
29 dekabrga o‘tar kechasi Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Novgorod viloyatida joylashgan qarorgohiga ommaviy dron hujumi uyushtirishga uringan. Rossiya tomonining da’vo qilishicha, jami 91 ta uchuvchisiz apparat havo hujumiga jalb etilgan va ularning barchasi havo mudofaasi tizimlari tomonidan yo‘q qilingan.
Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Kiyev tomonining bunday harakatlari «aqlsizlik» bo‘lib, ular javobsiz qoldirilmaydi. Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, javob zarbalari uchun nishonlar va amalga oshirish vaqti oldindan belgilab qo‘yilgan.
Shu bilan birga, Rossiya tashqi ishlar vaziri Moskva Ukraina masalasida AQSH bilan olib borilayotgan muzokaralardan chiqish niyatida emasligini, ammo ushbu voqealar fonida Rossiyaning muzokaralardagi pozitsiyasi qayta ko‘rib chiqilishini bildirdi. U Kiyevni «davlat terrorizmi siyosatiga o‘tgan rejim» sifatida ta’riflab, mazkur hujum aynan Rossiya–AQSH o‘rtasidagi faol muloqot paytida sodir etilganiga e’tibor qaratdi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa Rossiya tomoni bildirgan «Putin qarorgohiga hujum» haqidagi ma’lumotlarni keskin rad etdi. U Lavrov bayonotini navbatdagi yolg‘on deb atab, Moskva bunday iddaolar orqali yangi zarbalar uchun bahona yaratishga urinayotganini ta’kidladi.
Zelenskiyning fikricha, Rossiya ushbu da’volar orqali Kiyevdagi davlat idoralari binolariga ehtimoliy hujumlarni oqlashga harakat qilmoqda. U sentyabr oyida Ukraina Vazirlar Mahkamasi binosi raketa zarbasiga uchragan holatni eslab, ssenariy yana takrorlanishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Shu tariqa, dron hujumi atrofidagi qarama-qarshi bayonotlar Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi axborot hamda siyosiy qarama-qarshilik yanada keskinlashayotganini ko‘rsatmoqda. Voqealar rivoji esa yaqin kunlarda harbiy va diplomatik maydonda yangi keskin qadamlarga sabab bo‘lishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.