"Manchester Siti" o‘tgan mavsumning birinchi yarmida yuz bergan inqirozdan so‘ng tarkibni yangilashga qaror qildi. Xosep Gvardiola talab qilgan "avlodlar almashinuvi" jarayoni rasmiy ravishda 20 yanvarda boshlandi — aynan o‘shanda klubga o‘zbek futbolchisi Abduqodir Husanov kelib qo‘shilgan edi.
Futbol ekspertlari ta’kidlashicha, so‘nggi ikkita transfer oynasidan keyin “Manchester Siti” tarkibidagi futbolchilarning o‘rtacha yoshi qariyb ikki yilga kamaygan. Agar bir yil avval jamoa yoshi 26,9 yosh bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 25,1 yoshni tashkil etmoqda.
Bu o‘zgarishda keksa futbolchilar — Kevin de Bryuyne, Ederson, Ilkay Gyundogan va Manuel Akanji kabilarning ketishi asosiy rol o‘ynadi. Shu bilan birga, yangi sport direktori Ugo Vianaga jamoani yoshartirish bo‘yicha aniq vazifa yuklangan.
Joriy mavsumda Gvardiola jamoasida yoshlar yetakchi rolni egallab bormoqda. Eng yosh futbolchi — 2005 yilda tug‘ilgan Niko O’Rayli. U klub tarbiyalanuvchisi bo‘lib, asosiy tarkibda muntazam o‘yin amaliyotiga ega. Undan bir yosh katta bo‘lgan Abduqodir Husanov, Riko Lyuvis va Savinyo ham yoshlar avlodining muhim qismiga aylanishgan.
Hujum chizig‘ida ham yosh energiya ustuvor: 2003 yilda tug‘ilgan Oskar Bobb va Rayan Sherki klubning yangi yuzlari sifatida tanilmoqda.
Shu bilan birga, jamoada tajribali futbolchilar ham saqlanib qolgan. 1994 yilda tug‘ilgan Jon Stounz va Bernardu Silva, shuningdek, ulardan bir yosh kichik Natan Ake hali ham jamoaning asosiy suyanchiği bo‘lib turibdi.
Shu tariqa, “Manchester Siti”dagi yangilanish nafaqat transfer siyosatida, balki jamoa ruhi va uslubida ham sezilayotganini ta’kidlash mumkin. Gvardiolaning asosiy maqsadi — yosh, ammo tajribali tarkib bilan kelgusi yillarda yanada kuchli va barqaror jamoani yaratishdir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!