
CMWP Uzbekistan hisobotiga ko‘ra, 2025 yil davomida Oʻzbekistonda 2,17 mln kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi. Bu ko‘rsatkich yilma-yil hisobda 16 foizga oshgan. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Quruvchilar faolligining asosiy qismi “ekonom”, “komfort” va “komfort+” toifalariga to‘g‘ri keldi: mazkur segmentlar bozorning 85 foizini, ya’ni 1,79 mln kvadrat metrni egalladi. Shu bilan birga, davlatga qarashli quruvchilar bozorda faolroq paydo bo‘layotgani sabab ushbu toifalarda raqobat kuchaymoqda.
Biznes-klass segmentida 2025 yilda qariyb 327 ming kvadrat metr uy-joy qurildi. Taqqoslash uchun, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 472 ming kvadrat metrdan yuqori bo‘lgan. Hisobotda qayd etilishicha, quruvchilar yangi obyektlarni avvalgidek tez-tez boshlashdan ko‘ra, bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan yirik loyihalarga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.
CMWP Uzbekistan bahosiga ko‘ra, bu yondashuv yaqin yillarda ham saqlanib qoladi: bozor katta sanoat hududlarini o‘zlashtirish va ularni kompleks tarzda qayta qurish hisobiga kengayadi.
Premium segmentda 2025 yilda yangi loyihalar start olmagan bo‘lsa-da, qurilish ishlari davom etmoqda. Hozir Toshkentda premium toifadagi olti turar joy majmuasi bunyod etilmoqda. Markaziy hududlarda yangi uchastkalar paydo bo‘layotgani hamda so‘nggi yillarda premium uy-joyga talab shakllangani sababli develloperlarning bu yo‘nalishga qiziqishi ortib bormoqda.
Narxlar bo‘yicha, ekonom va komfort segmentlarida 1 kvadrat metrning o‘rtacha qiymati 1,1 ming dollargacha, biznes-klassda 2,2 ming dollargacha, premium toifada esa 3,3 ming dollargacha baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.