Har bir ota-ona farzandi ulg‘aygach, uning baxtini ko‘rishni niyat qiladi. Farzandim men ko‘rmagan kunlarni ko‘rsin, deb bir kunlik to‘yga bor-budini sarflaydi. Ammo o‘sha dabdabali shodiyonadan so‘ng ikki yoshning turmushi buzilsa-chi? Afsuski, bugun ajrashib ketayotgan yoshlar orasida aynan dabdabaga ruju qo‘yganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Keling, yaxshisi, fikrlarimizni ushbu misollar bilan davom ettirsak.
DABDABA «MEVA»SI AJRALIShMI?
— Mahallamizda nihoyatda dabdabali to‘y bo‘ldi, — deydi Toshkent shahridagi Yashnobod tumani «Tong» mahallasi maslahatchisi Shohista ALIMOVA. — Ochig‘i, to‘yda qatnashmagan san’atkorning o‘zi qolmadi. To‘y ikki yoshning birga tushgan suratlari va «Muhabbat hikoyasi» namoyishi bilan boshlanib, to oxirigacha xuddi ertaklardagidek shohona o‘tdi. Lekin…
Oradan uch oy o‘tar-o‘tmas, ikki yosh o‘rtasiga sovuqchilik tushgan. Sababi, kuyov tomon dabdabali to‘y qilish oqibatida katta qarzga botib qolgan. Shu bois qaynona kelinga kun bermagan. Uch oy davomida faqat dakki-dashnom eshitgan kelin sabr-bardoshi etmay, homilador bo‘lishiga qaramay, uyiga arazlab ketibdi. Hozir ikki yosh kattalarning qilgan dabdababozligi tufayli ajrashish arafasida.
Mahalla maslahatchisining aytishicha, yoshlarni yarashtirishga ko‘p urinishgan. Lekin foydasi bo‘lmabdi. Qaynona «Shu qiz xonadonimga kelin bo‘lib keldi-yu, dasturxonimdan fayz-baraka aridi», deya turib olibdi.
Endi o‘ylab ko‘ring: to‘yda qilingan dabdaba baxt bera oldimi? Muhabbat tarixiyu, istirohat bog‘larida birga tushgan rasmlari biror korga yaradimi? Nega ota-ona va farzandlar masalaning bu jihatlariga e’tibor qaratmaydi? Balki, muhabbat hikoyasining yomon tomoni yo‘qdir. Biroq…
Ko‘pchilik oila qurayotganlar buning aksini qiladi. Sevgi-muhabbati tarixini hammaga ko‘z-ko‘z qiladi-da, besh oyga bormasdan «Bu qiz menga yoqmadi yoki bu yigitning oilasi menga to‘g‘ri kelmadi», deb osongina ajrashib ketadi. Qolaversa, kelin-kuyov bir-birini yaqindan bilmasdan turib, to‘yiga kelgan mehmonlarga «Muhabbat tarixi»ni namoyish etishi bizning mentalitetga to‘g‘ri kelmaydi. Aynan shunga o‘xshash holatlar yoshlar o‘rtasida ibo-hayo, andisha kabi yuksak fazilatlarning yo‘qolib borishiga sabab bo‘lyapti.
MAS’ULIYaTSIZ QIZ, BEFAROSAT KUYoV
— Internet saytlaridagi bir xabarga ko‘zim tushdi: to‘yi bo‘layotgan qiz kuyov tomon «Limuzin» yubormagani uchun to‘yni to‘xtatibdi. Buni qanday izohlashni ham bilmaysan kishi. Nahotki hozirgi ayrim yoshlar shu qadar yengiltak bo‘lsa? Ular baxtni shu bir parcha temir bilan o‘lchasa? Nazarimizda, ular oila degan muqaddas tushunchani sira fahmlamaydi. Mas’uliyat hissi nima ekanini umuman bilmaydi.
Ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan yana bir voqea xususida. Kelinning mahallasiga ikkita yuk mashinasi kelib to‘xtadi. Ulardan sozandalarning karnay-surnay sadolari hamrohligida, to‘rtta xorijiy rusumdagi mashinada kuyovnavkarlar tushib keldi. To‘yxona. Bezatilgan stollarda yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Urf-odatga ko‘ra, boshlovchi tantanani ochiq deb e’lon qilgach, milliy cholg‘u sozlariga navbat berildi. Undan keyin haqiqiy tomosha boshlandi. Dastlab kelin-kuyovning ikki oy davomida birga tushgan rasmlari namoyish etildi. Suratlarda ikki yosh bir-biriga yopishib turibdi.
Fotoalbomdan so‘ng «Love story»ga navbat berildi. Unda mashhur «To‘ylar muborak» filmidagi epizodlardan ta’sirlangan kelin-kuyov aynan shu yo‘sinda o‘zlaricha film suratga olishgan. Tabiiyki, bosh qahramonlar — kelin va kuyov. To‘yning avjida kelin kuyovga, kuyov kelinga, qaynona-kelin kuyovga bag‘ishlab, o‘zlari yozgan qo‘shiqni ijro etishdi.
Ochig‘i, to‘yni ko‘rib, jahlim chiqdi. Aytmoqchimanki, o‘zini hurmat qilgan inson, avvalo, shaxsiy hayotini boshqalarga oshkor qilib, turli ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmaydi. Nikoh to‘yi bo‘lmasdan turib, ikki yoshning bir-biriga suykalanib tushishi esa sharmandalikdan o‘zga narsa emas. Ota-ona qayoqqa qarayapti? Bu kabi to‘ylarni ko‘rgan yoshlar ham shular ketidan ergashmasligiga kim kafolat beradi? Hech kim!
«O‘rgimchak to‘ri»dan dabdabali to‘ylarni bir izlab ko‘ring. To‘yida har bir do‘stining tabrigidan so‘ng bo‘lajak turmush o‘rtog‘idan hammaning ko‘z o‘ngida bo‘sa olayotgan befarosat kuyovdan tortib, kuyovnavkarga o‘ndan ortiq kranli yuk mashinasida kelgan olifta yigitlargacha uchratish mumkin. Bu ham mayli, lekin ayrim kuyovlarning qaynonasi bilan, ayrim kelinlarning qaynotasi bilan valsga tushayotganini qanday izohlash mumkin?
Bu kabi xunuk holatlar, ming afsuski, ota-bobolarimiz qadrlagan urf-odatlarimiz yuziga oyoq bosib, ma’naviyatimizga putur etkazmoqda. Shunday ekan, bebaho madaniyatimizga amal qilmasak ham, ularni oz bo‘lsa-da hurmat qilaylik.
Shuhrat G‘OYIMOV, Toshkent shahridagi «Hasanboy» jome masjidi imom-xatibi:— Moddiy farovonligimiz bizni ma’naviy tubanlikka eltmasligi zarur. Afsuski, bugun jamiyatda katta muammo tusini olayotgan ayrim «urf-odatlar» ayni o‘sha moddiy farovonligimiz orqasidan kelib chiqyapti. Bu ma’naviy zaxiramizdan ko‘ra cho‘ntagimiz oldinroq to‘lganidan darak beradi.
Bugun aytilayotgan gaplarning ta’siri ancha kamaygan. Odamlarga bir narsani so‘zlagandan shaxsiy o‘rnak ko‘rsatib etkazgan ko‘proq samara beradi. Asli shu dabdabani kim qilyapti? Albatta, o‘zimiz! Ortiqcha isrofgarchiliklarni unday qilib yo‘qotish kerak, bunday qilib oldini olish kerak, deb soatlab va’z o‘qish o‘rniga, islohni o‘zimizdan, o‘z oilamizdan boshlasak, ayni muddao bo‘lardi. Ahamiyat bersangiz, to‘y dasturxonlarimiz qanchalik to‘kis bo‘lsa, baraka shunchalik kamayib ketadi. Nega? Chunki ko‘ra-bila turib, behudaga isrofga yo‘l qo‘yilyapti. Har bir isrof esa katta gunohdir.
XULOSA O‘RNIDA…
Yoshi kattalardan so‘rasangiz, aksariyati turmush o‘rtog‘ini chimildiqda ko‘rgan. Shunday bo‘lishiga qaramay hayotning og‘ir damlarida bir-biriga elkadosh bo‘lib, baxtli yashab ketgan. Hozirgi yoshlarga bu gaplar xuddi ertakdek tuyuladi. Arzimagan sabablarni ro‘kach qilib, oila nomli muqaddas nomga dog‘ tushirayotganlar bu jihatlarga e’tibor qaratsa, foydadan xoli bo‘lmaydi.
Oxirgi paytlarda bunday kunlar inson hayotida bir marta bo‘ladi, deya kalta o‘ylab, qilingan dabdababozlikning oxiri voy bo‘layotganini ko‘p eshityapmiz. Ortiqcha sarf-xarajat, tanimagan-bilmagan odamlarni edirib-ichirib, kamiga sovg‘a-salomlar ulashishning kimga keragi bor? Dabdabaga sarflanadigan pullar, yaxshisi, biror savobli ishga sarflansa, qandoq yaxshi. O‘sha ota-ona va yoshlar shu haqda mulohaza yuritsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Qarz-havola evaziga ko‘z-ko‘zga qilingan to‘yning hosili esa faqat jabr. Axir xalqimizda «Etti o‘lchab bir kes», «Ko‘rpaga qarab oyoq uzat» degan maqollar bejizga aytilmagan.
G‘olib MIRZO
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi