Fabio Kannavaro boshchiligidagi Oʻzbekiston milliy terma jamoasi oktyabr oyi yigʻinlari doirasidagi ikkinchi oʻrtoqlik bahsiga tayyorgarlikni yakunladi. Bu safar jamoa jahon futbolida katta nomga ega Urugvayga qarshi maydonga tushadi.
Bellashuv Malayziyaning Malakka shahridagi “Hang Jebat” stadionida boʻlib oʻtadi va Toshkent vaqti bilan soat 17:45 da start oladi. Ushbu oʻyin nafaqat yangi bosh murabbiy Fabio Kannavaro uchun muhim sinov, balki jamoa taktik sinovlarini amalda tekshirish imkoniyati ham boʻladi.
“Oq boʻrilar” uchun bu uchrashuv jahon chempionatiga tayyorgarlik yoʻlidagi navbatdagi bosqich hisoblanadi. Yigʻin doirasidagi ilk bahsda Oʻzbekiston Quvaytni 2:0 hisobida magʻlub etgan edi. Endi esa raqib — ikki karra jahon chempioni Urugvay boʻladi.
Janubiy Amerika vakillari avvalgi oʻyinda Dominikan Respublikasini 1:0 hisobida yenggan edi. Bu oʻyin ham har ikki terma uchun muhim tajriba va yangi tarkib sinovi sifatida baholanmoqda.
Kannavaro shogirdlari jahon grandiga qarshi bellashuvda oʻziga xos futbol namoyish etishni, yangi murabbiy uslubini amalda sinab koʻrishni maqsad qilgan. Murabbiylar shtabi ushbu oʻyin orqali jamoa imkoniyatlarini yanada aniq baholashni rejalashtirgan.
Oʻrtoqlik uchrashuvi:
Oʻzbekiston — Urugvay
Malakka, “Hang Jebat” stadioni.
Boshlanish vaqti: 17:45 (Toshkent vaqti)