
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida qalbaki dori ishlab chiqarish va savdosi bilan shug‘ullangan yashirin sex faoliyatiga chek qo‘yildi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona idoralari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Toshkent shahrida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan shaxs tomonidan ijara asosida olingan Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi xonadon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, u nafaqat qalbaki dori vositalarini ishlab chiqarish, balki uning noqonuniy savdosi bilan ham shug‘ullangani aniqlangan.
Dori vositalarini tayyorlashga mo‘ljallangan yashirin sexda tegishli hujjatlari bo‘lmagan va xavfsizligi kafolatlanmagan 49 nomdagi 594 127 dona “Futsis”, “Prosulpin”, “Ursosan”, “Arbidol” va boshqa dori vositalari topildi. Ta’kidlash lozimki, bu dorilar 50 ta asbob-uskunalar, xususan, stanok va qoliplar yordamida qo‘lbola usulda tayyorlab kelingan. Shuningdek, bu yerda sifat talablariga javob bermaydigan 168 kilogramm dori vositalarining xom ashyolari, etiketlari, yo‘riqnomalar, qog‘oz qutilar, bo‘sh idishlar hamda kapsulalar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Ushbu shaxsning Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi yashash xonadoni ham xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, 2 turdagi 28 640 dona tibbiyot dori vositalari, 2 turdagi 75 dona ampula, 2 turdagi 46 dona idishda suyuqlik, 3 nomdagi 26 ta turli dori vositalarining etiketkalari, nomsiz 18 ming 280 dona suppozitoriylar va ularning markalari, 1 nomdagi 40 dona kapsula, shu bilan birga, turli xil nomdagi dori vositalarining bo‘sh qutilari hamda 3 dona temir qoliplar borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, yashirin sex tashkilotchisi dori vositalarini tayyorlash uchun kerakli xom ashyolarni internet tarmog‘i orqali noma’lum shaxslardan buyurtma orqali sotib olgani aniqlangan. Ashyoviy dalil sifatida olingan mazkur dori vositalari va asbob-uskunalarning umumiy qiymati qariyb 10 milliard so‘mni tashkil qiladi.
Ta’kidlanishicha, qo‘lbola usulda ishlab chiqarilgan dori vositalari Toshkent shahri va Buxoro viloyatidagi bir nechta dorixonalarga tarqatilgan bo‘lib, davom ettirilgan faol tadbirlar natijasida mazkur dori vositalarining savdosiga chek qo‘yildi.
Hozirda sex tashkilotchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-3 moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirda esa, Toshkent shahrida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan shaxs va uning sherigi, poytaxtdagi banklardan birining 1996 yilda tug‘ilgan xodimi o‘zaro kelishgan holda Xitoydan olib kelingan 798 ta qutidagi 574 560 dona infuzion sistema tibbiy buyumlarini 55 ming 700 dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tegishli xulosaga ko‘ra, umumiy qiymati 1 mlrd so‘mni tashkil qilgan mazkur tibbiy buyumlar foydalanishga yaroqsiz hisoblanib, O‘zbekiston hududida saqlash, sotish, tashish va tibbiyot amaliyotida qo‘llash taqiqlanadi.
Holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent shahriQalbaki doriYashirin sexJinoyat kodeksiTibbiyot vositalariXavfsizlik talablariga javob O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar