskorlarga ko‘ra, mehnat qonunchiligida xususiy sektor uchun ijtimoiy majburiyatlar ko‘pligi, sohadagi huquqiy mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.
«Amaldagi Mehnat kodeksida davlat va xususiy sektorda ish beruvchilar uchun bir xildagi ijtimoiy majburiyatlarning nazarda tutilishi xususiy sektor, ayniqsa, kichik tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy barqarorligiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa xususiy sektorda xodimlarni ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish jarayonlarining rasmiy qayd etilmasligiga olib kelmoqda», deyiladi quyi palata xabarida.
Parlament quyi palatasi saytida qonun loyihasi to‘liq e’lon qilinmagan. Palata matbuot xizmatiga ko‘ra, loyihada Mehnat kodeksiga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan:
- mehnat shartnomasini xodimning tashabbusi bilan bekor qilishda arizani chaqirib olish jarayonida ish beruvchining ishtirokini ta’minlash orqali tomonlarning mas’uliyatini oshirish;
- mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilishda kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki mahalliy mehnat organi bilan kelishish jarayonlarini soddalashtirish orqali xabardor qilish tartibiga o‘tkazish;
- xodimning uzoq muddat mehnatga qobiliyatsiz bo‘lishi natijasida mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarini takomillashtirish;
- tadbirkorlik subyektlarida o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ogohlantirish muddati va kompensatsiya to‘lovlarini bekor qilish.
Majlisda Mehnat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgarishlar muhokama va bahslarga sabab bo‘ldi va yetarli ovoz to‘play olmadi. Xususan, qonun loyihasining qabul qilinishiga faqat tashabbuskor partiya – O‘zLiDepning 57 nafar deputati ovoz bergan. Qolgan deputatlar 4 ta partiyaning barcha deputatlari loyihaga qarshi ovoz bergan – 71 kishi. Milliy tiklanishdan 2 nafar deputat betaraf qolgan. Birinchi o‘qishda yetarli ovoz ololmagan qonun loyihasi tashabbuskorlarga qaytarildi.
«Milliy tiklanish» partiyasi ushbu qonun loyihasini xodim manfaatiga zid deb atagan. Partiyaga ko‘ra, loyihada asosan xodim emas, ish beruvchi – tadbirkorlar manfaatiga ustuvorlik berilgan.
«Ya’ni tenglik buzilyapti. Fraksiya liberallarning tadbirkorlarni rivojlantirish g‘oyalariga qarshi emas, lekin har qanday rivojlanish qadriyatlar bilan bo‘lishi kerak! Biz mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlaymiz, lekin bu xodimlarning mehnat huquqlarini buzish hisobiga bo‘lmasligi kerak», deyiladi partiya bayonotida.
O'zbekiston yangiliklari Mehnat KodeksiO‘zLiDeP QonuniXususiy SektorIjtimoiy MajburiyatlarTadbirkorlik SubyektlariMahalliy Tadbirkorlar Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar