Apple kompaniyasi arzonroq obuna bo'lishning yangi turini taqdim etdi

Apple kompaniyasi App Store dasturchilari uchun obunachilarni jalb qilishning yangi usulini taqdim etdi. Endilikda foydalanuvchilar 12 oylik majburiyatni o'z zimmasiga olgan holda, avtomatik yangilanadigan obunalar uchun har oy arzonlashtirilgan narxda to'lov qilishlari mumkin bo'ladi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Ushbu model dasturchilarga uzoq muddatli va barqaror daromad evaziga mijozlarga chegirmali tariflar taklif qilish imkonini beradi. Ko'plab dasturchilar avval ham yillik obunaning afzalligini ko'rsatish uchun oylik narxni pastroq qilib ko'rsatishgan, endi esa Apple bu jarayonni rasmiylashtirdi.

Yangi tizim foydalanuvchilarni chalg'itmaslik uchun maxsus qoidalar asosida ishlaydi. Mijozlar obunaga rozilik berishdan oldin to'lovlar tarkibi va bekor qilish tartibi haqida to'liq ma'lumot olishlari mumkin.
12 oylik reja doirasida obunani istalgan vaqtda to'xtatish mumkin, biroq oylik to'lovlar muddat tugaguncha yechib olinadi.
Hozircha ushbu imkoniyat AQSh va Singapurda amal qilmaydi. Bunga AQShdagi Epic Games bilan bog'liq sud jarayonlari va Singapurdagi iste'molchilar huquqlarini himoya qilishning murakkab qoidalari sabab bo'lgan bo'lishi taxmin qilinmoqda.
Yangi turdagi obunalar iOS 26.4 va boshqa tizimlarning yangilangan talqinlarida butun dunyo bo'ylab ishga tushadi. May oyida chiqariladigan iOS 26.5 talqinida esa ushbu funksiya to'liq joriy etilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!